Logo

«SpaceX»ning sun’iy intellektdan ko‘radigan asosiy foydasi koinotga emas, Yerga bog‘liq bo‘lib qolmoqda

Bugun 07:552 daqiqa

«SpaceX» orbitani zabt etishga urinayotgan bo‘lsa-da, kompaniyaning sun’iy intellektdan ko‘rayotgan milliardlab dollar foydasi aynan Yerdagi infratuzilmaga bog‘liq.

«SpaceX»ning sun’iy intellektdan ko‘radigan asosiy foydasi koinotga emas, Yerga bog‘liq bo‘lib qolmoqda

Amerikalik milliarder Ilon Mask sun’iy intellekt (SI) kelajagini koinot bilan bog‘layotgan bo‘lsa-da, Uoll-strit tahlilchilari «SpaceX»ning yaqin kelajakdagi milliardlab dollarlik daromadlari orbitada emas, aynan Yerdagi ma’lumotlar markazlarida yaratilishini ta’kidlamoqda. Kompaniyaning yirik SI firmalari bilan tuzgan shartnomalari yiliga 28 milliard dollar daromad keltirishi mumkin.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi ortidan infratuzilma provayderlari, ayniqsa, ma’lumotlar markazlari (data-markazlar) eng ko‘p foyda ko‘ruvchilar qatoriga kirmoqda.

«SpaceX» allaqachon o‘zining Yerdagi «Colossus» superkompyuterlari uchun «Anthropic», «Google» va «Reflection» AI kabi yirik mijozlar bilan shartnomalar tuzish orqali hisoblash quvvatlarini tijoratlashtirishni boshlagan.

«Reuters» tahlillariga ko‘ra, joriy yilda kompaniyaning hisoblash shartnomalaridan oladigan daromadi uning boshqa yo‘nalishlardagi savdolaridan keskin oshib ketadi.

Yerdagi infratuzilma va milliardlik daromadlar

Kutilayotgan 28 milliard dollarlik yillik daromad kompaniyaning 2025 yildagi 3,2 milliard dollarlik SI daromadidan, shuningdek, raketa uchirish va «Starlink» xizmatlarining alohida daromadlaridan ham ancha yuqori hisoblanadi.

Hisobotlarga ko‘ra, «SpaceX» 2025 yilda SI infratuzilmasi va rivojlanishiga qariyb 18 milliard dollar sarmoya kiritgan (shu jumladan, 12,7 milliard dollar kapital xarajatlar va 5,1 milliard dollar ilmiy-tadqiqot ishlari uchun). Bu ko‘rsatkich kompaniyaning koinot va aloqa bizneslariga sarflagan xarajatlaridan ham oshib ketgan.

Birgalikda qariyb 1 gigavatt SI hisoblash quvvatini taqdim etuvchi «Colossus» va «Colossus II» markazlari «SpaceX»ni dunyodagi eng yirik SI operatorlaridan biriga aylantirdi. Bundan tashqari, kompaniyaning SI kodlash bilan shug‘ullanuvchi Cursor startapini 60 milliard dollarga sotib olgani uning faqatgina infratuzilma emas, balki dasturiy ta’minot bozoriga ham jiddiy kirib borayotganini ko‘rsatadi.

Orbital sun’iy intellekt – uzoq muddatli istiqbol

Tahlilchilar koinotdagi SI quvvatlarining Yerdagi data-markazlarni tez orada siqib chiqarishi haqidagi taxminlarni biroz bo‘rttirilgan deb hisoblamoqda. «Altman Solon» konsalting firmasi hamkori Entoni Milovansevning ta’kidlashicha, orbital markazlarning Yerdagi infratuzilmaga o‘rinbosar bo‘lishiga hali kamida 10 yildan ortiq vaqt bor.
J.P. Morgan prognoziga ko‘ra, «SpaceX» 2029 yilga borib o‘zining Yerdagi SI hisoblash quvvatini 9 gigavattgacha (Guver to‘g‘oni ishlab chiqaradigan energiyadan to‘rt baravar ko‘p) oshiradi.

Brokerlik kompaniyasining fikricha, orbital hisoblash quvvatlarini yaratishga o‘tish 2029 yildan keyingina boshlanishi mumkin.

Koinotdagi quyosh energiyasida ishlovchi SI yo‘ldoshlarini joylashtirish bevosita Starship raketalarining tezkor qayta ishlatilishiga, uchirish narxlarining pasayishiga va yo‘ldosh muhandisligidagi yutuqlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. «BofA» tahlilchilari ham orbital ma’lumotlar markazlarining kelajagi hali to‘liq isbotlanmagani va bu murakkab texnologik bosqichlarni talab qilishini qayd etgan.

Teglar

Mavzuga oid