
Qish oldidan aholi yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxlaridan xavotirda
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi va tadbirkorlar orasida inflatsiya kutilmalari tarixiy minimumga yetdi. Biroq odamlar kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i va energiya narxlari, shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishidan xavotirda ekanligini bildirgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foizga pasayib, 11,7 foizga tashkil qilmoqda.
Tadbirkorlarning kutilmalari esa 0,6 foizga sekinlashib, 11,1 foizni ko‘rsatmoqda. O‘tgan oyda 11,7 foiz bo‘lgan edi. Har ikki ko‘rsatkichda ham raqamlar nuqtai nazaridan pasayish qayd etilgan, ammo ayrim sohalarda xavotirlar ortdi.
Eng qizig‘i, inflyatsion kutilmalarga oid so‘rovnomalar o‘tkazila boshlagan 2018 yildan beri o‘tgan davr uchun tarixiy minimumgacha pasaydi.

Aholi va tadbirkorlarning har ikkisi ham birdek kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishidan xavotirlanmoqda. Bu ko‘rsatkich esa oydan oyga oshib bormoqda. Sabab sifatida qish mavsumining yaqinlashayotgani va aholining bu mahsulotlarga talabi kun sayin ortib borayotganini aytishimiz mumkin. Negaki «har yil qishda shu bo‘lar takror» an’anasiga muvofiq holda, metandan to benzin, propan quyish shoxobchalarida «turnaqator navbat»lar boshlanadi.
Shuningdek, odamlarning gaz, elektr, issiq suv bilan bog‘liq ehtiyojlari ortib, «limit»dan chiqish holatlari ortadi. Natijada odamlar bu xizmatlar uchun ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Avvalroq, Vaqt.uz aholidan kommunal to‘lovlarga qancha pul sarflashi, qishda ehtiyojlari qanchalik oshishini o‘rgangan edi.
Ma’lumot uchun, kommunal xizmatlar va yoqilg‘i bilan bog‘liq narxlar ortishi bilan bog‘liq xavotirlar avgust oyidan buyon yetakchilikni qayd qilmoqda.
Odamlar orasida asosiy oziq-ovqat narxlari oshishiga nisbatan inflyatsion kutilmalar ham biroz oshgan. Xususan, so‘nggi ikki oydirki, oziq-ovqat inflyatsiyasi 0,9 foizdan pasaymagan. Mavsumiy meva-sabzavot mahsulotlarining qimmatlashishi qayd etilmoqda. Avvalroq, Vaqt.uz narxlari qimmatlagan 22 ta oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini ochiqlagan edi.
Odamlarning oziq-ovqat narxlari oshishi bo‘yicha xavotirlari o‘rinli. Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, sentabrda asosan insonlar kundalik hayotda foydalanadigan yog‘, suyakli va suyaksiz mol go‘shti, qo‘y go‘shti, sabzi, kartoshka, piyoz, karam kabilarda sezilarli qimmatlashuv qayd qilingan.

Tadbirkorlar orasida esa transport xarajatlari va xomashyo oshishiga oid kutilmalar ham sezilarli oshgan. Xususan, sentabr oyidan boshlab tadbirkorlarning xomashyo narxlari oshishi bo‘yicha xavotirlari kuchaymoqda. Ayni paytda, ish haqi va nafaqalar, dollar kursi oshishi, soliq yukining yuqoriligini ta’kidlaganlar ulushi kamaygan.
Bundan tashqari, oktabrdan boshlab Toshkent va atrof shaharlarda elektr poyezd yo‘l haqi oshirildi. Umuman respublika bo‘ylab transport xizmatlari 2,5 foizga qimmatlashdi: shahar avtobuslarida yo‘l haqi 1,7 foiz, shaharlararo avtobuslarda 1,1 foiz oshdi.
Har ikki guruhda ham 3 oydan buyon ijobiy natija ko‘rsatayotgan omil esa bu – valuta kursining o‘zgarishiga oid kutilmalar bo‘lmoqda. Endi odamlar ham, tadbirkorlar ham kurs barqarorligiga ishonchi masalasida «yashil hudud»ga kirgan. Ma’lumot uchun, 24-oktabr kuni bo‘lgan asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Temur Ishmetov so‘m dollarga nisbatan 6,4 foizga mustaxkamlanganini ma’lum qilgan edi.

Aholining yuqori inflyatsion kutilmalari maishiy xizmatlar sohasi vakillari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha nisbatan past kutilmalar pensionerlar tomonidan qayd etildi. Sentyabrda esa boshqacha manzara yuzaga kelgandi: aholi orasida yuqori inflyatsion kutilmalar pensiya yoshidagi fuqarolar tomonidan bildirilgan bo‘lsa, narxlar shakllanishi bo‘yicha nisbatan past kutilmalar qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari orasida kuzatilgan.
Tadbirkorlar orasida madaniyat va san’at sohasida faoliyat olib boruvchi tashkilotlar tomonidan qayd etilgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq xavotirlar nisbatan past bo‘lgan. Sentyabrda esa axborot texnologiyalari va OAV sohalari 13,3 foiz bilan yetakchilik qilgan edi.

Oktyabr oyida eng yuqori inflyatsion kutilmalar aholi orasida Toshkent shahrida 14,5 foiz bo‘lib, 2,1 foiz o‘sish qayd etilgan. Sentyabr oyida esa yetakchilik qilgan Sirdaryo viloyati, bu safargi ko‘rsatkichlarda 11 o‘ringa tushdi.
Nisbatan pastroq kutilmalar esa vodiy viloyatlariga, ya’ni Namangan, Andijon va Farg‘onaga to‘g‘ri kelmoqda. Markaziy bankning qayd etishicha, bu hududdagi bozor sharoitlari va xarajatlar tarkibidagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi. Bunga, shuningdek, aholining daromadlar darajasini qo‘shimcha qilish mumkin.

Tadbirkorlik sub’ektlarining yuqori inflyatsion kutilmalari Xorazm viloyatida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar tomonidan qayd etildi.
Solishtiradigan bo‘lsak, so‘nggi ikki oyda hududlar kesimidagi aholining inflyatsion kutilmalariga oid natijalar sezilarli tarzda o‘zgarmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirov ham avvalgi oydagidek sakrovchi xalinchak ko‘rsatkichlar davom etayotgani va bunga regulyator izoh berishi kerakligini yozmoqda.

Daromadlari 7 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllangan. Ayniqsa, 20–30 mln so‘m atrofida pul topuvchilar eng baland ko‘rsatkich – 19 foizni ko‘rsatmoqda.
Sezilgan inflatsiya
Oktyabr oyi yakunlariga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib, 12,4 foizni qayd etdi. Bundan yuqori ko‘rsatkichni Toshkent shahri qayd etgan bo‘lsa, nisbatan past sezilgan inflatsiya darajasi Xorazm viloyatida kuzatildi.
So‘rovnomaga ko‘ra, go‘sht va sut, benzin va yoqilg‘i, dorilar, meva-sabzavotlar, tuxum, qurilish mollari, tibbiy xizmatlar, non va un, ta’mirlash narxlari yuqori darajada o‘sganini qayd etganlar ulushi ortgan. Ma’lumot uchun, avvalroq oktabrda bozorlarda meva-sabzavotlarning qimmatlashgani haqda yozgan edik.
Markaziy bank xulosasiga ko‘ra, so‘rov natijalari aholining narxlar bo‘yicha kutilmalari asta-sekin pasayotayotganini ko‘rsatmoqda. Bu holat, bir tomondan, iqtisodiy ishonch ortib borayotganini, ikkinchi tomondan esa qaror va signallar ehtiyotkorlik bilan baholanayotganini anglatadi.
Teglar






