Energetika tizimida «tozalash»: 44 ta tuman elektr tarmoqlari rahbari ishdan olindi

Bugun 21:342 daqiqa

Qolaversa, «Hududgaz Xorazm» rahbarini ham ishdan olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Energetika tizimida «tozalash»: 44 ta tuman elektr tarmoqlari rahbari ishdan olindi © Foto: uznews.uz

Elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan 44 ta tuman (shahar) elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJda o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda energiya samaradorligi va resurslar yo‘qotishini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, o‘z faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi. Lavozimidan ozod etilgan rahbarlarning hududlar kesimidagi taqsimoti quyidagicha:

• Andijon filiali: 14 ta tuman rahbari;

• Samarqand filiali: 10 ta tuman rahbari;

• Jizzax filiali: 7 ta tuman rahbari;

• Qashqadaryo filiali: 4 ta tuman rahbari;

• Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallari: 2 tadan tuman rahbarlari.

Shuningdek, gaz ta’minoti sohasidagi kamchiliklar uchun «Hududgaz Xorazm» gaz ta’minoti filiali rahbarini ham ishdan olish bo‘yicha topshiriq berildi. Ishdan olinganlar o‘rniga yosh kadrlar tayinlanishi va ular oldiga yo‘qotishlarni kamida ikki baravar qisqartirish bo‘yicha aniq KPI ko‘rsatkichlari belgilanishi ta’kidlandi.

Tizimdagi muammolarni o‘rganish jarayonida 106 140 ta transformator punkti tekshirilib, ularning 25 668 tasi ta’mirtalab ekani aniqlangan. Hozirda ushbu inshootlarni ta’mirlash, simlarni almashtirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Yig‘ilishda yo‘qotishlarni kamaytirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish loyihasini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24-aprel kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi holat tanqid qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid