«Esimiz borida etagimizni yopaylik»: jamoatchilik faollari UzPost Rossiya kompaniyasiga berilishiga qarshi

15.10.2025 | 08:0015 дақиқа

A’zamxo‘jayevga ko‘ra, Rossiya «O‘zbekiston pochtasi»ni rivojlantira olmaydi, aksincha, «sog‘lom deb uzatgan qizni chalajon ekan» deb, borini ham o‘ldiradi. Ikki o‘rtada O‘zbekiston pochtadan ham, ko‘chmas mulk ko‘rinishida bergan o‘nlab «sarpolar»dan ham ayrilgani qoladi.

«Esimiz borida etagimizni yopaylik»: jamoatchilik faollari UzPost Rossiya kompaniyasiga berilishiga qarshi
O‘zbekistonda milliy pochta operatori UzPost atrofida qizg‘in tortishuvlar avj olmoqda. Rossiyaning yirik marketpleysi Wildberries kompaniyasi davlat ulushini sotib olgani haqidagi xabarlar ortidan Uzum ekotizimi ham savdolarda ishtirok etish niyatini bildirdi. Xususiylashtirish jarayoni shaffoflik, milliy xavfsizlik va strategik sohalarga xorijiy sarmoya kiritilishi haqida yangi savollarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekistondagi UzPost («O‘zbekiston pochtasi») aksiyalarini xususiylashtirish jarayoni yangi bosqichga chiqdi. Uzum raqamli ekotizimi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rasman murojaat qilib, milliy pochta operatori ulushini sotib olish bo‘yicha savdolarda ishtirok etish niyatini bildirdi. Kompaniya bu orqali pochta xizmatini faqat tijorat emas, balki milliy manfaatlarni hisobga olgan holda boshqarish zarurligini ta’kidladi. Bundan bir necha kun oldin Rossiyaning yirik onlayn riteyleri Wildberries UzPost’dagi davlat ulushini sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu ma’lumotni RBK va Spot nashrlari Rossiya bozoridagi manbalariga tayanib yozdi. Xabarlarga ko‘ra, bitim bir necha oydan buyon tayyorlangan bo‘lib, Wildberries kompaniyasi O‘zbekistonda elektron tijorat va logistika sohasida keng ko‘lamli rejalarga ega. Hozircha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham, Wildberries ham bu ma’lumotni rasman tasdiqlagan yoki rad etgan emas. UzPost esa faqat «investitsiya jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotgani»ni ma’lum qildi. Shu bilan birga, bitimning shartlari va qiymati haqida hech qanday ochiq ma’lumot berilmagan. UzPost xususiylashtirish haqidagi xabarlar fonida jamoatchilikka mujmalroq bo‘lsa-da rasmiy bayonot berdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, hozirda milliy pochta operatori infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika tarmoqlarini rivojlantirish va raqamli yechimlarni joriy etish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. UzPost ta’kidlashicha, bu jarayon pochta xizmatlarining barqarorligini ta’minlash, yetkazib berish bo‘yicha xususiy operatorlar rivojlanayotgan sharoitda raqobatbardoshlikni oshirish va xizmat sifatini zamonaviy standartlarga moslashtirishga qaratilgan. Kompaniya, shuningdek, investitsiyalarni jalb etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va elektron tijorat xizmatlarini butun mamlakat bo‘ylab rivojlantirishni maqsad qilganini bildirdi. Bayonotda «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlari — Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda davlat ishtirokidagi bir nechta korxonalar ekani qayd etildi. Shuningdek, 16 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar ham aksiyador sifatida ishtirok etmoqda. Kompaniya qo‘shimcha qilib, agar kelgusida yirik investor bilan bog‘liq o‘zgarishlar yuz bersa, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq ma’lumotlar rasman oshkor qilinishini ma’lum qildi. UzPost xususiylashtirilishi haqidagi xabarlar ortidan jamoatchilikda qizg‘in bahslar boshlandi. Ayrimlar buni sohani modernizatsiya qilish va yangi sarmoya jalb etish imkoniyati sifatida baholasa, boshqalar strategik sohani xorijiy kompaniyalarga berish xavfini ko‘rishmoqda. Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev bu jarayonni «qizini majburan erga berishga o‘xshagan holat» deb ta’rifladi. Uning fikricha, davlat strategik tarmoq bo‘lgan milliy pochtani Rossiya kompaniyasiga berish orqali nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy bog‘liqlikni ham kuchaytiradi.
«Nimadir bo‘lyapti baribir; nozik joydan sovchilar kelgani aniq, qizning oilasi esa uni erga tegishga majburlayotgandek, kamiga o‘nlab qimmatbaho «sarpo-suruq» ham qo‘shib berilayotgandek. Birinchidan, bunday majburlov — qonunga ham, axloqqa ham zid. Ikkinchidan, bunday ishlar ko‘zdan panada emas, el-yurtga ochiq aytib, bamaslahat qilinishi kerak, butun jarayon shaffof o‘tishi kerak. Uchinchidan, pochtamiz Rossiyaning davlat kompaniyasiga ham, xususiysiga ham berilmasligi kerak. Pul taklif qilsa ham, «haqiqiy bozor narxini to‘layman», desa ham, kerak bo‘lsa, «ikki hissa to‘layman» desa ham (ikki dunyoda ham unday demaydi lekin) berilmasligi kerak», — deya yozadi u.
A’zamxo‘jayevga ko‘ra, Rossiya o‘zini butun normal dunyodan uzayotgan, butun normal dunyo Rossiyadan o‘zini uzayotgan bir vaqtda — O‘zbekistonning strategik sohalarini bu mamlakatning shubhali, asl egasi, haqiqiy maqsadi noma’lum (aslida ma’lum, ha, hammaga ma’lum) korxonalariga berilishi, yumshoq qilib aytganda, sal g‘alatiroq qaror.
«Har qalay, ular bizning pochtamizni rivojlantira olmaydi (axir «rivojlangan pochta» ularning o‘zida ham yo‘q). Agar shunday bo‘lganida, huv besh-olti yil avval Rossiya pochtasining rahbarini boshliq qilib olib kelishganda hammasi o‘zgarib ketgan bo‘lardi. Shunda hozir «O‘zbekiston pochtasi»ni go‘yoki «odam qilish uchun sotish»ga ham hojat bo‘lmasdi. Yo‘q, ular rivojlantira olmaydi, aksincha, «sog‘lom deb uzatganingiz o‘zi chalajon ekan» deb, borini ham o‘ldiradi. Ikki o‘rtada pochtamizdan ham, ko‘chmas mulk ko‘rinishida berganimiz o‘nlab «sarpolarimiz»dan ham ayrilganimiz qoladi. Agar hali to‘la yo‘qotmagan bo‘lsak, esimiz borida etagimizni yopaylik», — demoqda jurnalist.
Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov esa masalaning huquqiy va raqobat nuqtai nazaridan tahlilini berdi. Uning ta’kidlashicha, UzPost — mamlakatda yagona milliy pochta tizimi operatori sifatida ustuvor mavqega ega monopol kompaniya hisoblanadi. Shu sababli, uning xususiylashtirilishi Antimonopoliya qo‘mitasining ruxsatisiz amalga oshirilishi mumkin emas. Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, «bunday bitimlar shaffof bo‘lmagan holda yopiq eshiklar ortida kelishilayotgan bo‘lishi ehtimoli juda katta».
«Davaktiv odatda «xususiylashtirish» amaliyoti yashirin qarorlar bilan amalga oshirilganida boshini qumga tiqib oladi. Oxirgi yillarda turli cho‘ntaklarga sopini o‘zidan chiqarib topshirilgan UNG Petro' va neftni qayta ishlash zavodlari, to‘lov tashkilotlaridan tortib Dehqonobod kaliy zavodigacha bo‘lgan o‘nlab keyslarda Davaktiv «xususiylashtirish» bitimlari va mundarijasi haqida ma’lumot ochiqlashni lozim topmagan. Eng qizig‘i shuncha anomal, yovvoyi va noshaffof keyslardan keyin ham zarbop to‘nga o‘ralgan xalqaro tashkilotlar va oshxo‘r konsultantlar o‘z reputatsiyasi haqida qayg‘urmay, Davaktiv bilan muloqot va hamkorlik qilishda davom etishmoqda», — demoqda Bakirov.
UzPost — O‘zbekistonning yagona milliy pochta aloqa operatori bo‘lib, mamlakat logistika va kommunikatsiya tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Kompaniya 1992 yili tashkil etilgan va 2014 yilda aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Hozirda UzPost tarkibida 14 ta hududiy filial, 1600 dan ortiq pochta bo‘limi va 3500 dan ziyod yetkazib berish uchastkalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Korxonada 7000 dan ortiq xodim, shu jumladan 2500 pochtalon ishlaydi. Tashkilot 25 ta havo yo‘nalishi va 300 dan ortiq avtoyo‘l orqali yurtib chiqilgan logistika tarmog‘iga ega. UzPost Butunjahon pochta ittifoqi a’zosi bo‘lib, xalqaro IFS, PNG, RUGBY, IBIS va PRIME tizimlari bilan hamkorlik qiladi. Kompaniya faqat pochta va posilka yetkazib berish emas, balki to‘lov, obuna, moliyaviy o‘tkazmalar xizmatlari hamda pochta markalari chiqarish bilan ham shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda elektron tijorat va onlayn savdo hajmi keskin oshgani sababli, an’anaviy pochta xizmatlariga bo‘lgan talab o‘zgarmoqda. Bu esa sohani modernizatsiya qilish, raqamli yechimlarni joriy etish va logistika samaradorligini oshirishni taqozo etmoqda. Shu jihatdan, UzPost uchun yangi sarmoyalar jalb etish zarurati ob’ektiv hisoblanadi. Biroq ayrim ekspertlar pochta xizmatlari nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyatga ham ega ekanini ta’kidlamoqda. Chunki u mamlakatdagi axborot almashinuvi, hujjatlar aylanmasi va davlat xizmatlarining uzluksiz ishlashi bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli, har qanday xususiylashtirish jarayonida xavfsizlik va milliy manfaatlar birinchi o‘rinda turishi lozim.

Мавзуга оид