O‘zbekistonda «propiska» tartibi yangilandi

Bugun 12:402 daqiqa

O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi yangilandi, endilikda jarayon raqamli identifikatsiya orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda «propiska» tartibi yangilandi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibi yangilandi. Bu haqda hukumatning 2026 yil 5-maydagi qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fuqaro va uy-joy mulkdorining ishtirok etishi shart hisoblanadi. Ularning roziligi Face-ID yoki Mobile-ID tizimlari orqali raqamli tarzda tasdiqlanadi. Bu esa inson omilini qisqartirish va jarayon shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.

Nizomga muvofiq, ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari mazkur sohada vakolatli organ sifatida belgilandi. Fuqarolar ro‘yxatdan o‘tish uchun ushbu organlarga, davlat xizmatlari markazlariga yoki «Aqlli migratsiya» shoxobchalariga murojaat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, fuqarolarga onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyati ham yaratildi. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda «E-xabar berish» tizimi orqali masofadan turib ariza yuborish mumkin.

Yangi qoidalarga ko‘ra, bir nechta uy-joyga ega bo‘lgan mulkdor faqat bitta manzilda doimiy ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Voyaga yetmagan fuqarolar esa ota-onasi yoki vasiysi ro‘yxatda turgan manzil bo‘yicha avtomatik tarzda ro‘yxatga olinadi.

Shuningdek, fuqaro yangi manzilga ko‘chib kelganidan so‘ng 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Uy-joy mulkdori esa bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi lozim.

Hujjatda alohida ta’kidlanishicha, fuqaroni muayyan manzilga ro‘yxatga qo‘yish unga ushbu uy-joyga nisbatan mulk huquqini bermaydi. Bundan tashqari, ayrim hududlarda — chegara zonalari, yopiq harbiy shaharchalar va favqulodda holat joriy etilgan hududlarda fuqarolarning erkin harakatlanishi cheklanishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid