Rossiyaning tashqi savdosi: iqtisodiyot SSSR darajasiga tushdi
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyotida tashqi savdoning ulushi so‘nggi 30 yilda eng past darajaga tushib, SSSR parchalanishidan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashdi.

Rossiya iqtisodiyoti tashqi dunyo bilan aloqalarni tez sur’atda yo‘qotmoqda. «Rosstat» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakunida tashqi savdoning YAIMdagi ulushi so‘nggi o‘ttiz yilda eng past darajaga tushdi. Eksport ulushi 22,2 foizdan 17,8 foizga qisqarib, mutlaq antirekordni qayd etdi. Import ulushi esa 17,8 foizdan 15,2 foizga tushib, 2022 yildagi eng yomon ko‘rsatkichga deyarli tenglashdi.
«Finam» iqtisodchisi Olga Belenkayaning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar Rossiya iqtisodiyotining tashqi bozorlar bilan aloqasi keskin susayganini anglatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar, import cheklovlari va davlatning import o‘rnini bosish siyosati iqtisodiy izolyatsiyani chuqurlashtirmoqda.
SSSR davri bilan qiyos
Yangi raqamlar tarixiy qiyosda ham jiddiy signal hisoblanadi. Ukraina urushidan oldingi yillarda Rossiya YAIMida eksport ulushi 25–30 foiz atrofida bo‘lgan, 1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshida esa 40 foizdan oshgan. 2010-yillar davomida import ulushi barqaror ravishda 20 foizga yaqin saqlanib kelgan.
Hozirgi ko‘rsatkichlar esa sovet ittifoqining so‘nggi yillariga mos kelmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yilda SSSR YAIMida eksport ulushi 18,2 foizni, 1991 yilda 13,3 foizni tashkil etgan. Import ulushi esa mos ravishda 17,9 va 13 foiz bo‘lgan. Belenkayaga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti hozir jahon bozoridan urushgacha bo‘lgan davrga nisbatan ancha uzoqlashgan.
Izolyatsiya kuchaymoqda
Federal bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda eksport daromadlari 4 foizga kamayib, pandemiyadan beri eng past — 418,3 mlrd dollarga tushdi. Xomashyo eksporti 15 foizga qisqarib, 225 mlrd dollarni tashkil qildi. Noxomashyo va energiyaga taalluqlik bo‘lmagan eksport 150 mlrd dollar bo‘lib, urushgacha bo‘lgan darajadan chorakka kam. Import esa 3 foizga qisqarib, 278 mlrd dollarga tushdi.
Yevropa bilan savdo, ilgari Kremlning eng yirik iqtisodiy yo‘nalishi bo‘lgan bo‘lsa, hozir 1990-yillar darajasiga tushib ketdi: eksport 57,4 mlrd dollar, import 72,3 mlrd dollar. Bu sharoitda Kreml import o‘rnini bosish bo‘yicha ulkan rejalarni ilgari surmoqda. 2030 yilgacha kemalarning 60 foizi, stanoklarning deyarli 100 foizi, sanoat va banklar uchun dasturiy ta’minotning 80 foizi mahalliy bo‘lishi rejalashtirilgan.
Biroq «Carnegie Russia Eurasia Center» tadqiqotchisi Aleksandra Prokopenko bu rejalarni real emas, «siyosiy fantaziya» deb baholaydi. Uning fikricha, ichki ishlab chiqarish import o‘rnini to‘liq bosish imkoniga ega emas.





