Logo

2,6 kvadrillion so‘m va 5 yetakchi soha: O‘zbekistonning 10 yillik investitsiya tahlili

Bugun 18:466 daqiqa

O‘zbekistonda 2016–2025-yillarda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi bir necha baravar oshdi, xususan, ishlab chiqarish sanoati va energetika kabi ayrim tarmoqlarga investitsiyalar 18–29 baravargacha yuqorilagan. Vaqt.uz so‘nggi o‘n yillikda qaysi sohalar rivojlantirilgani va investitsiya oqimi qanday o‘zgarganini tahlil qildi.

2,6 kvadrillion so‘m va 5 yetakchi soha: O‘zbekistonning 10 yillik investitsiya tahlili

Vaqt.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, 2016–2025-yillarda O‘zbekistonga 2,6 kvadrillion (yoki 2 614,2 trln) so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilgan. Yillar kesimida investitsiyalar hajmi 2016-yildagi 51,2 trln so‘mdan 2025-yilda 591,1 trln so‘mgacha oshgan, ya’ni 9 yillik o‘sish 11,5 baravarni tashkil etdi. Investitsiyalar eng ko‘p kiritilgan TOP-5 sohalarda quyidagi tarmoqlar yetakchilik qildi:

Ishlab chiqarish sanoati: investitsiyalar 18 baravar oshdi

Ishlab chiqarish sanoati 2016–2025-yillarda investitsiyalar eng tez ko‘paygan yo‘nalishlardan biriga aylandi. 2016-yilda sohaga 8,99 trln so‘m asosiy kapitalga investitsiya kiritilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 163,1 trln so‘mga yetdi.

ishlab_chiqarish_sanoati_investitsiya_2016_2025

Ayniqsa 2018–2019-yillarda ishlab chiqarish sanoatiga investitsiyalar deyarli ikki baravar — 98 foizga oshdi. Hajm 25,7 trln so‘mdan 51 trln so‘mgacha ko‘tarildi. 2021-yildagi qisqa pasayishdan keyin esa o‘sish yana tezlashib, 2025-yilda 163,1 trln so‘mga yetgan.Ishlab chiqarish sanoatiga kiritilgan investitsiyalar hajmining oshishi mahalliylashtirish jarayonlarining kengayishi bilan birga kechmoqda. Xususan, 2017-yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 9,9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Ushbu mahsulotlarning 512 mln dollarligi eksport qilingan, import esa 353 mln dollarga qisqargan.

2024-yilga kelib esa ko‘lam ancha kengayib, 2 ming 270 ta mahalliylashtirish loyihasi doirasida 109 trln so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan. Natijada ilgari chetdan olib kelingan 8,5 mlrd dollarlik mahsulotlarning bir qismini mamlakat ichida ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘lishi mahalliy mahsulotlar turini kengaytirsa, mahalliylashtirishning kuchayishi esa importga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Elektrga talab oshgani sari investitsiyalar ham ko‘paydi

Energetika ham investitsiyalar eng tez ko‘paygan sohalardan biri bo‘ldi. 2016-yilda elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasiga 2,7 trln so‘m asosiy kapitalga investitsiya kiritilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 78,3 trln so‘mga yetdi. Ya’ni o‘n yil ichida investitsiyalar qariyb 29 baravar oshgan.

energetikaga_investitsiya_2016_2025

Grafikdagi eng yakqol burilish 2022–2024-yillarda ko‘rinadi. Bu davrda sohaga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 19,9 trln so‘mdan 73 trln so‘mga yetdi va faqat ikki yil ichida 267 foizga o‘sdi.

Mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va energetika bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Invest Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning o‘zida mamlakatda 42 ta yangi energetika obyekti ishga tushirilgan.

Tog‘-kon sanoatida investitsiyalar 8 baravar oshdi

Tog‘-kon sanoati ham 2016–2025-yillarda O‘zbekistonda investitsiya eng ko‘p yo‘naltirilgan tarmoqlar qatorida bo‘ldi. 2016-yilda sohaga 7,2 trln so‘m asosiy kapitalga investitsiya kiritilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib qiymat 58,8 trln so‘mni tashkil etdi. Shu tariqa, o‘n yil ichida tog‘-kon sanoatiga kiritilgan investitsiyalar qariyb 8,2 baravarga oshgan. 2025-yilda jami investitsiyalar 9,9 foizini tashkil qilgan:

tog_kon_sanoati_investitsiya_2016_2025

Grafikdan ko‘rinib turibdiki, eng katta sakrash 2023–2024-yillarda qayd etildi: investitsiyalar 36,4 trln so‘mdan 61,8 trln so‘mga, ya’ni bir yil ichida qariyb 70 foizga oshdi. 2025-yilda esa qiymat 58,8 trln so‘mgacha 4,8 foizga kamaydi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar sohada tub burilish yasadi. Jumladan, birgina 2020-yilning o‘zida sohaga ajratilgan 3,4 trillion so‘mlik sarmoya evaziga 150 ta yangi kon davlat hisobiga kiritildi (shundan Buxoro va Navoiyda 3 ta oltin, Samarqand va Jizzaxda 2 ta uran koni). Umuman olganda, 2016–2025 yillarda sohani moliyalashtirishga yo‘naltirilgan 1,7 milliard dollardan ortiq investitsiyalar hisobiga mamlakatimizda 1 ming 900 dan ziyod yangi kon ochildi hamda uranning tasdiqlangan zaxiralari 44 foizga ko‘paydi.

Qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar 5 baravar oshdi

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan investitsiyalar ham so‘nggi yillarda sezilarli ko‘paydi. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda sohaga 4,75 trln so‘m asosiy kapitalga investitsiya kiritilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 24,1 trln so‘mga yetgan. Demak, sakkiz yil ichida investitsiyalar qariyb 5,1 baravarga oshgan.

qishloq_xojaligi_investitsiya_2016_2025

Raqamlar qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar bir maromda oshmaganini ko‘rsatadi. 2016-yildagi 4,75 trln so‘mlik ko‘rsatkich 2020-yilga kelib 14 trln so‘mdan oshdi. Keyingi yillarda o‘sish biroz sekinlashgan bo‘lsa, 2024-yilda yana tezlashish kuzatilib, investitsiyalar 25,7 trln so‘mgacha yetdi.

Nega qishloq xo‘jaligiga investitsiya ko‘paydi? Buning sabablaridan biri — qishloq xo‘jaligida oddiy xomashyo yetishtirishdan ko‘ra zamonaviy texnologiyalar va qayta ishlashga ko‘proq mablag‘ talab qilinadigan tizimga o‘tish bilan bog‘liq. Masalan, 2024-yilda kiritilgan 25,7 trln so‘mlik sarmoyaning 12,8 trln so‘mi xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan moliyalashtirilgan. Bu jami investitsiyalarning qariyb 50 foiziga teng.  

Bundan tashqari, 2019-yilda qabul qilingan 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyada asosiy e’tibor hosildorlikni oshirish, yer va suv resurslaridan samaraliroq foydalanish, fermerlarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligini bozor tamoyillari asosida rivojlantirishga qaratilgan . Bu esa sohaga yangi texnika, sug‘orish tizimlariga mablag‘ kiritish ehtiyojini oshirdi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan xo‘jaliklarni subsidiyalash va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham davlat dasturlari amalga oshirildi.

Tashish va saqlash: investitsiyalar 2016–2024-yillarda 4,3 baravar oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi SIAT ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda unga 5,79 trln so‘m asosiy kapitalga investitsiya kiritilgan. 2024-yilga kelib esa bu qiymat 25,11 trln so‘mni tashkil etgan. Demak, sakkiz yil ichida investitsiyalar 4,3 baravarga ko‘tarilgan.

tashish_saqlash_investitsiya_2016_2024

Eng sezilarli burilish 2019-yilda kuzatilib, investitsiyalar hajmi 2018-yildagi 8,49 trln so‘mdan 14,05 trln so‘mga, ya’ni bir yil ichida qariyb 66 foizga oshgan. 2020-yilda o‘sish deyarli to‘xtab, ko‘rsatkich 14,13 trln so‘m bo‘lgan. Keyingi davrda, xususan, 2021-yilda 16,01 trln, 2022-yilda 20,60 trln va 2023-yilda 25,30 trln so‘mga yetgan. 2024-yilda esa deyarli o‘zgarmay, 25,11 trln so‘mni tashkil qilgan.

Transport va saqlash sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarni faqat yangi avtomobil yo‘llari yoki temiryo‘l liniyalarining qurilishidan tashqari, logistika xizmatlarini ham qamrab oladi. Bu soha iqtisodiyotda yuk va yo‘lovchilarni tashish bilan birga, saqlash hamda transport faoliyatiga yordamchi xizmatlarni ham qamrab oladi.

Sohaga yo‘naltirilgan investitsiyalar transport xizmatlari hajmi oshishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016–2025-yillarda mamlakatda transport xizmatlari hajmi 30,6 trln so‘mdan 188,3 trln so‘mga (6,2 barobar) o‘sdi. Uning tarkibida avtotransport xizmatlari 19,2 trln so‘mdan 95,9 trln so‘mga (qariyb 5 barobar), temiryo‘l transporti xizmatlari esa 2,8 trln so‘mdan 15,3 trln so‘mga yetdi.

2026-yilning birinchi yarmida investitsiyalar qaysi sohalarga yo‘naltirildi?

Yanvar–iyun oylarida mamlakatda 338,9 trln so‘mlik asosiy kapitalga investitsiya o‘zlashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,5 foizga ko‘p.

Code_Generated_Image (1)

Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida eng katta mablag‘ yana ishlab chiqarish sanoatiga yo‘naltirilmoqda — 100,5 trln so‘m, ya’ni jami investitsiyalarning qariyb 29,6 foizi aynan shu sohaga to‘g‘ri kelgan.

Ikkinchi o‘rinda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi turibdi, bu yo‘nalishga 32,9 trln so‘m mablag‘ jalb qilingan. Qurilish sohasi ham yetakchi yo‘nalishlardan biri bo‘lib, unga 32,5 trln so‘m investitsiya kiritildi.

Beshlikning qolgan ikki pog‘onasini elektr energiyasi, gaz, bug‘ va havoni konditsiyalash xizmatlari yo‘nalishi (29,9 trln so‘m) va turar joy qurilishi (27,3 trln so‘m) egallagan. Taqqoslash uchun, tog‘-kon sanoatiga 21,8 trln so‘m investitsiya kiritilgan. Ya’ni bu soha investitsiya hajmi bo‘yicha eng ko‘p mablag‘ ajratilgan beshta sohadan keyingi o‘rinda turadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, 2016–2025-yillardagi investitsiya xaritasi O‘zbekistonning xomashyo eksport qiluvchi mamlakatdan sanoatlashgan va muqobil energetikaga tayanadigan iqtisodiyotga o‘tishga urinayotganini ko‘rsatadi.

Ko‘rsatkichlarning 11,5 baravarga oshishi zamirida ham katta islohotlar va xorijiy kapitalning ishonchi yotadi. Endigi muhim vazifa esa milliardlab so‘mlik bu resurslarni har bir vatandoshning farovonligi, barqaror ish o‘rinlari va milliy valutaning barqarorligida aniq sezilishini ta’minlashdan iborat.

Muallif: Diyora Xabibullayeva

 

 

 

 

 

 

Teglar

Mavzuga oid