Eron bilan urush dunyoda yangi yadroviy poygani boshlab beradi — «Bloomberg»

Bugun 09:013 daqiqa

Trampning Eron siyosati va Saudiya Arabistoniga yadroviy texnologiyalar berilishi yadroviy qurollanishning yangi to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin. Qiyomat soati 85 soniyaga yaqinlashdi.

Eron bilan urush dunyoda yangi yadroviy poygani boshlab beradi — «Bloomberg»

AQSH prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari va ziddiyatli tashqi siyosati dunyoda yadroviy poyganing qayta tiklanishiga sabab bo‘lishi mumkin. «Bloomberg» tahlillariga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Saudiya Arabistoniga uranni boyitish va qayta ishlash texnologiyalarini topshirgani ma’lum bo‘ldi. Bu voqea Trampning Eronga yadroviy dasturdan voz kechish bo‘yicha ultimatum qo‘ygan bir paytda sodir bo‘lmoqda, bu esa mintaqadagi kuchlar muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Xalqaro taranglikning ortishi ko‘plab mamlakatlarni o‘z yadroviy pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Ilgari Amerikaning «yadroviy soyaboni»ga tayangan Germaniya va Polsha buyog‘iga Fransiyaning strategik tiyib turish tizimini kengaytirish taklifini ko‘rib chiqmoqda. Osiyoda esa vaziyat yanada jiddiy: Janubiy Koreya aholisining 75 foizdan ortig‘i o‘z yadroviy salohiyatini yaratishni qo‘llab-quvvatlamoqda, Yaponiyada esa Xitoy bilan munosabatlar yomonlashuvi fonida yadroviy qurolga ega bo‘lish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

Inqiroz qurollar ustidan nazorat tizimining kuchsizlanishi bilan yanada chuqurlashmoqda. Joriy yilning yanvar oyida «Qiyomat soati» (Doomsday Clock) millari yarim tungacha 85 soniya qolganini ko‘rsatdi — bu loyiha tarixidagi eng xavfli nuqtadir. Bunga Eron yadroviy obyektlariga hujumlar, AQSHning 30 yillik tanaffusdan so‘ng yadroviy sinovlarni qayta boshlash rejalari va Rossiya bilan qurollarni nazorat qilish bo‘yicha so‘nggi shartnoma muddati tugagani asosiy sabab bo‘ldi.

 

Yadroviy kaskad xavfi

Ekspertlar yadroviy qurolning «kaskadli tarqalishi» xavfidan ogohlantirmoqdalar. Agar Janubiy Koreya yadroviy qurol yaratsa, uning ortidan Yaponiya va Tayvan ham xuddi shu yo‘lni tanlashi mumkin, bu esa Xitoyda sarosima uyg‘otadi. Xuddi shunday xavotirlar Yaqin Sharq uchun ham amal qiladi: Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi yadroviy raqobat butun mintaqani xavf ostiga qo‘yadi.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossining ta’kidlashicha, yadroviy davlatlar sonining ko‘payishi dunyoni xavfsizroq qilmaydi, aksincha, global xavflarni geometrik progressiyada oshiradi. Yadroviy tiyib turish tizimi o‘rniga yadroviy xaos yuzaga kelishi ehtimoli kuchaymoqda, bu esa har qanday lokal mojaroni global halokatga aylantirishi mumkin.

 

Buyuk davlatlarning salohiyati

Yadroviy davlatlarning harbiy quvvati o‘sishda davom etmoqda. Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoyda hozirda 600 dan ortiq yadroviy kallaklar mavjud va 2030 yilga borib ularning soni 1000 taga yetishi mumkin. Pekin qit’alararo ballistik raketalar va hipertovushli qurollarni jadal rivojlantirmoqda. Shimoliy Koreya esa yadroviy kallaklar o‘rnatish imkoniyatiga ega ballistik raketalarni muntazam ravishda sinovdan o‘tkazmoqda.

AQSH va Rossiya o‘rtasidagi yadroviy qurollarni cheklash bo‘yicha so‘nggi kelishuvlarning amal qilish muddati tugashi qurollanish poygasi uchun «yashil chiroq» bo‘lib xizmat qilmoqda. Yangi sharoitda xalqaro xavfsizlik arxitekturasi butunlay parchalanib ketgan ko‘rinadi. Dunyo hamjamiyati yaqin yillarda yadroviy qurolsizlanish emas, balki uning yangi va yanada xavfliroq bosqichiga guvoh bo‘lishi bashorat qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid