Logo

Endi telefon raqami orqali pul o‘tkazish mumkin

Bugun 12:002 daqiqa

Markaziy bank telefon raqami orqali pul o‘tkazish qoidalarini tasdiqladi.

Endi telefon raqami orqali pul o‘tkazish mumkin © vaqt.uz

Markaziy bank Tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida telefon raqami yordamida pul o‘tkazish qoidalarini tasdiqladi. Hujjat Adliya vazirligida 24-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, «Lex.uz»da e’lon qilindi.

Yangi tartib bir bank hisobvarag‘idan boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini, ya’ni Account-to-Account yoki A2A operatsiyalarini tartibga soladi. Bunda hisobvaraq egasining bank hisobvarag‘iga bog‘langan mobil telefon raqamidan foydalaniladi.

Qoidalarga ko‘ra, har bir bank hisobvarag‘iga bitta telefon raqami bog‘lanadi. Telefon raqamiga maxsus bog‘lash kodi biriktirilib, u foydalanuvchini bevosita yoki unga bog‘langan raqam orqali aniqlash uchun xizmat qiladi.

Raqam qanday bog‘lanadi?

Hisobvaraqni telefon raqamiga bog‘lash uchun ariza bankning mobil ilovasi orqali beriladi. Bog‘lash jarayoni muvaffaqiyatli yakunlangach, Bank omonatchilarining Milliy ma’lumotlar bazasi so‘rov yuborgan bankka va foydalanuvchiga maxsus bog‘lash kodini taqdim etadi.

Foydalanuvchi ushbu kodni tasdiqlaganidan keyin telefon raqami bank hisobvarag‘iga bog‘langan deb hisoblanadi. Bog‘langan raqamlar haqidagi ma’lumotlar Bank omonatchilarining Milliy ma’lumotlar bazasida yuritiladi.

Foydalanuvchi xohlagan vaqtda telefon raqamini mobil ilova yoki bank ofisi orqali hisobvaraqdan uzishi mumkin. Ayrim holatlarda bankning o‘zi ham bog‘lanishni bekor qilish huquqiga ega.

Jumladan, foydalanuvchi bank ilovasidagi hisobini o‘chirsa yoki terrorizmni hamda ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishda ayblanuvchilar reyestriga kiritilsa, bog‘lanish bekor qilinishi mumkin.

O‘tkazmalar 24 soat ishlaydi

Tezkor to‘lovlar tizimi orqali pul o‘tkazmalari mobil ilova yoki bank ofisida jo‘natuvchining to‘lov topshirig‘i asosida amalga oshiriladi. Xizmat sutka davomida, haftaning yetti kuni real vaqt rejimida ishlaydi.

Agar pul turli banklardagi hisobvaraqlar o‘rtasida o‘tkazilsa, operatsiya Tezkor to‘lovlar tizimi va kliring mexanizmi orqali amalga oshiriladi. Bir bank ichidagi hisobvaraqlar o‘rtasidagi operatsiyalar esa ichki to‘lov sifatida rasmiylashtiriladi.

Har ikki holatda ham o‘tkazma jo‘natuvchi va oluvchi banklarining yakuniy tasdig‘idan so‘ng bajariladi. Jo‘natuvchiga tranzaksiya vaqti, yagona raqami, tomonlarning ma’lumotlari, o‘tkazma summasi va komissiya miqdori ko‘rsatilgan tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi.

Yangi qoidalar rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 26-noyabrdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid