Toshkent avtobuslarida konditsionerlar qachondan yoqilishi ma’lum qilindi
Yo‘lovchilarga qulay va sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatish maqsadida konditsioner tizimi nosoz bo‘lgan avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqarmaslik choralari ko‘riladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaToshkent avtobuslaridagi konditsionerlar 7-maydan boshlab bosqichma-bosqich ishlay boshlaydi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Konditsionerlar ustidan shikoyatlar
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda avtobuslarda konditsionerlar ishlamayotgani bo‘yicha yo‘lovchilar e’tirozlari ko‘paygan edi. Shu munosabat bilan Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi barcha tashuvchilarga maxsus ko‘rsatma yuborgan.
Unga ko‘ra, tashqi havo harorati +28 darajadan yuqori bo‘lgan holatlarda avtobuslardagi sovitish tizimlari uzluksiz ishlashi shartligi ta’kidlangan. Ko‘rsatma 2026 yil 30-apreldagi 1/Ye-410-sonli xat asosida yuborilgan.
«Toshshahartransxizmat» AJ bayonotida quyidagilar va’da qilingan:
konditsioneri nosoz avtobuslar yo‘nalishga chiqarilmaydi;
texnik nosozliklar qisqa muddatda bartaraf etiladi;
barcha haydovchilar bilan konditsionerlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha navbatdan tashqari yo‘riqnomalar o‘tkaziladi.
«Yo‘lovchilar tomonidan bildirilayotgan har bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi va keskin choralar ko‘riladi. Vaqtinchalik yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz!» – deyiladi kompaniya axborotida.
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, 6–7-may kunlari Toshkentda havo harorati +30...+32 daraja atrofida saqlanadi. 8-may kuni esa havo +34...+36 darajagacha isishi kutilmoqda.





