Logo

Yotoqxonaga joylashish uchun ariza berish tartibi qanday?

Bugun 10:574 daqiqa

2026–2027-o‘quv yili uchun mandat natijalari e’lon qilinganidan keyin, 18-avgustdan 1-bosqich talabalari uchun ham yotoqxonaga ariza topshirish boshlandi. Vaqt.uz yotoqxonaga ariza topshirish tartibi bo‘yicha sodda va tushunarli qo‘llanma tayyorladi.

Yotoqxonaga joylashish uchun ariza berish tartibi qanday?

Arizani qayerda va qachon topshirish mumkin?

Talabalar turar joyiga (TTJ) joylashish uchun arizani ikki usulda topshirish mumkin:

1.   Onlayn — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, ya’ni my.gov.uz orqali;

2.   Oflayn — Davlat xizmatlari markazi orqali.

Arizalar qabuli 1-avgustdan o‘quv yili boshlanguniga qadar davom etadi.

Yotoqxona olish uchun ariza topshirishning birinchi usulida OTM yoki Davlat xizmatlari markaziga borish shart emas. Barcha jarayonni my.gov.uz orqali masofadan turib amalga oshirish mumkin.

Ariza topshirishda qanday hujjatlar talab etiladi?

Arizani my.gov.uz orqali topshirish uchun avvalo OneID tizimida shaxsiy kabinet bo‘lishi kerak. Jarayon davomida quyidagi ma’lumotlar so‘raladi:

●       JSHSHIR va OneID paroli;

●        pasport yoki ID-karta ma’lumotlari;

●       qabul qilingan OTM va ta’lim yo‘nalishi haqidagi ma’lumotlar;

●       agar mavjud bo‘lsa, yotoqxonaga joylashishda imtiyoz beruvchi ma’lumotlar.

OTM, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim bosqichi haqidagi ma’lumotlarni alohida kiritish talab qilinmaydi — ular JSHSHIR orqali tizimda avtomatik ko‘rsatiladi.

Onlayn ariza topshirish tartibi qanday?

1. OneID orqali tizimga kirish

Avvalo Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz  saytiga kiriladi. Portalga kirish uchun shaxsiy kabinetdan foydalanish kerak. OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tilmagan bo‘lsa, avval unda akkaunt ochiladi.

Buning uchun my.gov.uz’dan manzilidan foydalanish mumkin.

Рисунок1

   Manba: Vaqt.uz  

2. Xizmatni ishga tushirish

Shaxsiy kabinetga kirgandan so‘ng «Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish» xizmati tanlanadi.

Xizmat sahifasida «Xizmatdan foydalanish» tugmasi belgilanadi. Shundan so‘ng ariza to‘ldirish oynasi ochiladi. Uni to‘ldirish uchun JSHSHIR va OneID paroli kerak bo‘ladi.

Рисунок2

   Manba: Vaqt.uz  

3.  Ma’lumotlarni tekshirib, imtiyozni belgilash

Ariza oynasi ochilgach, tizim JSHSHIR orqali talaba haqidagi asosiy ma’lumotlarni avtomatik chiqaradi.

Рисунок3

   Manba: Vaqt.uz my.gov.uz sayti

Bu yerda ism-familiya, qabul qilingan OTM, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim bosqichi kabi ma’lumotlarni tekshirib chiqish kerak. Ularni qaytadan qo‘lda kiritish talab qilinmaydi.

Рисунок4

   Manba: Vaqt.uz  

Agar talabalarda yotoqxonaga joylashishda imtiyoz yoki ustuvorlik huquqi bo‘lsa, ariza davomida tegishli bandni belgilash kerak. Ushbu ma’lumotlar elektron bazalar orqali tekshiriladi.

Ma’lumotlarning barchasi to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilgandan so‘ng keyingi bosqichga o‘tiladi.

Рисунок5

   Manba: Vaqt.uz my.gov.uz sayti

4. Arizani yuborish

Ma’lumotlarni tekshirib bo‘lgach, arizani yuborish mumkin. Buning uchun «Yuborish» tugmasini bosish kifoya. Ariza tizimga yuboriladi va belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Ariza ma’qullangach, natija talabalarning shaxsiy kabinetida ko‘rinadi. Shuningdek, yotoqxonaga joylashish uchun elektron shartnoma va yo‘llanma shakllanadi.

Рисунок6

   Manba: Vaqt.uz  

5. Shartnoma bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish

Ariza ma’qullangach, shaxsiy kabinetda elektron shartnoma paydo bo‘ladi. Unda yotoqxona uchun to‘lanadigan summa va to‘lov shartlari ko‘rsatiladi.

Shartnomadagi ma’lumotlarni tekshirib, belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirish talab qilinadi.

To‘lov tasdiqlangach, yotoqxonaga joylashishning keyingi bosqichi boshlanadi. Shu bilan birga, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ham tizim orqali davom ettiriladi.

Bitta murojaat — ikki natija

Yotoqxonaga joylashish tartibida bu yil muhim o‘zgarish joriy etildi. Avval talabalar turar joyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish alohida xizmatlar orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, 2026-yildan boshlab bu jarayonlar yagona kompozit xizmat shaklida ko‘rsatilmoqda.

Endilikda talaba my.gov.uz orqali yotoqxonaga joylashish uchun bitta ariza topshiradi. Ariza ko‘rib chiqilgach, unga elektron shartnoma va yo‘llanma taqdim etiladi. Shartnomada belgilangan to‘lov amalga oshirilgach, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayoni avtomatik ravishda ishga tushadi.

Bunda talaba vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun alohida murojaat qilishi yoki qo‘shimcha hujjat topshirishi shart emas.

Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish to‘lov qilingan kundan boshlab shartnomada ko‘rsatilgan muddatgacha amal qiladi.

Yotoqxona o‘rinlarining asosiy qismi 1-kurslarga beriladi

Yotoqxonaga joylashish tartibi bilan birga mavjud o‘rinlarning talabalar o‘rtasida qanday taqsimlanishi ham belgilangan. Birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan yoshlar, keyin esa uzoq va chekka hududlardan kelgan talabalar yotoqxonalarga joylashtiriladi.

Shundan keyin qolgan o‘rinlar talabalar bosqichiga qarab quyidagi ulushlarda taqsimlanadi:

Talabalar bosqichi

Ajratiladigan o‘rinlar ulushi

1-kurs

55-65%

2-kurs

15-20%

3-kurs va undan yuqori

20-25%

Shu tartibga ko‘ra, yotoqxonalardagi o‘rinlarning eng katta qismi 1-kurs talabalari uchun ajratiladi. Qolgan o‘rinlar esa yuqori bosqich talabalari o‘rtasida taqsimlanadi.

Joriy o‘quv yili uchun yotoqxona o‘rinlari yetarlimi?

Biroq yangi o‘quv yilida talabalar uchun turarjoy masalasi faqat ariza topshirish bilan hal bo‘lmaydi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 394 ta talabalar turar joyida 160 mingga yaqin o‘rin mavjud. 18-avgust holatiga ko‘ra, 70 mingdan ortiq talaba yotoqxonaga joylashish uchun ariza topshirgan.

Yotoqxona o‘rni yetishmaydigan OTMlar esa talabalarni ijara xonadonlariga joylashtirish uchun qariyb 20 mingta xonadon ro‘yxatini shakllantirgan. Ularning 10 mingga yaqini Toshkent shahrida. Bu, ayniqsa, poytaxtda talabalar uchun turarjoyga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Toshkentda davlat-xususiy sheriklik asosida qariyb 18 mingta yangi yotoqxona o‘rni yaratilgan. Hozirda respublika bo‘yicha talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasi 58 foizga yetgan.

Umuman olganda, yotoqxonaga ariza topshirish osonlashgani bilan, joy olish mavjud o‘rinlar va talabaning imtiyozlari hisobga olingan holda taqsimlanadi.

Teglar

null null

Zilola Xolto'rayevaMaqolalar soni: 23

Barchasi

Mavzuga oid