Dommaraju va Sindorov o‘rtasidagi bahs sanasi va shartlari e’lon qilindi

Bu shaxmat tarixidagi eng yosh final bahsi hisoblanadi, chunki o‘yinlar boshlangan vaqtda har ikki shaxmatchi ham 20 yoshda bo‘ladi.

Dommaraju va Sindorov o‘rtasidagi bahs sanasi va shartlari e’lon qilindi © Ijtimoiy tarmoqlar

Shaxmat bo‘yicha jahon toji uchun amaldagi chempion Gukesh Dommaraju (Hindiston) va da’vogar Javohir Sindorov (O‘zbekiston) o‘rtasidagi bahs 2026 yilning 23-noyabridan 17-dekabrigacha bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) rasmiy saytida e’lon qilindi.

Mazkur to‘qnashuv shaxmat tarixidagi eng yosh final bahsi bo‘ladi, chunki o‘yinlar boshlangan vaqtda har ikki shaxmatchi ham 20 yoshda bo‘ladi. Tadbirning umumiy davomiyligi 25 kungacha etib belgilangan.

Tadbir mezbonligi uchun arizalar qabul qilish jarayoni ochiq deb e’lon qilindi. Musobaqanining taxminiy umumiy budjeti 8,5 million dollarni, minimal sovrin jamg‘armasi esa 2,5 million dollarni tashkil etadi. Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan FIDE uchun 1,1 million dollar miqdorida to‘lov amalga oshirilishi lozim.

Arizalar 2026 yilning 31-mayigacha soat 23:59 ga qadar (Lozanna vaqti bilan) office@fide.com elektron manzili orqali qabul qilinadi. Barcha hujjatlar ingliz tilida topshirilishi shart. Musobaqa reglamenti 2026 yilning 1-iyuliga qadar tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

Tashkilotchilar o‘z takliflarida budjetning aniq taqsimoti, tijoriy, homiylik va translyatsiya huquqlarining taqsimlanishi bo‘yicha ma’lumotlarni ko‘rsatishi kerak. FIDE taqdim etilgan shartlar va shaxmat rivoji manfaatlaridan kelib chiqib yakuniy qaror qabul qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Saralash haqida

Amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju 2024 yil dekabr oyida Singapurda bo‘lib o‘tgan jahon shaxmat toji uchun o‘yinning 14-turida xitoylik Din Lijenni mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. U 18 yoshida FIDE tarixidagi eng yosh jahon chempioni bo‘ldi va 1985 yilda 22 yoshida Anatoliy Karpovni mag‘lub etgan Garri Kasparovning rekordini ortda qoldirdi.

Uning raqibi o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Kiprning Pafos shahrida bo‘lib o‘tgan 2026 yilgi da’vogarlar turnirida muddatidan oldin g‘alabaga erishdi. U turnirda 14 ochkodan 10 ochko jamg‘arib, biror marta mag‘lub bo‘lmadi: oltita g‘alaba va sakkizta durang qayd etdi.

O‘yin reglamenti 2026 yil 1-iyulgacha tasdiqlanishi kerak. Odatda o‘yin 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. G‘olib chiqish uchun 7,5 ochko jamg‘arish kifoya — kimdir bu marraga oldinroq erishsa, match muddatidan oldin tugaydi. Agar hisob 7:7 ko‘rinishini olsa, tay-breyk o‘ynaladi.

Mavzuga oid

Dommaraju va Sindorov o‘rtasidagi bahs sanasi va shartlari e’lon qilindi | Vaqt.uz