Logo

Eron raketalaridan qochish: Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalari ko‘chirishilishi mumkin

AQSH Eron raketalari va dronlari tahdidi ortidan Yaqin Sharqdagi harbiy infratuzilmasini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Eron raketalaridan qochish: Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalari ko‘chirishilishi mumkin

AQSH Yaqin Sharqda yangi harbiy mojarolar kelib chiqqan taqdirda, Eron hujumlari oldidagi zaifligini kamaytirish maqsadida Kuvayt va Saudiya Arabistonidagi harbiy bazalarining bir qismini boshqa hududlarga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Wall Street Journal» (WSJ) nashri muzokaralardan xabardor bo‘lgan amerikalik mulozimlarga tayanib xabar berdi.

«Ayni paytda AQSH harbiy rahbariyati Bahrayndagi bazani modernizatsiya qilish, Kuvayt va Saudiya Arabistonidagi harbiy ishtirokini qisqartirish, shuningdek, ayrim bazalar va ularning vazifalarini Eron raketalari hamda dronlari yetib bora olmaydigan g‘arbiy hududlarga ko‘chirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda», — deyiladi maqolada.

Xususan, gap AQSHning Bahrayndagi harbiy-dengiz bazasi haqida bormoqda. WSJ nashrining yozishicha, ushbu baza Eronga qarshi operatsiyalar boshlanganidan buyon ko‘plab zarbalarga uchragan. Gazeta hujumlar jiddiy vayronagarchiliklarga olib kelganini, biroq Pentagon bu haqda ommaga xabar bermaganini ta’kidlamoqda.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, AQSH shikastlangan obyektlarning ayrimlarini tiklashdan voz kechishi mumkin. Buning o‘rniga ba’zi qo‘mondonlik markazlarini yer ostiga ko‘chirish va harbiy infratuzilmani mintaqa bo‘ylab tengroq taqsimlash ko‘zda tutilmoqda. Biroq bu borada hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Qayd etilishicha, Amerika qo‘shinlarini joylashtirish uchun ehtimoliy manzillardan biri sifatida Isroil ham ko‘rib chiqilmoqda. Eronga qarshi harbiy operatsiyalar vaqtida AQSH o‘zining o‘nlab samolyotlarini, jumladan, qiruvchi va yoqilg‘i quyuvchi uchoqlarini aynan Isroil hududiga joylashtirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid