Logo

1,4 trillion dollarlik da’vo: Mark Sukerberg sudda javob beradi

Bugun 13:256 daqiqa

«Meta» kompaniyasi yoshlar ruhiyatiga zarar yetkazuvchi va qaramlikni keltirib chiqaruvchi algoritmlar ishlab chiqqanlikda ayblanib, AQSH, Yevropa hamda boshqa mintaqalarda sudga tortilmoqda.

1,4 trillion dollarlik da’vo: Mark Sukerberg sudda javob beradi © Ryan Sun/The Associated Press

Qo‘shma Shtatlarda «Facebook» va «Instagram» tarmoqlarining bosh kompaniyasi bo‘lgan «Meta» kompaniyasiga qarshi bir nechta shtatlar tomonidan qo‘zg‘atilgan yirik sud ishi doirasida hakamlar hay’atining dastlabki tinglovlari boshlandi. Shuningdek, kompaniya Yevropa va boshqa mintaqalarda ham qator huquqiy cheklovlar hamda nazorat choralariga duch kelmoqda.

Kaliforniyada boshlangan hamda «Meta» uchun 1,4 trillion dollarlik tovon puliga aylanishi mumkin bo‘lgan ushbu sud ishida ijtimoiy tarmoq giganti yoshlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazuvchi va qaramlikni keltirib chiqaruvchi platformalar ishlab chiqqanlikda ayblanmoqda. Ekspertlarning fikricha, agar da’vogarlar g‘alaba qozonsa, bu holat ijtimoiy tarmoqlarning ishlash tamoyillarini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Mazkur ishni qo‘zg‘atayotgan AQSH shtatlarining bosh prokurorlari yosh foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari ularning vasiylari roziligisiz to‘planayotganidan ham jiddiy xavotir bildirmoqda.

Sud jarayonida bosh prokurorlar platformalarning aynan bolalarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xususiyatlariga, xususan, lentani tinimsiz varaqlash va algoritm tavsiyalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

AQSHda «Meta»ni kim va nima uchun sudga berdi?

Kaliforniya apellyatsiya sudiga kiritilgan hujjatlarga ko‘ra, AQSHning yigirma to‘qqizta shtati birlashib, «Meta»ni qaramlikni kuchaytiruvchi, foydalanuvchilarning yoshini tasdiqlashni ta’minlamaydigan, o‘smirlarni ota-ona nazoratini aylanib o‘tishga undaydigan, shuningdek, ularni zararli kontentdan yetarlicha himoya qilmaydigan yoki bunday kontentni ataylab keng tarqatadigan platformalar ishlab chiqqanlikda ayblamoqda.

«Meta» bu ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.

Da’vogarlar tovon puli undirishdan tashqari, sud orqali «Meta» zimmasiga yosh foydalanuvchilarni himoya qilish maqsadida o‘z platformalariga o‘zgartirishlar kiritish majburiyatini yuklashni ham so‘ramoqda.

Xususan, ular «Meta»dan quyidagilarni talab qilmoqda:

  • o‘smir foydalanuvchilar uchun ota-ona ruxsatini tasdiqlash tizimini joriy etish;

  • «dofaminni manipulyatsiya qiluvchi» algoritmlarni o‘zgartirish;

  • foydalanuvchilarning shaxsiy suratlari uchun mo‘ljallangan filtrlarni olib tashlash;

  • bittadan ortiq akkaunt yaratishni taqiqlash;

  • ma’lum vaqtdan so‘ng «o‘chib ketuvchi» xabar va postlar funksiyasini bekor qilish.

Sud taxminan yetti hafta davom etishi rejalashtirilgan, biroq kutilmagan holatlar yuzaga kelsa, bu muddat cho‘zilishi mumkin.

Bu sud hukmi jarayondagi so‘nggi nuqta bo‘lishi dargumon, chunki «Meta» o‘zining manfaatiga zid bo‘lgan har qanday qaror ustidan shikoyat qilishi kutilmoqda.

«Meta» bosh direktori Mark Sukerberg «Instagram» rahbari bilan birgalikda sudda ko‘rsatma berishi kutilmoqda. Bu «Facebook» asoschisining joriy yil hisobidan sudda ikkinchi bor guvohlik berishi bo‘ladi. U bunga qadar, 2026 yilning fevral oyida Los-Anjeles sudida «Meta»ga nisbatan ilgari surilgan xuddi shunday ayblovlar yuzasidan javob bergan edi. Eslatib o‘tamiz, mart oyida kompaniya yosh foydalanuvchilarda qaramlikni keltirib chiqaruvchi platforma xususiyatlari sababli «KGM» taxallusi ostidagi yosh ayol tomonidan qo‘zg‘atilgan ko‘p million dollarlik sud ishida yutqazgan edi.

 «Meta» yana qayerlarda muammolarga duch kelmoqda?

AQSHda ijtimoiy tarmoq gigantlariga qarshi choralar asosan sud da’volari shaklida olib borilayotgan bo‘lsa, boshqa mintaqalarda bu jarayonga maxsus tartibga soluvchi organlar boshchilik qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqi «Meta»ga nisbatan «WhatsApp» messenjeridagi sun’iy intellekt (SI) bo‘yicha monopoliyaga qarshi qoidalar, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (DSA) doirasida bolalar xavfsizligini ta’minlash hamda tobelikni keltirib chiqaruvchi platforma xususiyatlari yuzasidan bir qator huquqiy va tartibga soluvchi tekshiruvlarni olib bormoqda.

2024 yilda Yevropa Ittifoqining tartibga soluvchi organlari «Facebook» va «Instagram» platformalarida bolalar xavfsizligiga oid onlayn kontent qoidalarining ehtimoliy buzilishi yuzasidan «Meta»ga nisbatan rasmiy tergov boshlagan edi.

Yevropa Komissiyasi (YeK) mashhur ijtimoiy tarmoqlar video va postlarni tavsiya qilishda foydalanadigan algoritm tizimlari bolalarning «zaifliklari va tajribasizligidan foydalanishi» hamda «qaramlik xulq-atvorini» rag‘batlantirishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.

O‘tgan oyda Yevropa Komissiyasi «Meta» faoliyati yuzasidan olib borilgan ikki yillik tergovning dastlabki natijalarini e’lon qilib, kompaniya «DSA» qoidalarini buzganini ma’lum qildi. Shuningdek, u «Meta»ni foydalanuvchilarning platformaga «qaram bo‘lib qolishi»ning oldini olish maqsadida dizaynga bir qator majburiy o‘zgartirishlar kiritishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi kompaniyani, xususan, «Facebook» va «Instagram»ni insonlarda «qaramlik chaqiradigan» qilib ishlab chiqqanlikda ayblab, agar u ittifoq qoidalarini buzishda davom etsa, katta miqdordagi jarimalarga tortilishidan ogohlantirdi. Qolaversa, «Meta» ushbu platformalar foydalanuvchilarning jismoniy va ruhiy salomatligiga yetkazishi mumkin bo‘lgan xavflarni yetarlicha baholay olmagani ham qayd etildi.

Shu bilan birga, iyul oyida Fransiya qonunchilari sentabr oyidan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejasini ma’qullagan edi. Biroq o‘tgan haftada mamlakatning Konstitutsiyaviy kengashi bu taqiq so‘z erkinligiga putur yetkazadi, degan vaj bilan uni bekor qildi. Ayni paytda hukumat mazkur holatni hisobga olgan holda yangi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

Buyuk Britaniya

Shu yilning iyun oyida Buyuk Britaniya hukumati kelgusi yildan kuchga kiradigan, 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni keng qamrovli taqiqlashini e’lon qildi. Hukumat «TikTok», «Snapchat» va «Instagram» kabi saytlarni cheklash bilan birga, bolalarga notanish kishilar bilan muloqot qilish imkonini beruvchi o‘yin va jonli efir xizmatlariga qarshi ham choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Mazkur taqiqni tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlarini dekabr oyida qabul qilish kutilmoqda. Shuningdek, Buyuk Britaniya 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun tungi cheklovlar o‘rnatish va lentani tinimsiz varaqlashning oldini olish yo‘llarini ham ko‘rib chiqmoqda.

Avstraliya

O‘tgan yilning dekabr oyida Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni rasman taqiqlagan edi. Biroq shu oy boshida mamlakat internet regulyatori o‘tkazgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, har o‘nta o‘smir va bolalarning sakkiztadan ortig‘i hamon ijtimoiy tarmoq platformalaridan foydalanmoqda.

Akkauntlarini saqlab qolgan bolalarning qariyb yarmi platformalar ularning yoshini tekshirmaganini va ushbu xizmatlardan foydalanishda davom etishlariga imkon berganini ta’kidlagan. Boshqalar esa akkauntlarida yoshini 16 yoki undan katta qilib ko‘rsatganini yoxud yoshni aniqlash tizimlari ularni noto‘g‘ri tarzda ruxsat etilgan yoshda deb hisoblaganini bildirgan.

Taqiq joriy etilishidan oldin o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan bolalarning qariyb 86 foizi cheklov qo‘yilgan kamida bitta platformadan foydalanishini aytgan edi. Uch oy o‘tib esa bu ko‘rsatkich 81 foizdan yuqoriligicha qolgani ma’lum bo‘ldi, deyiladi mustaqil onlayn xavfsizlik regulyatori hisobotida.

Braziliya

2024 yil oktabr oyida Braziliyadagi iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi nufuzli tashkilot — Jamoaviy mudofaa instituti «Meta», «TikTok» va «Kwai» kompaniyalarining Braziliyadagi filiallariga qarshi 3 milliard real (525 million dollar) miqdorida tovon puli undirish talabi bilan ikkita da’vo arizasi kiritgan edi.

Boshqa shikoyatlar kabi, bu da’volarda ham mazkur platformalar foydalanuvchilarda qaramlik keltirib chiqarishda hamda bolalar va o‘smirlarni himoya qilish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmaganlikda ayblanmoqda.

Mazkur sud ishlaridagi asosiy e’tirozlar shundan iboratki, platformalarning algoritmlari 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarni «tasmani majburiy cheksiz varaqlashga» undaydi; ruhiy salomatlikka oid samarali ogohlantirishlar mavjud emas; yoshni tasdiqlash choralari yetarlicha ishlamaydi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish darajasi past.

Shu bilan birga, Braziliyada qator tartibga soluvchi choralar ham amalga oshirildi. Joriy yilning mart oyidan boshlab Bolalar va o‘smirlarning raqamli nizomiga muvofiq, platformalardan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning akkauntlarini ularning qonuniy vasiylariga biriktirish talab qilinmoqda.

O‘tgan yilning iyun oyida Braziliya Oliy sudi texnik gigantlar o‘z platformalarida uchinchi shaxslar tomonidan joylashtirilgan noqonuniy kontentni tezda olib tashlamasa, buning uchun qat’iy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida qaror chiqargan edi.

Shu oyda Braziliyaning tartibga soluvchi organlari mamlakat hududida «Discord» platformasining «Go Live» jonli efir va video almashish funksiyalarini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Xabarlarga ko‘ra, bu qaror jonli efir paytida o‘z joniga qasd qilishga majburlangan 13 yoshli qizning o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan tergovdan so‘ng qabul qilingan.

Bularning barchasi ijtimoiy tarmoq platformalari uchun nimani anglatadi?

Ekspertlarning fikricha, mazkur huquqiy choralar ijtimoiy tarmoq platformalarining imkoniyatini butunlay cheklab qo‘yishdan ko‘ra, ularni ayrim funksiyalarni tubdan isloh qilishga va yoshni tasdiqlashning yanada qat’iy tizimlarini joriy etishga majbur qilishi ehtimoli yuqori. Ta’kidlanishicha, bu o‘zgarishlar ijtimoiy tarmoqlarning dizayni hamda ishlash tamoyilini sezilarli darajada o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid