Qamchibek Tashiyevga jinoyat ishi doirasida ikki modda bo‘yicha ayblov qo‘yildi

Bugun 10:252 daqiqa

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisiga nisbatan ikkita modda bo‘yicha ayblov qo‘yildi va mamlakatni tark etish taqiqlandi.

Qamchibek Tashiyevga jinoyat ishi doirasida ikki modda bo‘yicha ayblov qo‘yildi © kloop.kg

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ)ning sobiq raisi Qamchibek Tashiyevga nisbatan jinoiy ish doirasida ikki modda bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Bu haqda uning advokati Ikromidin Aytqulov 24.kg nashriga ma’lum qildi.

Ayblovlar

Tergov organlari uni «Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash yoki ushlab turish, shuningdek, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar» hamda «Mansab vakolatini suiiste’mol qilish» moddalari bilan ayblamoqda.

Tergov jarayonida sobiq amaldorga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida mamlakatdan chiqmaslik haqida tilxat olingan. Advokatning ta’kidlashicha, Tashiyev o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmayapti.

Sobiq MXDQ raisi so‘roqdan so‘ng kech soat 23:00 atrofida Ichki ishlar vazirligi binosini tark etgan. Hozircha unga nisbatan qo‘shimcha cheklov choralari joriy etilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Mazkur ish doirasida Qirg‘izistonning sobiq bosh prokurori Kurmankul Zulushev va parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomi ham tilga olingan. Biroq ularning huquqiy maqomi hozircha aniq emas.

Shuningdek, Qamchibek Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinishda ham ayblangan edi.

MXDQdagi «tozalash» va yangi tayinlovlar

Qamchibek Tashiyev 10-fevral kuni vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, uning uch nafar o‘rinbosari — Kurvanbek Avazov, Daniel Risaliyev va Elizar Smanov ham ishdan olindi.

Prezident Sadir Japarov voqealar fonida bergan intervyusida Tashiyev tayinlagan vazirlar va uning yaqinlarini ishdan bo‘shatish boshlagani, ba’zilari esa o‘z xohishiga ko‘ra ketayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

«Hammaga xotirjam ishlashni aytdim. O‘z xohishi bilan ketayotganlar — marhamat. Barcha vazirliklarni o‘g‘rilik fakti bo‘yicha tekshiryapmiz, topilsa, jazoga tortiladi. Men har doim vazirlarni qarindoshlar va do‘stlarni ishga olmang, deb ogohlantirganman. Yaqinlarimdan hech biri yuqori davlat lavozimini egallamagan», – dedi u.

Japarov davlat boshqaruvi kuch bilan emas, aql bilan amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatda davlat tuzilmalari faoliyati shaxsan nazorat qilinadi va yuzaga kelayotgan muammolarga tezkor chora ko‘rilmoqda. Prezident barcha islohotlar qonun doirasida amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar asossiz bo‘lib, mamlakatda barqarorlik saqlanmoqda.

15-aprel kuni Kamchibek Tashiyev futbol ittifoqi rahbari lavozimidan ketishini ham ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid