Import keskin oshmoqda: go‘sht yanada qimmatlaydimi?
Yil boshidan beri O‘zbekistonga xorijdan 320,6 mln dollarlik go‘sht olib kelindi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 62,8 foizga ko‘proq. Ichki ishlab chiqarish sekinlashayotgani fonida O‘zbekiston tobora qimmatroq xorijiy go‘shtga tayanmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekiston 2026 yilning yanvar-aprel oylarida 320,6 mln dollarlik go‘sht mahsulotlari importini amalga oshirdi. Bu haqda Vaqt.uz'ga Bojxona qo‘mitasi hisobotidan ma’lum bo‘ldi. Import qiymati 2025 yilning mos davriga nisbatan 62,8 foizga ko‘paygan. Bunda xorijdan olib kelingan go‘sht mahsulotlarining miqdori 36,6 foizga ko‘payib, 98 ming tonnaga yetdi.

Manba: Bojxona qo‘mitasi
Eng ko‘p import qilingan go‘sht mahsulotlari orasida qoramol go‘shti yetakchi bo‘lib turibdi — 49,85 ming tonna. Keyingi o‘rinda 22,7 ming tonna bilan tovuq go‘shti bormoqda.
Qo‘y go‘shti 3 barobar qimmatroq
Global notinchlik, logistika sharoitlari murakkablashishi va inflatsiya hisobiga O‘zbekiston go‘sht mahsulotlarini 2025 yilga nisbatan ancha qimmatroq xarid qilmoqda. Mol go‘shti xorijdan 2025 yilda 4,07 dollardan olib kelingan bo‘lsa, 2026 yilda 4,8 dollardan import qilingan.
Qo‘y go‘shtining import narxi esa solishtirilayotgan davrda 1,03 dollardan 2,87 dollargacha qimmatladi. Import miqdori bo‘yicha qoramol go‘shtidan keyingi o‘rinda turuvchi tovuq go‘shtining import narxi 1,22 dollardan 1,2 dollarga pasaydi.
Go‘sht yetishtirish sur’ati ham sekinlashmoqda
O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida 580,2 ming tonna go‘sh yetishtirildi. Bunda o‘sish ko‘rsatkichi 2,9 foizni tashkil qildi. Yilning dastlabki choragida go‘sht ishlab chiqarishda 3 foizdan pastroq o‘sish 2022 yildan beri kuzatilmagandi.

Natijada mamlakat go‘shtga bo‘lgan talabni qondirish uchun qimmatroqqa tushayotgan importga tayanishiga to‘g‘ri kelmoqda. Go‘sht ishlab chiqarish sur’ati sekinlashishi chorva mollari uchun yem narxi oshgani bilan izohlanadi. Shu sabab bilan 2026 yilda aynan dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida go‘sht yetishtirish kamaygan.
Bozorda narxlar qanday?
Markaziy bank ma’lum qilishicha, 2025 yil davomida mol go‘shti 23,9 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, qo‘y go‘shti 26,9 foizga qimmatlagan. Mart oyiga kelib esa yillik o‘sish mol go‘shtida 15,1 foizni, suyaksiz mol go‘shtida 15,5 foizni, qo‘y go‘shtida 18,2 foizni tashkil qildi.
Biroq, go‘sht narxi bozorlarda 200 ming so‘mgacha, supermarketlarda esa 259 minggacha qimmatlagani ma’lum bo‘lgandi. Aprel oyida esa go‘sht narxi eng ko‘p qimmatlagan mahsulotlar qatoridan joy oldi. Oy davomida qo‘y go‘sht narxi 3,7 foizga, mol go‘shti 3,2 foizga qimmatladi.
Endi nima bo‘ladi?
Go‘shtga bo‘lgan talabni import orqali qondirilayotgani o‘zbekistonliklar uchun go‘sht narxini yanada qimmatroq qilishi mumkin. Bunga sabab import qilinayotgan go‘sht narxi ham oshib bormoqda: mamlakat aprel oyida go‘shtni yil boshiga nisbatan qimmatroq import qilgan.
Ichki ishlab chiqarishning sekinlashuvi va global bozordagi narxlar bosimi O‘zbekistonni tobora qimmatroq importga bog‘lab qo‘ymoqda. Bu esa yaqin oylar ichida go‘sht narxlarining barqarorlashishini emas, balki yanada oshishini ehtimoldan xoli qilmaydi.





