O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotida yangi iqtisodiy kengash tuzishni taklif qildi
Mazkur tashabbus Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida yangi iqtisodiy mexanizm — Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengash tuzishni taklif qildi. Bu haqda u 2-aprel kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan TDT hukumat rahbarlari yig‘ilishda ma’lum qildi.
Mazkur tashabbus Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan. Yangi organni bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Taklif etilayotgan kengashning asosiy vazifasi a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish va hamkorlikni yanada jadallashtirishdan iborat. O‘zbekiston tomoni ushbu mexanizm yaqin vaqt ichida tasdiqlanishiga umid bildirmoqda.
Shu bilan birga, Aripov sanoat kooperatsiyasi va strategik zaxiralar sohasidagi hamkorlikni ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu yo‘nalishlar mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Bosh vazir, shuningdek, turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari ittifoqini tuzish jarayonini tezlashtirish zarurligini bildirdi.
«Sanoat kooperatsiyasini va strategik zaxiralar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish o‘zaro aloqalarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Shu munosabat bilan, turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari ittifoqini tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirish, jumladan, to‘liq siklli ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan strategik minerallar bo‘yicha hamkorlik dasturini qabul qilish zarur deb hisoblaymiz», — dedi Bosh vazir.





