Logo

Markaziy Osiyoda 80 million gektardan ortiq yer degradatsiyaga uchragan — UNCCD hisoboti

Mintaqa mamlakatlarining har yili ko‘rayotgan iqtisodiy zarari 2 milliard dollardan qariyb 6 milliard dollargacha yetadi.

Markaziy Osiyoda 80 million gektardan ortiq yer degradatsiyaga uchragan — UNCCD hisoboti © E-auksion

Markaziy Osiyoda 80 million gektardan ortiq yerning holati yomonlashgan. Bu ma’lumotlar BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) doirasida tayyorlangan Global Land Outlook’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi tematik hisobotida keltirilgan.

Hisobot Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonga bag‘ishlangan. Unda yerlar va yaylovlarning degradatsiyasi, tuproq holati, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi hamda yer resurslarini tiklash choralari ko‘rib chiqilgan.

Zarar milliardlab dollarga baholanmoqda

Hisobotda avval o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslangan baholar keltirilgan. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyoning yerlar degradatsiyasi tufayli har yili ko‘rayotgan iqtisodiy zarari 2 milliard dollardan qariyb 6 milliard dollargacha yetadi. Baholardagi farq hisob-kitob usullarining turlichaligi bilan bog‘liq. Hisob-kitoblarda, jumladan, hosildorlikning pasayishi, yaylovlar holatining yomonlashishi, yerlar unumdorligining yo‘qolishi va degradatsiyaning boshqa oqibatlari hisobga olingan.

Mualliflar mintaqadagi asosiy muammolar qatorida eroziya, tuproqlarning sho‘rlanishi, yaylovlarning degradatsiyasi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, qum va chang bo‘ronlarini qayd etgan.

Hisobotning O‘zbekistonga bag‘ishlangan qismida Orol dengizining qurib qolgan tubidagi 2 million gektar maydonga saksovul ekilgani aytilgan. Unda aytilishicha, changni ushlab qolish ko‘rsatkichi 35–40 foizni tashkil etgan, vaholanki, dastlab 15–18 foiz bo‘lishi prognoz qilingan edi.

Shuningdek, «Yashil makon» loyihasi doirasida yiliga 200 million ko‘chat ekish rejalashtirilgani yozilgan. 2030-yilga qadar shaharlarning ko‘kalamzorlashtirish darajasini 8 foizdan 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Daraxtlarni kesishga doimiy moratoriy joriy etilishi esa katta o‘zgarish sifatida baholanmoqda. 1 million gektar yer tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tgan.

Muzliklar va yerlar degradatsiyasi

Hujjatda Markaziy Osiyo yerlarining holati iqlim o‘zgarishi va suv resurslari bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘rib chiqilgan. Hisobotda keltirilgan bahoga ko‘ra, yuqori emissiya ssenariysi — RCP 8.5 bo‘yicha Tojikiston 2100-yilga borib muzliklarining 80 foizigacha qismidan ayrilishi mumkin. Bu ssenariyga asoslangan baholash bo‘lib, voqealar albatta shunday rivojlanishi haqidagi aniq prognoz emas.

Shuningdek, qum va chang bo‘ronlarining ta’siri ham qayd etilgan. Chang va tuz zarrachalari uzoq masofalarga tarqalishi mumkin. Hisobotda, xususan, qurib qolgan Orol dengizi hududidan ko‘tarilgan chang Markaziy Osiyo tog‘larigacha yetib borishi va Pomir muzliklariga cho‘kishi mumkinligi aytilgan.

Global Land Outlook Central Asia Thematic Report hisobotining rasmiy taqdimoti 26-avgust kuni Ulan-Batorda bo‘lib o‘tadigan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi COP17 konferensiyasi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Konferensiya 17–28-avgust kunlari davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid