O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda Prezident huzurida Xalq qabulxonasi tashkil etildi va murojaatlar vaqt rejimida nazorat qilinadi.

O‘zbekistonda aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirishga qaratilgan hujjat qabul qilindi. Prezidentning «Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1-maydan yangi tartiblar joriy etiladi.
Kiritilgan o‘zgartirishlar
Endi Prezident Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar vaqt rejimida nazorat qilinadi. Agar murojaat belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik tarzda yuqori turuvchi davlat organiga yuboriladi. Bu esa ijro intizomini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, murojaatlar mazmuniga ko‘ra «shoshilinch», «odatiy» va «maslahat talab qiluvchi» toifalarga ajratiladi. Nazoratga qaytarilgan murojaatlar esa 3 ish kuni ichida yuqori organlar tomonidan qayta o‘rganiladi.
Farmonga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha hisobotlari parlament palatalarida, hokimlar va hududiy rahbarlar hisobotlari esa mahalliy kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitiladi. Bu tizim rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, davlat organlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda murojaatlar holatini yoritib boradi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozlar ham tahlil qilinib, bu ko‘rsatkichlar tashkilotlar faoliyati samaradorligini baholashda hisobga olinadi.





