O‘zbekistondagi top blogerlar to‘lagan soliq miqdori ma’lum qilindi

Bugun 09:122 daqiqa

O‘zbekistonda 2025 yilda eng mashhur blogerlardan olti nafari 2,7 milliard so‘m daromad topgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistondagi top blogerlar to‘lagan soliq miqdori ma’lum qilindi © Soliq qo'mitasi

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 milliondan ortiq obunachiga ega olti nafar top bloger 2025 yil davomida jami 2,7 milliard so‘m daromad topgan. Ular tomonidan davlat budjetiga 110,4 million so‘m soliq to‘langan.

Ma’lumotlar Soliq qo‘mitasida blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv davomida ochiqlangan. Qo‘mita blogerlik sohasini tahlil qilish doirasida eng faol 110 nafar kontent yaratuvchini o‘rgangan.

Tahlillarga ko‘ra, ushbu blogerlarning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Qolgan 22 nafari esa jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda.

Soliq qo‘mitasi ayrim blogerlarning real faoliyat ko‘lami bilan ularning huquqiy maqomi o‘rtasida nomutanosiblik mavjudligini qayd etdi. Xususan, katta daromad va keng auditoriyaga ega blogerlar hamon soddalashtirilgan faoliyat shakllaridan foydalanayotgani ta’kidlangan.

Alohida o‘rganilgan blogerlar faoliyati

Alohida o‘rganilgan olti nafar bloger 2025 yil mobaynida 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgan. Elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllangan rasmiy hisobotlarda ularning umumiy daromadi 2,7 milliard so‘m ekani ko‘rsatilgan.

Uchrashuv davomida blogerlarga reklama daromadlarini soliqqa tortish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar xodim yollash huquqiga ega emasligi, ammo amalda ayrim blogerlar administrator va yordamchilarni jalb qilayotgani qayd etildi.

O‘zbekistonda nechta bloger soliq to‘lagan?

O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq bloger faoliyati aniqlangan. Soliq qo‘mitasi 110 nafar bloger faoliyatini o‘rganib chiqqan, shundan 88 nafari ro‘yxatdan o‘tgan va 22 nafari jismoniy shaxs sifatida ishlamoqda. Elektron hisob-fakturalar tahlil qilinganda, 110 nafar blogerdan 66 nafari soliq to‘lagani aniqlangan. Daromadiga nisbatan to‘langan soliqlar juda kam miqdorni tashkil qilishi qayd etilgan.

photo_2026-05-07_08-54-51

Foto: Soliq qo‘mitasi

Shu sababli, blogerlar joylashtirayotgan reklama va boshqa onlayn reklamalarni markirovkalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, har bir reklama uchun alohida kod biriktiriladi.

Soliq qo‘mitasi Budjet daromadlarini prognozlashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Hamdambek Bobojonov yagona soliq hisob varag‘i joriy etish bo‘yicha Rossiya tajribasi o‘rganilganini bildirdi.

Rossiyada bu tizim qanday ishlaydi o‘zi?

Rossiyada blogerlar daromad topadigan faoliyat bilan shug‘ullansa, uni majburiy ravishda deklaratsiya qilishi va soliq to‘lashi shart. Daromadni yashirish esa hatto jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, blogerlar bir nechta shaklda faoliyat yuritishi mumkin: jismoniy shaxs, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida. Agar blogni mualliflar guruhi yuritsa va daromad hamda xarajatlarni alohida hisobga olish talab etilsa, u holda mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) tashkil etish maqbul yechim hisoblanadi.

2025 yil 1-maydan boshlab iqtisodiy faoliyat turlari umumrossiya klassifikatori ga blogerlar faoliyati uchun alohida kodlar kiritiladi.

Teglar

Mavzuga oid