Logo

Odamlar qarzga botyaptimi?

Bugun 19:475 daqiqa

Telefonda ikki tugmani bosib, bir necha daqiqada pul olish qulay. Lekin, uni qaytarish ham shunchalik osonmi? Qarz ustiga qarz, kun sayin o‘sib borayotgan foiz va tinch uyquni olib qo‘yayotgan moliyaviy bosim… Bu pul aslida qanchalik qimmatga tushyapti? Chiroyli reklamalar orqasida nima yashiringan?

Ilgari pul zarur bo‘lib qolsa, xijolat tortib qo‘shnining yoki yaqinlarning eshigini qoqardik. Hozir-chi? Hozir bunga hojat yo‘q. Telefonimizni olib, bir deganda millionlab qarz olamiz. Na ish joyidan ma’lumotnoma so‘rashadi, na doimiy daromadimiz bor-yo‘qligi bilan qiziqishadi. Qisqasi, ortiqcha yugur-yugursiz pul tayyor. Lekin...  To‘xtang!

Kutilmaganda ishdan bo‘shasangiz yoki daromadsiz qolsangiz, har kuni foizi o‘sib borayotgan bu moliyaviy botqoqdan chiqa olasizmi? Yoki «Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim» deganlaridek, boshi berk ko‘chaga kirib qolasizmi? Bugun aynan shu — ko‘pchilik aytishga qo‘rqadigan, lekin minglab odamlarni tunlari uxlatmayotgan «mikroqarz tuzog‘i» haqida ochiqcha gaplashamiz.

Mikroqarz nima?

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, mikroqarzning maksimal miqdori 100 million so‘mgacha qilib belgilangan. Ushbu moliyaviy mahsulotning eng asosiy ustunligi — uning juda tez va oson rasmiylashtirilishi.

Odatda, u mobil ilovalar orqali atigi 1–5 daqiqa ichida, garov va kafillarsiz, faqat pasport yoki ID-karta hamda bank skoring bazasi ma’lumotlari asosida ajratiladi.

Shuningdek, mikroqarz maqsadsiz pul mablag‘i hisoblanadi. Ya’ni olingan pulni xohlagan ehtiyojingizga — zxoh maishiy texnika sotib olishga, xoh oylikkacha yetmay qolgan kundalik xarajatlarni yopishga bemalol sarflashingiz mumkin.

Ilgari xarajatlaringizga oylikkacha yetmay qolgan pulni do‘stingizdan olgan bo‘lsangiz, endi bankdan olasiz. Eng muhim jihati esa buning uchun «quruq rahmat»ning o‘zi yetarli emas. Agar 30 kunlik foizsiz muddatdan o‘tib ketsangiz, yaxshigina foiz to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Sizga berilayotgan foizsiz muddat esa yangi mijozlarni jalb qilish uchun marketing quroli, aslida. Qarzni o‘z vaqtida qaytarsangiz, ishingiz besh, haqiqatan ham ortiqcha to‘lovsiz, ya’ni olgan summangizning o‘zini qaytarasiz.

Agar belgilangan muddatdan atigi 1 kun o‘tib ketsangiz ham bank sizga ikki taraflama «hujum» boshlaydi: tizim o‘tib ketgan o‘sha 30 kuningizga ham kunlik foizni avtomatik hisoblab yuboradi.

Tasavvur qiling: 10 million so‘m olib, 30 kunda yopolmadingizmi? Atigi 10 kun kechiksangiz ham, ustiga 1 million so‘mdan ortiq foiz qo‘shib to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar fikri

Bugungi kunda doimiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar ham telefon orqali bir necha daqiqada 30 kungacha foizsiz mikroqarz rasmiylashtirmoqda. Biroq, qarzni o‘z vaqtida qaytara olmay kechikkani sababli, keyinchalik nafaqat o‘sha 30 kun uchun jarima, balki 40–50 foizgacha qo‘shimcha to‘lov qilishiga to‘g‘ri kelayotgan holatlar ham yo‘q emas.

Yana bir jihat: ayrim fuqarolar avvalgi mikroqarzini yopish uchun boshqa bankdan yana qarz olib, qarzni qarzga urmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekistonda kredit kartalari va mikroqarzlardan foydalanishning kundalik odatiy holga aylanishi normal jarayonmi? Bu holatning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bugungi kunda yetarli ma’lumotga ega bo‘lmay turib mikroqarz olishning jamiyatga va inson hayotiga keltiradigan zarari alkogol va tamaki mahsulotlarining ziyoni bilan teng, hatto undan ham oshib tushadi.

Bakirov Adliya vazirligi va Markaziy bankka iste’molchilarni qarz botqog‘iga cho‘kishini tiyib turish bilan bog‘liq qo‘shimcha talablarni joriy etish vazifasi qo‘yilgani, ushbu talablar 2026-yil sentabrgacha joriy etilishi belgilanganini takidlab, shunday deydi:

«Mikroqarzlar reklamasi bo‘yicha oqibat va zararlar to‘g‘risida ogohlantirish kiritishga urinish birinchi marta emas. Lekin amalga kiritishga kelganda mikroqarz lobbisi qudratlilik qilib kelmoqda.

Ogohlantirishlar quruq va zerikarli shablonlardan iborat bo‘lmasligi zarur, mikroqarz bilan (nasiyaga olingan buyum bilan ham) hech kim boyimasligi, qaytanga kambag‘allik sirtmog‘iga chiqmas bo‘lib tushishi, iste’molga mukkasidan ketish muvaffaqiyatli qilmasligi, tadbirkorga aylantirmasligi haqida lo‘nda chaqiriqlar kerak», - deydi u.

Moliyachi va iqtisodchi Jaloliddin Ibodov esa mikroqarzlardan foydalanish moliyaviy savodxon aholi uchun qulaylik bo‘lishi mumkin, ammo kundalik xarajatlariga ham qiynalayotganlar uchun hayotni yanada og‘irlashtiradigan tuzoqqa aylanmoqda, deydi. U bank va mikromoliya tashkilotlarining reklama siyosatini tanqid qilib, shunaqa fikr bildirdi:

«Reklamalarda faqat keshbeklar va 30–60 kunlik foizsiz muddatlar ko‘rsatiladi, ammo muddat o‘tsa kutiladigan oqibatlar haqida hech kim ogohlantirmaydi. Bu xuddi insonni katta botqoqlikning sohiliga olib kelib qo‘yib: «Agar to‘g‘ri foydalansang, shu yerda turasan, bo‘lmasa botqoqqa qulaysan» deb ogohlantirmaslikka o‘xshaydi.

Eng yomoni — avvalgi qarzni yopish uchun yangi mikroqarz olishdir. Bankning skoring tizimi bunday mijozning xatarini yuqori deb baholab, foiz stavkasini (masalan, 20 foiz o‘rniga 30–36 foiz qilib) oshirib yuboradi. Oqibatda mijoz avvalgi qarzini yanada qimmatroq qarzga almashtiradi va 5–6 oydan franshiza singari 10 millionlik majburiyati 15 millionga aylanadi», — deydi mutaxassis.

Mikroqarz va yangi trendlar

Hozirda mikroqarzlar aholi hayotiga shunchalik chuqur kirib bordiki, u ijtimoiy tarmoqlarning eng ko‘p muhokama qilinadigan va kulgiga olinadigan mavzuga aylandi.

Hatto ijtimoiy tarmoqlarda yangi trendlar paydo bo‘ldi: foydalanuvchilar video joylab, «Agar ushbu video ostida Anorbank, Uzum Bank yoki TBC Bank’ning rasmiy sahifasi izoh yozib qoldirsagina, borib qarzimni to‘layman», deya shart qo‘yib, hazillashmoqda.

Jamiyatda moliyaviy majburiyat: qarzlar, kreditlar shunchalik yengil narsaga aylandiki, uni qaytarish jiddiy vazifa emas, balki tarmoqdagi izohlar soni va bankning reaksiyasiga bog‘liq bo‘lgan «o‘yinchoq»dek ko‘rinmoqda.

Banklarning SMM vakillari ham bunday trendlarni o‘tkazib yubormay, ushbu videolar ostiga izoh yozib ketmoqda. Natijada banklar o‘zini mijozga «do‘stona va hazilsevar» qilib ko‘rsatadi, ammo bu do‘stona qiyofa ortida o‘sha-o‘sha qat’iy foizlar va muddatlar turadi. Real bank ilovasida qarzdorlik va kunlik foizlar hisoblanishi davom etaveradi.

O‘z-o‘ziga taqiq qo‘yish mexanizmi

Barcha bank va mikrofinans tashkilotlarining eshigini siz uchun avtomatik yopadigan «Kredit taqiqi» mexanizmi haqida bilishingiz kerak bo‘lgan eng muhim qoidalar bilan tanishing.

Ushbu amaliyot atigi bir necha daqiqada faollashtiriladi. Kredit byurosining rasmiy sayti — portal.infokredit.uz manziliga kirib, o‘zingizning OneID akkauntingiz orqali tizimga avtorizatsiyadan o‘tasiz. Shaxsiy kabinetga kirgach, «Kredit taqiqi» bo‘limidan tegishli tugmani faollashtirish kifoya.

Shu daqiqadan e’tiboran, ismingiz kredit byurosining maxsus taqiqlar reyestriga kiritiladi. Bu degani — na firibgarlar va na sizning o‘zingiz birorta bank yoki mikrokredit tashkilotidan onlayn pul ololasiz. Chunqi moliya muassasalari arizangizni ko‘rishi bilanoq, tizim uni avtomatik ravishda rad etadi.

Bu taqiq bir umrlik emas, uni istalgan paytda bekor qilish mumkin. Jarayon faollashtirish bosqichi bilan bir xil, faqatgina «Kredit taqiqi» bo‘limidan «O‘chirish» tugmasini bosish kifoya.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 66

Barchasi

Mavzuga oid