Logo

Qirg‘izistonda «Telegram», «Pinduoduo» va yana 9 ta yirik servis bloklanishi mumkin

Bugun 21:232 daqiqa

Davlat soliq xizmati majburiy soliq ro‘yxatidan o‘tmagan 11 ta yirik xorijiy kompaniyani bloklash bilan ogohlantirdi.

Qirg‘izistonda «Telegram», «Pinduoduo» va yana 9 ta yirik servis bloklanishi mumkin © SI asosida yaratilgan

Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati «Pinduoduo», «Telegram», «Microsoft» va yana sakkizta yirik xorijiy IT hamda savdo servislarini mamlakat hududida bloklash bilan ogohlantirdi. Bunga ushbu kompaniyalarning elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy shaxs sifatida majburiy soliq ro‘yxatidan o‘tish talablarini e’tiborsiz qoldirayotgani sabab bo‘lmoqda. Bu haqda 18-avgust kuni «Economist.kg» nashri xabar berdi.

Soliq xizmati va tijorat banklarining qo‘shma tahlillari natijasida Qirg‘izistonda katta miqdordagi pul aylanmalariga ega bo‘lgan, biroq haligacha hisobga turmagan 11 ta yirik tashkilot aniqlangan. Mazkur qora ro‘yxatdan «Alibaba Group» («1688»), «VK», «Valve», «Sony Interactive Entertainment», «Epic Games», «Electronic Arts», «Twitch» va «Dropbox» kabi taniqli platformalar ham joy olgan.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar boshqa 73 ta xorijiy kompaniya soliq ro‘yxatidan muvaffaqiyatli o‘tib, qonuniy asosda ishlamoqda.

Milliardlab tranzaksiyalar va ehtimoliy cheklovlar

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina 2024–2025 yillar davomida Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan mazkur 11 ta kompaniya hisobiga jami 13,2 milliard somdan ziyod (qariyb 15,9 millionta tranzaksiya) mablag‘ o‘tkazilgan.

Eng ko‘p pul o‘tkazmalari quyidagi servislar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda:

• «Pinduoduo» — 8,89 mlrd som;

• «Alibaba» — 2,83 mlrd som;

• «Microsoft» — 1,01 mlrd som.

Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati ushbu tashkilotlarga qonunchilik talablarini tushuntirib bir necha bor rasmiy xatlar yo‘llagan.

Shuningdek, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi orqali diplomatik kanallar yordamida ham murojaatlar qilingan, biroq kompaniyalar tomonidan hech qanday javob qaytarilmagan.

«Agar qonunchilik talablari bundan keyin ham e’tiborsiz qoldirilsa, idora mazkur kompaniyalarning elektron servislariga Qirg‘iziston hududida kirishni cheklash tashabbusi bilan chiqadi», — deya ogohlantirgan Davlat soliq xizmati.

Teglar

Mavzuga oid