O‘zbekistonda pul yig‘ishda ayollar yetakchi — Markaziy bank
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, ayollarning 6 foizida jamg‘arma yoki muddatli hisobvaraq mavjud, mamlakat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich esa 4 foizini tashkil etadi.
© currenttime.tvO‘zbekistonda jamg‘arish uchun ixtisoslashgan mahsulotlar bo‘yicha ayollar orasidagi ko‘rsatkich yuqori hisoblanadi. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy ommaboplik bo‘yicha ilk hisobotida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayollarning bazaviy bank mahsulotlaridan foydalanish darajasi mamlakat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichga deyarli teng. Voyaga yetgan ayollarning ham, katta yoshli aholining ham 86 foizi bank hisobvarag‘iga ega. Shuningdek, ayollarning 6 foizida jamg‘arma yoki muddatli hisobvaraq mavjud, mamlakat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich esa 4 foizini tashkil etadi.
Biroq banklarda amaldagi kredit hisobvarag‘iga ega ayollar ulushi 19 foiz bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichdan bir foiz bandga past.
Shu bilan birga, 2025 yilda ajratilgan yangi chakana kreditlar hajmining 35 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri keldi. Chakana kredit portfeli qoldig‘ida esa ularning ulushi 38 foizni tashkil etdi.
Qarz oluvchilarning 29 foizida bittadan ortiq kredit mavjud
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda 29 foiz, ya’ni deyarli har uchinchi qarz oluvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta kreditdan foydalanadi, har bir mijozga esa o‘rtacha 1,7 ta kredit to‘g‘ri keladi. Regulyator bu ko‘rsatkich aholi orasida bir vaqtning o‘zida bir nechta kreditdan foydalanish amaliyoti keng tarqalayotganini ko‘rsatishini qayd etdi.
Qayd etilishicha, mamlakatdagi katta yoshli aholining 20 foizi banklarda amaldagi kredit hisobvarag‘iga ega. Yana 7 foiz aholi tartibga solinadigan mikromoliya tashkilotlarida faol kredit hisobvarag‘idan foydalanadi.
Aholi kreditlarida muammoli qarzlar ulushi esa 3 foizni tashkil etmoqda. Markaziy bangga ko‘ra, ularni qoplash uchun bank tizimida yetarli zaxiralar shakllantirilgan.
Shu bilan birga, regulyator amaldagi cheklovlar hali to‘liq bartaraf etilmaganini qayd etdi. Xususan, kreditlar qiymati, shartlarning shaffofligi va tushunarliligi, shuningdek, to‘lov miqdori va jadvalining qarz oluvchining moliyaviy imkoniyatlariga mosligiga alohida e’tibor qaratish zarur.
Markaziy bangga ko‘ra, sifatli kreditlash faqat ko‘proq kredit ajratish bilan emas, balki kreditning mijoz ehtiyojlariga mosligi va qarz oluvchi uchun ortiqcha qarz yukini keltirib chiqarmasligi bilan baholanadi.
Qishloq aholisining atigi 1 foizida jamg‘arma bor
Qishloq aholisi orasida jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish darajasi juda past. Qishloqda yashovchi katta yoshli aholining atigi 1 foizi jamg‘arma yoki muddatli hisobvarag‘iga ega. Bu mamlakat bo‘yicha qayd etilgan 4 foizlik o‘rtacha ko‘rsatkichdan to‘rt barobar past.
Bu holat qishloq hududlarida aholining bank tizimiga kirishi bilan birga, mablag‘larni jamg‘arishga mo‘ljallangan moliyaviy mahsulotlardan foydalanish imkoniyatlari ham cheklanganini ko‘rsatadi.
Mavjud bank hisobvaraqlaridan foydalanish faolligi bo‘yicha qishloq aholisi mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan deyarli farq qilmaydi. Qishloq aholisiga tegishli bank hisobvaraqlarining 32 foizi nofaol bo‘lsa, mamlakat bo‘yicha katta yoshli aholi hisobvaraqlarida bu ko‘rsatkich 34 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) 4 trln 887 mlrd so‘mga oshib, 22 trln 943 mlrd so‘mga yetganligi haqida xabar berilgandi.





