Noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish tartibi belgilanadi
Yangi hujjat bilan moliyaviy jarimadan ozod etish yoki uni 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda. Sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan jarima summasini qisqa muddatlarda qaytarish, kechiktirilgan taqdirda esa foiz to‘lash tartibini joriy etish nazarda tutilyapti.

O‘zbekistonda moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini belgilash, ular ustidan shikoyat qilish hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarishga qaratilgan qonun loyihasi 18-avgust kuni deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu hujjat moliyaviy jarimalarni qo‘llashning yagona, aniq va shaffof tartibini belgilash, moliyaviy sanksiyalarni ixtiyoriy va yengillashtirilgan tartibda ijro etish mexanizmlarini joriy qilishga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish, qonunga xilof ravishda undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarish orqali tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish nazarda tutilmoqda. Unda sud nazoratining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy javobgarlikni qo‘llash tartibini yanada yengillashtirish ham belgilanyapti. Bu esa tadbirkorlarni asossiz yoki ortiqcha moliyaviy jazolardan himoya qilishga xizmat qiladi.
Qolaversa, hujjat bilan moliyaviy jarimadan ozod etish yoki uni 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda. Sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan jarima summasini qisqa muddatlarda qaytarish, kechiktirilgan taqdirda esa foiz to‘lash tartibini joriy etish nazarda tutilyapti.
«Qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish, qo‘llangan moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida to‘lanilishini rag‘batlantirish, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida bu boradagi munosabatlarni soddalashtirishga xizmat qiladi», — deya yozadi parlamentning quyi palatasi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bankning ilk moliyaviy ommaboplik indeksi kichik va o‘rta biznes uchun to‘lov xizmatlarining mavjudligiga qancha ball bergani haqida yozgan edik.





