Logo

Poytaxtda tungi avtobuslar qachon ishga tushiriladi? Hokimlik izohi

2025 yil yakunigacha Toshkentda tungi avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilib, loyihaga 33 mlrd so‘mlik budjet tasdiqlangan edi. Biroq yangi qatnovlar 2026 yilga kelib ham joriy qilinganicha yo‘q. Vaqt.uz loyiha nega hanuz ishga tushmaganiga aniqlik kiritish maqsadida mas’ul idoralar bilan bog‘lanib, vaziyatni o‘rgandi.

Toshkentda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib ulgurdi. Xususan, o‘tgan yilda jami 26 ta ko‘cha tun-u kun faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, 2026 yilda 18 ta yangi gastronomik ko‘chalar tashkil qilinishi va 500 ta yangi obyektni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Biroq yarim tunda poytaxtdagi jamoat transportlari – metro va avtobus qatnovlari butunlay to‘xtaydi. Aholi bunday vaqtlarda taksi xizmatlaridan foydalanishga majbur.

Bu muammoni hal etish uchun 2025 yil oxirigacha tungi avtobuslar tarmog‘ini ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Ammo oradan yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da, loyiha hanuz amaliyotga joriy qilinmoqda. Xo‘sh, bunga nimalar to‘sqinlik qilmoqda?

Tungi avtobus qatnovlarini joriy qilish haqidagi takliflar

Aslida, poytaxtni 24 soatlik transport rejimiga o‘tkazish g‘oyasi kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Prezidentning 2022 yildagi 232-sonli qarori bilan ichki turizmni diversifikatsiya qilish vazifasi belgilangan edi. Ushbu hujjatga tayanib, 2024 yilning noyabrida Strategik islohotlar agentligi tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun jamoat transportini tun-u kun ishlatish taklifini ishlab chiqqan.

Tungi avtobuslar haqidagi loyiha ma’qullandi

2025 yilning avgustiga kelib esa loyiha Toshkent shahri transport boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olloyor Norbo‘tayev tomonidan Xalq deputatlari shahar kengashiga taqdim qilindi.

Taklif qilingan rejaga ko‘ra, poytaxtda 22:00 dan 06:00 gacha harakatlanadigan 15 ta yo‘nalish ishga tushirilishi uchun 33,3 mlrd so‘mlik budjet hisoblangan.

Olloyor Norbo‘tayevning o‘sha vaqtda birinchi bosqichda 8 ta yo‘nalishdagi qizil avtobuslar qatnovi jami 136 km yo‘lni qamrab olishini ma’lum qilgandi. Bu yo‘nalishlarda oraliq intervali 30 minut bo‘lgan 31 ta avtobus harakati yo‘lga qo‘yilib, 19,1 mlrd so‘m mablag‘ talab etilardi. Yo‘nalishlar quyidagicha:

  • T1: Qo‘yliq dehqon bozori — Husayn Boyqaro ko‘chasi;

  • T2: Qipchoq ko‘chasi — O‘zgarish metrosi;

  • T3: Chilonzor buyum bozori — Gulxaniy ko‘chasi;

  • T4: Mahalliy aeroport (Terminal 3) — Chorsu savdo markazi;

  • T5: Shifobaxsh suvlar ko‘chasi — Chorsu ASHB;

  • T6: Yunusobod mavzesi 6-daha — Yunusobod mavzesi 17-daha;

  • T8: Toshkent vokzali ASHB — Shofayz mahallasi.

1

Ikkinchi bosqichda esa 7 ta yo‘nalish bo‘lib, umumiy 98 kilometrlik yo‘ldan o‘tadi. 23 ta avtobus jalb etiladigan bu bosqich uchun 14,2 mlrd so‘m sarflanishi reja qilingan. Yo‘nalishlar:

  • T9: G‘ishtko‘prik chegara posti — Amir Temur xiyoboni;

  • T10: TTZ ASHB — Amir Temur xiyoboni

  • T11: Food city majmuasi — Amir Temur xiyoboni;

  • T12: Qipchoq metro bekati — Amir Temur xiyoboni;

  • T13: Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi;

  • T14: Nazarbek mahallasi — Chorsu ASHB;

  • T15: Keles shaharchasi — Chorsu ASHB.

2

Barcha takliflar Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashida ma’qullanib, yo‘lkira haqi poytaxtning jamoat transportlari yo‘nalishlari bilan bir qiymatda belgilanishi qayd etilgan.

Loyiha gastronomik ko‘chalar bitgach ko‘rib chiqiladi — hokimlik

Biroq, loyihaning birinchi bosqichi joriy qilinishi rejalashtirilgan muddatdan yarim yil o‘tib ham tungi avtobuslar qatnovi joriy qilinmadi.

Vaqt.uz tanishgan Xalq deputatlari qarorida qayd etilishicha, qaror ijrosini ta’minlashni nazorat qilish Toshkent shahar Kengashining Qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlariga yuklatilgan.

Shu sababli Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova bilan suhbatlashdik.

Uning tahririyatga ma’lum qilishicha, poytaxtning sayyohlik va gastronomik ko‘chalari o‘rtasida tungi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalasi haligacha ishlab chiqilmoqda.

«Ushbu tashabbusni amalga oshirish shahar barcha tumanlarida gastronomik ko‘chalarni yaratish ishlari yakunlangach ko‘rib chiqiladi. Bu eng maqbul yo‘nalish tarmog‘ini, yo‘lovchi oqimini, harakat oraliqlarini va xizmat ko‘rsatishning iqtisodiy modelini belgilab olish uchun zarur», – dedi Qosimova.

Shuningdek, ayni paytda mas’ul tashkilotlar tashuvlarni tashkil etishning mumkin bo‘lgan shakllarini, jumladan, brutto-shartnoma yoki boshqa mexanizmlarni o‘rganmoqda.

Shartnoma modeli qo‘llanilgan taqdirda, moliyalashtirish hajmini, tashuvchilar xizmatlari uchun haq to‘lash tartibini va tegishli shartnoma shartlarini aniqlash kerak bo‘ladi. Muqobil shakl tanlansa, ekspluatatsion xarajatlarni qoplash manbalarini alohida ishlab chiqish talab etiladi. Masalaning bu qismi esa Transport vazirligiga tegishli.

«Hozirgi bosqichda masala muhokama qilinmoqda. Turli variantlar, ularning afzalliklari, xatarlari va moliyaviy-tashkiliy oqibatlari ko‘rib chiqilmoqda. Yakuniy qaror kompleks baholashdan so‘ng va mas’ul idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilinadi», – deya holatni izohladi hokimlik matbuot kotibi.

Loyihani Xalq deputatlari kengashiga taqdim qilgan Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olloyor Norbo‘tayev lavozimidan ketgani va hozir boshqa tashkilotda faoliyat yuritayotgani sababli undan qo‘shimcha ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Tungi qatnovlarni joriy qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Tungi qatnovlarni joriy qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Urbanist Husan Mukimovning ma’lum qilishicha, asosiy masala xavfsizlik yoki logistikadan ham ko‘ra, tizimni to‘g‘ri tashkil etish va moliyalashtirishga borib taqaladi.

Boshlanishiga yo‘lovchilar soni kam bo‘lishi tabiiy, ammo qatnovlar haqida aholiga ma’lumot berish, loyihani targ‘ib qilish orqali uni ommalashtirish mumkin.

«Albatta, loyihaning ishga tushirilishi, yo‘lovchilarni qatnovlardan foydalanishga o‘rgatish yetarlicha katta sarf-xarajatni talab qiladi. Buning uchun esa jarayonni vaqtincha kam sonli marshrutlardan boshlash, keyin esa talab va statistikaga qarab bosqichma-bosqich rivojlantirish kerak», — deydi u.

Ekspert, shuningdek, rejalashtirilgan 15 ta yo‘nalish va 54 ta avtobus butun Toshkent ehtiyojini qoplamasligini, ammo loyiha uchun birinchi bosqich uchun yetarli ekanini ta’kidladi.

«15 ta yo‘nalish hamma joyni qamrab olmaydi. Lekin yo‘qdan ko‘ra bor. Eng muhimi — boshlash kerak. Ishga tushirilgandan keyin ma’lumotlar yig‘iladi, tahlil qilinadi va yo‘nalishlarni o‘zgartirish yoki kengaytirish mumkin bo‘ladi».

Birinchi navbatda, yo‘nalishlar aeroport, vokzallar, gastronomik ko‘chalar va shaharning asosiy transport nuqtalarini bog‘lashi lozim.

«Odamlar konsertga, teatrga, kafega boradi, madaniy hordiq chiqaradi. Bunday hayot tarzini qo‘llab-quvvatlash uchun transport kerak. Bu o‘z-o‘zidan shaharning tungi iqtisodiyoti rivojlanishiga ta’sir qiladi», — deydi Mukimov.

Bundan tashqari, poytaxtda ko‘pchilik tungi vaqtlarda jamoat transportlaridan ko‘ra, taksi “chaqirishni” afzal ko‘radi, bu O‘zbekistonda taksi xizmatlari nisbatan arzonligi bilan bog‘liq.

Ammo ekspert fikricha, kelgusida holat bunday bo‘lmasligi mumkin.

«Masalan, Rossiyada gaz, benzin kabi avtomobil uchun zarur bo‘lgan yonilg‘ilar inqirozi mavjud. Geosiyosiy urushlar oqibatida eksport-import jarayonlari to‘xtatilib, narxlar rekord darajada qimmalashiga ham guvoh bo‘lyapmiz», – deya so‘zida davom etadi ekspert:

«Gaz, benzinning qimmatlashuvi taksi xizmatlari narxiga ham ta’sir qiladi, albatta. Shuning uchun, jamoat transportlari, ayniqsa, tungi avtobus qatnovlariga ehtiyoj hozircha sezilmasa ham, uzoq muddatli davrda talab oshadi, deb o‘ylayman».

Birinchi navbatda, yo‘nalishlar aeroport, vokzallar, gastronomik ko‘chalar va shaharning asosiy transport nuqtalarini bog‘lasin.

«Agar gastronomik ko‘chalar tashkil qilinayotgan bo‘lsa, odamlar u yerdan kech qaytishini ham o‘ylash kerak. Shu hududlardan o‘tadigan asosiy tungi marshrutlarni yaratish zarur», — deydi Mukimov.

Metropoliten faoliyati ham uzaytirilishi kerakmi?

Mukimovning fikricha, metro faoliyat vaqtini, ayniqsa dam olish kunlari uzaytirish ham samarali yechimlardan biri bo‘lishi mumkin.

Misol sifatida Germaniyaning Myunxen shahri tajribasini olaylik.

«Myunxenda oxirgi yillarda juma, shanba va yakshanba kunlari avtobuslar, metro va tramvaylar tun bo‘yi ishlaydigan tizim yo‘lga qo‘yildi. Faqat qatnov oralig‘i uzayadi. Tungi yo‘nalishlar odatda “N” (inglizcha — night yoki nemischa — Nacht) belgisi bilan ajratiladi», — deydi urbanist.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ham Toshkentda metro ish vaqtini soat 01:00 gacha uzaytirish taklifi bilan chiqqandi. Xususan, Sergeli, Uchtepa, Bektemir kabi tumanlarni markaz bilan bog‘lovchi maxsus tungi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish tavsiya etilgan.

Institut tahliliga ko‘ra, poytaxtda tungi faollikning asosiy qismi gastronomik maskanlar hissasiga to‘g‘ri keladi: kafelar (20,6 foiz), restoranlar (17,3 foiz) va fastfud shoxobchalari (14,6 foiz).

Biroq shahardagi 164 ta avtobus yo‘nalishining 108 tasi soat 23:00 gacha ishlaydi, metropoliten esa soat 00:00 da o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu tungi ishchilar va iste’molchilar uchun arzon transport imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.

Maftuna Yaxshilikova tayyorladi

Teglar

null null

MaftunaMaqolalar soni: 53

Barchasi

Mavzuga oid

Poytaxtda tungi avtobuslar qachon ishga tushiriladi? Hokimlik izohi | Vaqt.uz