Qozog‘iston tengesi kutilmagan «xavfsiz panohgoh»ga aylandi

Kecha 21:405 daqiqa

O‘zbek so‘mi ham «hozirgi noaniq bozor sharoitida kapitalni saqlash uchun jozibador valuta» deb baholangan, biroq Qozog‘iston valutasi kursi hozircha ancha yuqori ekanini ham qayd etilgan.

Qozog‘iston tengesi kutilmagan «xavfsiz panohgoh»ga aylandi

Yaqin Sharqda urush boshlanishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan «Brent» markali neft narxi taxminan 75 dollardan cho‘qqisida qariyb 120 dollargacha ko‘tarilib, keyin yana 100 dollardan pastga tushdi. Bozorlardagi vaziyat ham hozircha juda beqaror bo‘lib qolmoqda. Shu sharoitda «Deutsche Bank» 20-mart kuni tengeni kapitalni saqlash uchun jozibador valuta deb atadi.

Erondagi urush Qozog‘iston milliy valutasiga qanday ta’sir qilmoqda va kelgusida tenge kursi qanday bo‘ladi?

«Tinch panohgoh»

«Deutsche Bank» 20-mart kuni tayyorlagan tahliliy yozuvida Erondagi urush tufayli bozorlardagi beqarorlik sharoitida O‘zbekiston va Qozog‘istonni «kutilmagan xavfsiz panohgohlar»dan biri deb atadi. Bank tahlilchilari o‘zbek so‘mi va qozoq tengesini «hozirgi noaniq bozor sharoitida kapitalni saqlash uchun jozibador valutalar» deb baholagan, biroq Qozog‘iston valutasi kursi hozircha ancha yuqori baholanganini ham qayd etgan.

«Tenge ham, so‘m ham xorijiy investorlarga nisbatan kam bog‘liqlik va Qozog‘iston hamda O‘zbekistonning katta valuta zaxiralari tufayli bozordagi keskin o‘zgarishlar va kayfiyatlar ta’siriga kamroq duch keladi. Ularning kursi muvozanatli joriy hisob va yuqori foiz stavkalari (6 foizdan yuqori) bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda», – deya ta’kidlaydi «Deutsche Bank».

Shu bilan birga, bank tahlilchilariga ko‘ra, tenge rivojlanayotgan bozorlar valutalari orasida eng yaxshi dinamikani namoyon etgan. Yaqin Sharqdan neft va gaz ta’minotidagi uzilishlar hamda neft narxining o‘sishi Qozog‘istonning joriy hisobiga darhol ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb qo‘shimcha qiladi «Deutsche Bank».

Tenge kursiga nima ta’sir qiladi?

Yaqin Sharqda urush boshlanganidan beri Qozog‘iston valutasi «KASE» birjasida dollarga nisbatan qariyb 498 tengedan 481,9 tengegacha mustahkamlandi (27-fevraldan 20-martgacha).

Tarixan tenge kursi neft narxlariga kuchli bog‘liq – 2025-yilda neft va neft mahsulotlari sotuvi Qozog‘iston eksport daromadlarining qariyb yarmini ta’minlagan.

Iqtisodchi va «Finmentor» «Telegram»-kanali muallifi Arman Batayev bu ta’sir mexanizmini shunday tushuntiradi:

«Neft qimmat bo‘lganda, Qozog‘iston eksportdan ko‘proq dollar tushumi oladi va uning bir qismi ichki bozorda sotilib, tengeni qo‘llab-quvvatlaydi».

Biroq uning ta’kidlashicha, hozir kursga boshqa omillar ham tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, budjet qoidasi muhim rol o‘ynaydi – u neft uchun 41,4 dollarlik «kesish narxi»ga asoslanadi. Agar neft narxi bu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lsa, ortiqcha daromadlar Milliy jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Qozog‘iston Milliy banki har oy valuta bozorida faol ishtirok etadi – u budjetga transfertlar uchun Milliy jamg‘arma mablag‘laridan dollar sotadi. Regulyator shu bilan birga oltin qazib oluvchilardan oltin xarid qiladi va bu operatsiyalarni «oyna» tarzida qaytarib, valuta bozorida dollar sotadi. Masalan, fevral oyida Milliy jamg‘arma hisobidan 400 mln dollar (umumiy savdolarning 6 foizi) sotilgan, shuningdek, oltin xaridlari bo‘yicha 350 mlrd tenge ekvivalentida valuta operatsiyalari amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, eksportchilar uchun valuta tushumlarining bir qismini majburiy sotish talabi mavjud – o‘tgan oyda bu manba orqali 284 mln dollar tushgan.

Mart oyidagi operatsiyalar (ya’ni Erondagi urushdan keyingi davr) bo‘yicha ma’lumotni Qozog‘iston Milliy banki aprel oyida e’lon qiladi. Avvalroq regulyator qisqa muddatda tenge kursi bozor ishtirokchilari kutilmalari, kvartal soliq to‘lovlari va geosiyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘lishini ma’lum qilgan edi.

Hozir kursda nima bo‘lyapti?

Qimmat neft milliy valutaning mustahkamlanishiga olib kelmoqda, biroq Eron bilan bog‘liq urush tufayli bozorlardagi noaniqlik «asabiylik»ni kuchaytirmoqda. «KASE»da Qozog‘iston valutasi kursining Erondagi mojaro boshlanganidan beri 503,9 tengedan 476,6 tengegacha o‘zgargani kuzatildi, ya’ni farq 5 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Moliyaviy tahlilchi Andrey Chebotarev so‘zlariga ko‘ra, neft narxining keskin o‘zgarishi, Milliy jamg‘arma transfertlari va eksportchilar valuta tushumlarini sotishi tenge kursining yanada tebranishini kuchaytirishi mumkin.

«DAMU Capital Management» bosh direktori Murat Kastayev esa tengeni qo‘llab-quvvatlash hozircha vaqtinchalik omil ekanini ta’kidlaydi. Qisqa muddatda neftdan tushayotgan daromad kursni mustahkamlaydi, ammo mojaro uzoq davom etsa, ta’sir teskari bo‘lishi mumkin: yuqori neft narxi jahon iqtisodiyotini sekinlashtiradi va inflatsiyani oshiradi. Bu esa neftga bo‘lgan talabni kamaytirib, Qozog‘iston eksporti va budjet tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Uning fikricha, neft narxlari juda tez pasayishi mumkin (masalan, urush tugasa va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilsa), biroq iqtisodiy o‘sishni tiklash uchun oylar talab qilinadi.

Hozirda, Abbos Aroqchining ta’kidlashicha, Eron Islom Respublikasi bo‘g‘oz orqali Xitoy, Rossiya, Hindiston, Iroq va Pokiston kemalariga o‘tishga ruxsat bergan.

Kastayev shuningdek, tengening haddan tashqari mustahkamlanishi bilan bog‘liq xavflarga ham e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, valuta kursining sezilarli oshishi Qozog‘iston eksportchilarining raqobatbardoshligini pasaytiradi va importni rag‘batlantirib, savdo balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Milliy bank nimaga tayyor?

Qozog‘iston Milliy banki raisi Timur Suleymenov 6-mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda valuta bozorida keskin o‘zgarishlar yuzaga kelsa, regulyator «javob choralarini qo‘llashini» bildirdi.

«Keskin spekulyativ harakatlarni to‘xtatamiz, intervensiyalardan foydalanamiz», – dedi u.

Murat Kastayevning fikricha, Milliy bank aralashuvi cheklangan bo‘lishi kerak, biroq u norasmiy oriyentirlarga ega bo‘lishi mumkin.

«Rasmiy koridorlar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, bizning baholashimizga ko‘ra, regulyator dollar kursi 450 tengeden pastga tushishiga yoki 550 tengeden yuqoriga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi», – dedi tahlilchi.

Kastayev alohida ravishda bazaviy stavkaga ham to‘xtaldi, hozirda u 18 foizni tashkil qiladi. Uning fikricha, neft omili kelgusi qarorlarga bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar yuqori neft narxlari jahon inflatsiyasini tezlashtirsa va bu Qozog‘istonda import narxlari orqali sezilsa, ichki inflatsiya oshsa, joriy yilning 2–3-choraklarida stavka oshirilishi mumkin.

Qozog‘istonda inflatsiya yuqori darajada saqlanmoqda, 2025-yil yakunlari bo‘yicha 12,3 foiz. Fevral oyida esa yillik hisobda biroz pasayib, 11,7 foizni tashkil etdi.

Kelgusi stavka bo‘yicha yig‘ilish 24-aprelda o‘tkaziladi. Regulyatorning avvalgi bayonotlariga ko‘ra, u 2026-yilning ikkinchi yarmidan oldin stavkani pasaytirish masalasini ko‘rib chiqishni rejalashtirmayapti.

Inflatsiyaga ta’sir qiluvchi muhim omillardan biri tengening rublga nisbatan kursi hisoblanadi. «Deutsche Bank» qayd etishicha, Qozog‘iston valutasi Rossiya rubliga nisbatan ham mustahkamlangan. Rossiya Qozog‘iston importining taxminan 30 foizini ta’minlagani uchun, tengening kuchayishi qisqa muddatda inflatsiyani pasaytiruvchi omilga aylanishi va Erondagi urushning inflatsiyaga ta’sirini muvozanatlashi mumkin.

Prognozlar: keng koridor va yuqori noaniqlik

Yaqin oylar uchun tahlilchilar baholari sezilarli darajada farq qiladi, biroq barchasi yuqori noaniqlik saqlanib qolayotganini ta’kidlamoqda.

Arman Batayev fikricha, Yaqin Sharqdagi mojaro qanday rivojlanishiga qarab, tenge kursi 470–510 tenge atrofida bo‘lishi mumkin.

Andrey Chebotarev esa yaqin 3–6 oy ichida kurs 480–520 tenge oralig‘ida bo‘lishini, kunlik o‘zgarishlar esa yuqori bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Murat Kastayevning baholashicha, agar neft narxi yana oshib (barreli 105 dollardan yuqoriga chiqsa), kurs 450–460 tengegacha tushishi mumkin. Agar neft narxi Erondagi mojarodan oldingi darajaga qaytsa, kurs yana 520–540 tenge diapazoniga qaytishi ehtimoldan xoli emas.

Teglar

Mavzuga oid