Rossiyada Hindiston, Viyetnam va KXDR migrantlari Markaziy osiyoliklarni siqib chiqara oladimi?
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga ish maqsadida borishi kamaygan.

Yaqin kelajakda MDHga a’zo bo‘lmagan mamlakatlardan Rossiyaga kelayotgan ishchilar Markaziy osiyolik mehnat migrantlarining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Bu siyosat faqatgina ishchi kuchi manbalarini diversifikatsiya qilishga yordam berishi mumkin. Bu haqda Rossiya-Tojikiston (Slavyan) universitetining xorijiy mintaqashunoslik va tashqi siyosat kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Rahmon O‘lmasov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Men MDHga kirmaydigan davlatlardan ishchi kuchini jalb qilish yaqin kelajakda Tojikistondan kelgan mehnat migrantlarining o‘rnini bosa oladi, deb hisoblamayman. Bu yerda gap bir guruh migrantlarni boshqasi bilan almashtirish haqida emas, balki ishchi kuchi manbalarini diversifikatsiya qilish haqida bormoqda», — dedi professor O‘lmasov.
Avvalroq «Vedomosti» gazetasi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2026 yilning birinchi yarim yilligida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga ish maqsadida borishi 2025 yilning mos davriga nisbatan 15 foizga kamaygan — 2,3 milliondan 1,9 milliongacha qisqargan. Eng sezilarli pasayish Tojikiston fuqarolari o‘rtasida qayd etilgan bo‘lib, ish maqsadidagi tashriflar qariyb 18 foizga (494,5 minggacha) kamaygani ma’lum qilingan edi.
Markaziy Osiyo migrantlarida ustunlik bor
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya ishchilarni jalb qilish geografiyasini kengaytirmoqda va Hindiston, Viyetnam, Myanma, Bangladesh hamda KXDR fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ishga qabul qilish masalasi tez-tez muhokama qilinmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu holat keskin kadrlar taqisligi va faqat bir mintaqaga qaramlikni kamaytirish istagi bilan izohlanadi. Ammo bunday siyosat imkoniyatlarining o‘ziga xos obyektiv chegaralari mavjudligi aytilmoqda.
«Birinchidan, Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar muhim raqobat ustunliklariga ega. Ularning aksariyati rus tilini biladi, Rossiyaning madaniy va huquqiy muhiti bilan tanish, Rossiyada qarindoshlari va shakllangan ijtimoiy aloqalari bor. Bu ularning moslashishini sezilarli darajada yengillashtiradi va ish beruvchilarning xarajatlarini kamaytiradi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi nashr.
Shuningdek, Markaziy Osiyoning geografik jihatdan yaqinligi transport xarajatlarini keskin qisqartiradi va Rossiya mehnat bozoridagi mavsumiy ehtiyojlarga tezkor munosabat bildirish imkonini beradi.
«Uchinchidan, o‘nlab yillar davomida barqaror migratsiya infratuzilmasi — kadrlar agentliklari, transport yo‘nalishlari, diasporalar, pul o‘tkazmalari mexanizmlari va ijtimoiy tarmoqlar shakllangan. Yangi davlatlar uchun xuddi shunday infratuzilmani yaratish vaqt va katta resurslarni talab qiladi», — dedi professor.
Uning qayd etishicha, shu sababli yangi davlatlar Tojikistondan kelgan migrantlarni siqib chiqarmaydi, balki kadrlar taqisligi eng keskin sezilayotgan yoki ma’lum malakaga ega mutaxassislar talab qilinadigan bo‘shliqlarni to‘ldiradi, xolos.
Tojikiston mehnat migratsiyasi
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xorijga ishlash uchun ketayotgan Tojikiston fuqarolarining asosiy qismi hamon Rossiyaga yo‘l olmoqda. RF Prezidenti Vladimir Putin 2025 yilning oktabr oyida Dushanbega qilgan davlat tashrifi chog‘ida respublika fuqarolarining Rossiya iqtisodiyoti o‘sishiga qo‘shayotgan hissasini ta’kidlab, Rossiya qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida 1 milliondan ortiq tojikistonlik mehnat qilayotganini aytib o‘tgan edi.
Shu bilan birga, Tojikiston hukumati o‘z fuqarolarining mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini kengaytirish ustida ishlamoqda. Jumladan, Tojikiston Mehnat vazirligi 17 ta davlat, shu jumladan, Rossiya, Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Xitoy, Kuvayt, BAA va Turkiya bilan kelishuvlar imzolagan. Biroq, tashkiliy ishga qabul qilish doirasida Rossiyadan tashqari boshqa davlatlarga ishga ketgan tojikistonliklar soni hozircha yiliga bir necha ming kishini tashkil etmoqda.





