add

AQSHda AKFA zavodi va Amerika paxtasi

Bugun 14:556143

AKFA Amerikada 600 mln dollarlik zavod quradi. U qanday zavod bo‘ladi?

AQSHda AKFA zavodi va Amerika paxtasi

Amerikadan O‘zbekistonga 100 ming tonna paxta import qilinadi. Paxtadan bu yil qariyb 4 million tonna xirmon to‘plagan O‘zbekistonga Amerika paxtasi nima uchun kerak?

Mirziyoyevning Amerikaga tashrifi ortidan iqtisodiyot va biznesga oid bo‘y ko‘rsatgan eng qiziq ikkita xabarni sharhlab beramiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi. AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra, keyingi 10 yil ichida O‘zbekiston AQSHga 100 mlrd dollar investitsiya qilishiga kelishib olingan edi.

Ana shunday investitsiyalardan biri — Amerikada 600 million dollarlik ulkan loyiha start olayotgani haqida biznesmen Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘zi gapirib berdi.

Toshkent shahrining sobiq hokimi, biznesmen Jahongir Ortiqxo‘jayev ma’lum qilishicha, unga tegishli AKFA GROUP kompaniyasi AQSHning Kentukki shtatida Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik zavod qurilishini boshladi.

Birinchi bosqichda loyihaga 105 mln dollarlik investitsiya jalb qilinmoqda, loyihaning umumiy qiymati esa — 600 million dollarga baholanmoqda.

 Jahongir Ortiqxo‘jayev, tadbirkor:

 «Bu yerda alyuminiy mahsulotlari, avtomobillarga ehtiyot qismlar, quyosh panellariga ehtiyot qismlar, oynalarga ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan fabrikani boshladik. Xudo xohlasa, birinchi yili 105 million dollar investitsiya jalb qilinmoqda. Undan tashqari, umumiy 600 million dollarlik investitsiya jalb qilinmoqda Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi fabrika uchun», — deydi tadbirkor.

Dunyoning mashhur kiyim-kechak brendlari bilan ishlash maqsadida O‘zbekiston AQSHdan 100 ming tonna paxta sotib oladigan bo‘ldi.

6-noyabr kuni Vashingtonda Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQSH savdo vaziri Hovard Latnik ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi va ilk shartnomalar imzolandi. Jumladan, «O‘zsanoateksport» hamda AQSHning Cargill korporatsiyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzildi.

AQSH davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, 3 yil davomida import qilinadigan 100 ming tonna Amerika paxtasidan Samarkand Apparel kompaniyasi xalqaro brendlar uchun mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu kelishuv O‘zbekistonning Premium bozorlarga chiqishini tezlashtirishi mumkin.

Samarkand Apparel kompaniyasi rahbari, Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash agentligi direktori maslahatchisi Aziz Ahrorovning Oʻzbekiston24 telekanaliga ta’kidlashicha, AQSH bozorida katta bo‘shliq vujudga kelgan. Bu o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun yangicha imkoniyat yaratib bermoqda.

Bu tashabbus O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotlar uchun xalqaro talab va imijni oshirishga qaratilgan. Xususan, «Made from US Cotton» brendi ostidagi mahsulotlar eksport bozorlarida yuqori baholanishi mumkin.

Ortiqxo‘jayev kim?

Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayev 1975 yil 2-yanvar kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti bo‘yicha iqtisodchi.

O‘zbekistonda AKFA Group va ARTEL Group kompaniyalarini tashkil qilgan.

2011 yildan 2017 yilgacha Artel Engineering kompaniyasiga rahbarlik qilgan.

2017–2018 yillarda Tashkent City markazi direktori lavozimida ishlagan.

U 2018 yil 21-dekabrdan Toshkent shahri hokimi lavozimiga tayinlangan. 2023 yil 16-yanvarda esa hokimlik vazifasidan ozod etilgan.

Ayni paytda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda.

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 3

Barchasi

Mavzuga oid

AQSHda AKFA zavodi va Amerika paxtasi | Vaqt.uz