Qodirov futbolchilarni tanqid qildi, O‘zbekistonning ikki qishlog‘i Qirg‘iziston tarkibiga o‘tdi, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
Saida Mirziyoyeva Andijon viloyati rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazdi
Yakunlanayotgan haftada Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyati rahbariyati hamda tuman hokimlari ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazdi. Unda hududlardagi dolzarb muammolarni respublika, viloyat va mahalla darajasida hal etish, qarorlar qabul qilish jarayonini tezlashtirish hamda ularning ijrosini qat’iy nazorat qilish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri 1980-yillarda qurilgan magistral suv tarmog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Minglab aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarni ichimlik suvi bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ushbu infratuzilmani yangilashni ortiqcha kechiktirib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Bu esa hududlarda kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarga ustuvor ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.
Adiz Boboyevga ogohlantirish yuborildi
O‘tayotgan haftada Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning oliy ta’lim muassasalariga shahar ko‘chalarini biriktirish haqidagi tashabbusi jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Hokim talabalar va o‘qituvchilar ko‘chalardagi muammolarni kuzatib, ular yuzasidan takliflar berib borishini taklif qildi.
Bu tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda majburiy mehnatga qaytish haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Huquq faollari va yuristlar bunday amaliyot ixtiyoriylikdan chiqsa, qonunchilikka zid bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Hokimlik esa gap talabalarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilish emas, balki mutaxassislarning ilmiy salohiyatidan foydalanish haqida ketayotganini bildirib, tashabbus faqat tavsiya xususiyatiga ega ekanini ma’lum qildi.
Vaqt.uz surishtiruvidan so‘ng bu masalaga Davlat mehnat inspeksiyasi ham munosabat bildirdi. Inspeksiya Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga rasmiy ogohlantirish yuborib, pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekanini eslatdi.
Sentyabrdan ish haqi va stipendiyalar 7 foizga oshiriladi
Eshtdingizmi? Oylik oshar ekan. Bu hafta ko‘pchilik kutgan qarorlardan biri e’lon qilindi. Prezident farmoniga asosan, 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, 1-sentabrdan esa ish haqi hamda talabalar stipendiyalari 7 foizga oshiriladi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori ham qayta ko‘rib chiqildi. Farmonga asosan, yoshga doir eng kam pensiya 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi. Bolali oilalarga to‘lanadigan nafaqalar ham yangi miqdorlarda hisoblanadi.
Bundan tashqari, 1-sentabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 360 ming so‘mga, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘mga yetkaziladi. Shu bilan birga, pensiyalarni hisoblashning bazaviy miqdori ham oshiriladi.
“Ravshan Zolotoy” nomi Interpol qidiruvi ro‘yxatidan olib tashlandi
Yakunlanayotgan haftada O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi so‘roviga asosan Interpol orqali qidiruvga berilgan “Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinovning nomi xalqaro tashkilot bazasidagi ro‘yxatdan olib tashlangani ma’lum bo‘ldi.
Ravshan Muhitdinov joriy yil aprel oyida O‘zbekiston tomonidan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi. Uning nomi Interpol saytidagi “qidiruvdagi shaxslar” bo‘limida e’lon qilingan bo‘lib, keyinchalik u shubhali tarzda ushbu ro‘yxatdan yo‘qolib qolgani qayd etilmoqda.
Hozircha qidiruv ma’lumotlarining nima sababdan olib tashlangani rasman izohlanmagan. Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham bu qarorning huquqiy asoslari va ish bo‘yicha tergovning hozirgi bosqichi haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tish kerak, Interpol orqali beriladigan “qizil bildirishnoma”larni bekor qilish yoki tizimdan olib tashlash ma’lum huquqiy tartib-taomillar asosida amalga oshiriladi va bunda so‘rovchi davlatning murojaati yoki xalqaro tashkilotning mustaqil baholashi asos bo‘lishi mumkin.
Alisher Qodirov futbolchilarni keskin tanqid qildi
O‘tayotgan haftada O‘zbekiston futboli uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan voqea - milliy terma jamoaning Jahon chempionati doirasidagi o‘yini jamoatchilik e’tibor markazida bo‘ldi. Portugaliyaga qarshi kechgan uchrashuvda terma jamoa 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va bu natija keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
O‘yindan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar bildirildi. Ayrim foydalanuvchilar mag‘lubiyatga qaramasdan futbolchilarni qo‘llab-quvvatlab, shuncha yillik tajribaga ega kuchli jamoaga qarshi ilk bor bunday darajada raqobat qilishning o‘zi ham muhim natija ekanini ta’kidlashdi.
Shu bilan birga, tanqidiy fikrlar ham bildirilib, jamoa tarkibi va tayyorgarligiga oid muhokamalar kuchaydi.
Shu vaziyat ortidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov milliy terma jamoa va ayrim futbolchilarni keskin tanqid qildi. U jamoadagi “xizmat ko‘rsatgan” futbolchilar o‘rniga kelajakda samara beradigan yosh tarkibga imkoniyat berish kerakligini ta’kidladi.
Qodirovning fikricha, jamoada ayrim pozitsiyalarda jiddiy bo‘shliqlar bor, ayniqsa darvozabon masalasi alohida e’tibor talab qiladi. U bosh murabbiy Fabio Kannavaro atrofida kelajak saralash bosqichlariga mos raqobatbardosh tarkib shakllantirish zarurligini ham qayd etdi.
Shu bilan birga, u futbolchilarga murojaat qilib, bosim va tanqidlardan qat’i nazar, maydonda g‘urur bilan harakat qilish lozimligini ta’kidladi hamda jamoaning Osiyodagi eng kuchli termalar qatorida emasligini aytdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro esa Portugaliyaga qarshi uchrashuvdan keyin jamoasi bilan faxrlanishini aytdi.
Shuni ham takidlash kerakki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Jahon chempionatining dastlabki o‘yinida eng tezkor futbolchilardan biri bo‘ldi.
Bo‘stonliqdagi kanaldan yosh bolalarning jasadi chiqdi
Yakunlanayotgan haftada Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yuz bergan fojiali holat jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Bo‘zsuv kanalida 10 va 8 yoshli ikki nafar voyaga yetmagan bola ehtiyotsizlik oqibatida suvga tushib ketib, oqib ketgani haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida dastlab 21-iyun kuni g‘avvos-qutqaruvchilar tomonidan bir nafar bolaning jasadi topilgan. Ikkinchi bolani izlash ishlari uzluksiz davom ettirilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 22-iyun kuni soat 16:50 da olib borilgan qidiruvlar natijasida ikkinchi bolaning jasadi ham suvdan topilgan. Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazkur voqea suv havzalari, xususan kanallar atrofida bolalar xavfsizligi masalasi qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
O‘zbekistonning ikki qishlog‘i Qirg‘iziston tarkibiga o‘tdi
Bu hafta O‘zbekistonning ikki qishlog‘i Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgani malum bo‘ldi va O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara masalalariga oid muhim kelishuvlar jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Davlat chegarasini demarkatsiya qilish jarayoni doirasida hududlarni teng qiymat asosida almashish amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyatiga qarashli bo‘lgan Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlari Qirg‘iziston tarkibiga o‘tkazildi. Bu hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, jumladan qariyb 2,5 ming nafar etnik qirg‘izlar, tegishli ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari yakunlanganidan so‘ng Qirg‘iziston fuqaroligini olishi kutilmoqda.
O‘zbekiston tomoni esa bu qishloqlar evaziga chegara hududidan teng qiymatdagi yer uchastkalarini qabul qildi.
Shuningdek, transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Say va Tayan qishloqlari o‘rtasida yangi avtomobil yo‘li qurish uchun ham yer almashinuvi amalga oshirilgani qayd etildi.
Bu loyiha orqali ayrim tumanlar o‘rtasidagi masofa bir necha barobar qisqarishi kutilmoqda.
Mutasaddilar chegara va hududlar bilan bog‘liq bu kabi masalalar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik va amaliy manfaatlar asosida hal etilayotganini ta’kidlashdi.
Takidlash kerakki, bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi. Ammo, O‘zbekiston tomoni esa hozirga qadar ushbu masala yuzasidan rasmiy va batafsil munosabat bildirganicha yo‘q.
Oltin narxi 7 oydan beri ilk bor 4 ming dollardan pastladi
Yakunlanayotgan haftada jahon moliya bozorlarida oltin narxi keskin pasayish tendensiyasini namoyon qildi va 7 oydan beri ilk bor bir unsiya uchun 4 ming dollarlik psixologik chegaradan pastladi.
Bozor ma’lumotlariga ko‘ra, dollar kursining mustahkamlanishi hamda AQSH Federal zaxira tizimi tomonidan foiz stavkalari yana oshirilishi mumkinligi haqidagi kutilmalar oltinga bo‘lgan bosimni kuchaytirgan.
Natijada spot oltin narxi bir kunda bir necha foizgacha arzonlab, so‘nggi yetti oydagi eng past darajalardan biriga tushdi.
Tahlilchilar bu holatni investorlarning kapitalni daromad keltiruvchi moliyaviy instrumentlarga qayta taqsimlashi bilan izohlamoqda. Chunki yuqori foiz stavkalari sharoitida oltin kabi daromad keltirmaydigan aktivlarning jozibadorligi pasayadi.
Shu bilan birga, pasayishga qaramasdan, oltin narxi yil boshida kuzatilgan keskin o‘sishdan keyin hali ham yuqori diapazonda saqlanib turibdi. Biroq ekspertlar jahon iqtisodiy siyosatdagi o‘zgarishlar oltin bozoridagi tebranishlarni davom ettirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Teglar






