Banklarda mikroqarzlar foizi eng past darajada tushdi
Markaziy bank 2026-yil 27-aprel holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bank 2026-yil 27-aprel holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilayotgan mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha yangi foiz stavkalarini e’lon qildi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 22,6 foizni, mikroqarzlar bo‘yicha esa 28,7 foizni tashkil etgan.
Mikrokreditlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich Markaziy bank mikroqarz va avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qilishni boshlaganidan beri kuzatilgan eng past daraja bo‘ldi. Oxirgi marta eng past daraja 2026-yil 24-mart holatiga ko‘ra, 28,8 foiz darajasida qayd etilgan edi.
Mikrokreditlar
Mikrokreditlar segmentida eng past stavka 23,3 foiz bilan «Aloqabank»da qayd etildi. Undan keyin «Milliy bank» 24,1 foiz va «Infinbank» 24,3 foiz bilan nisbatan maqbul shartlarni taklif qilmoqda. Shuningdek, «Trastbank» (24,8 foiz) va «BRB» (25,0 foiz) ham past segmentdan joy olgan.
O‘rta segmentda stavkalar asosan 25–27 foiz oralig‘ida shakllangan. Jumladan, «Turonbank» 25,7 foiz, «OFB» 25,9 foiz, «Asakabank» va «Mikrokreditbank» 26,5 foizdan, «Agrobank» 26,7 foiz va «Xalq banki» 26,8 foiz stavka bilan kredit ajratmoqda. «SQB» (27,1 foiz) va «Asia Alliance bank» (27,6 foiz) ham shu guruhga kiradi.
Yuqori segmentda esa farq ancha katta. «Apex bank»da 29,9 foiz, «Garant bank»da 30,1 foiz, «Universal bank»da 30,5 foiz kuzatildi. Eng yuqori stavkalar «TBC bank» (37,9 foiz), «Uzum bank» (38,0 foiz), «Anor bank» (39,7 foiz), «AVO bank» (39,9 foiz) va «Tenge bank»da (42,6 foiz) qayd etildi.

Avtokreditlar
Avtokreditlar bozorida eng past stavka 18,5 foiz bilan «Infinbank»da kuzatildi. Shuningdek, «BRB» 18,8 foiz, «Apex bank» 19,7 foiz va «Garant bank» hamda «Davr bank» 20,1 foiz stavka bilan nisbatan arzon kredit taklif qilmoqda. «Ipoteka bank» 21,4 foiz va «SQB» 21,6 foiz bilan past segmentda joy olgan.
O‘rta segmentda stavkalar 22–24 foiz oralig‘ida shakllangan. Xususan, «Aloqabank» 22,0 foiz, «Asia Alliance bank» 22,1 foiz va «OFB» 22,9 foiz stavka bilan kredit ajratmoqda. Shuningdek, «Xalq banki» (23,3 foiz), «Milliy bank» va «Ipak Yo‘li bank» (23,5 foiz) takliflari ham shu diapazonda.
Yuqori segmentda esa stavkalar 24 foizdan yuqori. «Trastbank» 24,4 foiz, «Mikrokreditbank» 24,5 foiz, «Agrobank» 24,6 foiz va «Asakabank» 24,7 foiz stavka bilan kredit taqdim etmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkich «Madad Invest bank»da — 27,9 foiz.





