Logo

Arab monarxlari Trampdan charchagan

Bugun 20:305 daqiqa

Donald Trampning Eronga nisbatan olib borayotgan tartibsiz va bashorat qilib bo‘lmaydigan siyosati Fors ko‘rfazidagi arab ittifoqchilarining sabrini sinamoqda.

Arab monarxlari Trampdan charchagan

AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari uchun belgilangan ikki oylik muddat 17-avgust kuni nihoyasiga yetdi. Biroq Vashington ham, Tehron ham urushni yakunlash bo‘yicha bironta aniq reja taqdim eta olmadi.

Iyun oyida imzolangan memorandumda AQSH va Eron muzokaralar davomida «ko‘pi bilan 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish» majburiyatini olgan edi. Shu bilan birga, tomonlar belgilangan vaqtga ulgurmaslik ehtimolini ham hisobga olib, muddatni o‘zaro rozilik asosida uzaytirish imkoniyatini qoldirgandi. Lekin hozircha amerikaliklar ham, eronliklar ham bu muddatni cho‘zishga tayyor ekanini tasdiqlamadi.

Dastlabki rejaga ko‘ra, tomonlar iyul va avgust oylari davomida ikki asosiy masala — Eronning yadroviy dasturi hamda Tehronga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bo‘yicha murosaga kelishi lozim edi.

Biroq tomonlarning hech biri 60 kunlik sulh shartlariga qat’iy amal qilmadi. Eron dastlabki kunlardanoq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamalini qayta tiklab, savdo kemalariga hujum qilishni davom ettirdi. Bunga javoban AQSH Eron obyektlariga shiddatli zarbalar berishni to‘xtatmadi. Tehron esa Amerika harbiy bazalari joylashgan qo‘shni davlatlar hududiga raketa va dronlar uchirdi. 

Endi diplomatik aloqalarni saqlab qolish mas’uliyati Ummonning zimmasiga tushmoqda. Bu mamlakat kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish tartibini belgilash bo‘yicha Eron bilan muzokaralar olib bormoqda. Agar Tehron va Maskat o‘zaro kelishib olsa, bu dunyodagi eng muhim strategik bo‘g‘ozlardan birini qamaldan chiqarishga yordam beradi hamda yadroviy bitim bo‘yicha muzokaralarga yo‘l ochadi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy 14-avgust kuni Tehron Ummon bilan «tranzit yo‘nalishlari xaritasi»ni kelishib olganini, biroq yakuniy bitim hali tayyor emasligini ma’lum qildi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi kuchlar mintaqaning «doimiy nizo va beqarorlik girdobida qolishini» istamoqda. Bag‘oiy bu aynan qaysi kuchlar ekaniga aniqlik kiritmadi.

Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Tramp agar Vashingtonning Ho‘rmuzdagi harakatlariga xalaqit bersa, Ummonni bombardimon qilish bilan tahdid qildi.

Vaholanki, ushbu sultonlik AQSHning mintaqadagi eng asosiy va eski ittifoqchilaridan biri bo‘lib, Vashington hamda Tehron o‘rtasidagi nizoda qat’iy betaraflik pozitsiyasini egallab kelmoqda. Shu sababli ham Ummon «Yaqin Sharq Shveysariyasi» deb ataladi.

Fors ko‘rfazi davlatlarining sabri tugamoqda

Trampning Eronga nisbatan olib borayotgan siyosati uning arab qo‘shnilarini jiddiy bezovta qilmoqda. «The Washington Post» (WP) nashriga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt va Bahrayn AQSHning muzokaralarga yondashuvidan keskin norozi. Shu bois ular o‘z hududidagi Amerika harbiy bazalarini yopish masalasini jiddiy muhokama qilmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi nizo boshlangandan buyon ittifoqchilarning AQSHga bo‘lgan ishonchi sezilarli darajada susaygan. Ular amerikaliklarning mintaqadagi xatti-harakatlari xavfsizlikni ta’minlash o‘rniga, aksincha, vaziyatni yanada qaltislashtirmoqda, deb hisoblamoqda.

«Eurasia Group» tahlil markazining Yaqin Sharq bo‘yicha direktori Firas Maqsadning WP nashriga ma’lum qilishicha, bu norozilik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Ko‘rfazdagi ittifoqchilar Trampning o‘zi oxiriga yetkaza olmayotgan urushga «bekorga tortilgandek» his qilmoqda. Uning Eronga nisbatan olib borayotgan siyosatini esa «tartibsiz» va «bashorat qilib bo‘lmaydigan» deb baholashmoqda.

«Urushni Tramp boshladi, badalini esa biz to‘layapmiz», — deydi Ko‘rfaz davlatlari mulozimlaridan biri nashrga bergan anonim intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avgust oyiga kelib AQSHdan norozilik o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Gazetaning yozishicha, Eronning ittifoqchisi bo‘lgan Yaman husiychilarining Saudiya energetika obyektlari va Qizil dengizdagi kemalariga bergan zarbalari vaziyatni yanada keskinlashtirgan.

Husiychilar 9-avgust kuni Qizil dengiz sohilida joylashgan Saudiyaning «Jazon» neftni qayta ishlash zavodiga raketa zarbalarini yo‘lladi. Kuniga o‘rtacha 400 ming barrel xom neftni qayta ishlaydigan ushbu zavod o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatdi. 17-avgust kuni esa harakat a’zolari Bob al-Mandab bo‘g‘ozida Saudiya kemasiga hujum qildi.

Bob al-Mandab bo‘g‘ozi Saudiya Arabistoni uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yganidan beri Ar-Riyoz neftni aynan Qizil dengiz portlari orqali eksport qilmoqda. WP nashri qayd etishicha, Saudiya Arabistoni oradan olti oy o‘tsa-da, Trampning Eron bilan na kelisha olganidan, na mintaqadagi eronparast kuchlar tahdidini bartaraf eta olganidan norozi.

Biroq AQSH prezidentining yangrayotgan tahdidlari amalda ko‘pincha o‘z tasdig‘ini topmayapti. Hatto Eron uning talablarini bajarmagan taqdirda ham, Oq uy rahbari keyinchalik tasdiqlanmaydigan qandaydir «ijobiy siljishlar»ni ro‘kach qilib, harbiy zarba berishdan voz kechmoqda.

Kuvayt universiteti professori Bader as-Sayfning fikricha, Trampning hozirgi ikkilanishlaridan avval ham Vashingtonda aniq bir strategiya bo‘lmagan. Ekspert iyun oyida Eron bilan imzolangan memorandumni «hazil» deb ataydi. Chunki ushbu hujjatda Ko‘rfaz davlatlarining asosiy xavotirlari — Eron ballistik raketalari va uning proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi masalalari ochiq qoldirilgan edi.

Shunday bo‘lsa-da, hozircha oshkora norozilik alomatlari ko‘zga tashlanmayapti. Qolaversa, mintaqa mamlakatlari Vashington bilan iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etmoqda. 22-iyul kuni AQSH va Saudiya Arabistoni yadro energetikasini rivojlantirish bo‘yicha bitim imzoladi.

Arab davlatlari AQSHdaн bazalarini olib чиқиб кетишni talab qiladimi?

Aslida, bunday muhokamalar allaqachon boshlangan: mintaqadagi ayrim mamlakatlar yirik Amerika bazalari nima uchun kerakligini norasmiy tarzda muhokama qila boshladi, deb yozadi «The Washington Post» (WP) nashri. Joriy yilning aprel oyida BAAning nufuzli siyosatshunosi Abdulxoliq Abdulla amirlik hududida joylashgan Amerika harbiy bazalari «foydadan ko‘ra ko‘proq tashvish keltiradigan bo‘lib qoldi», deya bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amirliklarning havo hujumidan mudofaa tizimi Eron raketalari va dronlarining aksariyatini muvaffaqiyatli urib tushirmoqda.

Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston 7-avgust kuni «Makka bitimi» deb nomlangan o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. WP iqtibos keltirgan yuqori martabali yevropalik diplomat ushbu paktni aynan Vashingtonga yo‘llangan navbatdagi signal deb atadi: uchta qudratli sunniy davlat «xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni diversifikatsiya qilishga urinmoqda».  

Shunga qaramay, Fors ko‘rfazi davlatlari xavfsizlik bo‘yicha asosiy hamkor va qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi sifatida hamon Vashingtonga qaram. Mintaqada 30 mingdan ortiq Amerika harbiylari joylashtirilgan. Jumladan, Bahraynda AQSH Beshinchi flotining qarorgohi, Qatarda esa 10 mingdan ortiq AQSH askari bo‘lgan, Yaqin Sharqdagi eng yirik hisoblangan Al-Udayd bazasi joylashgan.

Teglar

Mavzuga oid