Tibbiyot xodimlariga imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi belgilandi

Bugun 13:252 daqiqa

O‘zbekistonda 15 yillik stajga ega tibbiyot xodimlariga uy-joy sotib olishda ipoteka badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi rejalashtirilmoqda.

Tibbiyot xodimlariga imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi belgilandi

O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan yangi tartib ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badalining 25 foizi davlat tomonidan subsidiya qilinadi.

Mazkur imtiyoz Prezidentning 2025 yil 9-noyabrdagi qarorida belgilangan bo‘lib, har yili belgilangan kvota doirasida tibbiyot xodimlariga ushbu yordam ajratilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda ushbu mexanizmni amalga oshirish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi dastur ijrosi uchun mas’ul organ etib belgilanadi. Barcha jarayonlar subsidiya.mf.uz axborot tizimi orqali avtomatlashtiriladi — arizalarni qabul qilish, tekshirish, reyestr shakllantirish va subsidiya to‘lovlarini amalga oshirish shu tizim orqali bajariladi.

Ariza beruvchilar davlat xizmatlari markazlari yoki elektron platforma orqali murojaat qilishlari mumkin. Bir fuqaro har chorakda faqat bir marta ariza topshirishi mumkin. Saralashda asosiy talab — ariza beruvchining hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgani va kamida 15 yillik ish stajiga ega ekanligi hisoblanadi.

Subsidiya oluvchilar har chorakda tasodifiy tanlov asosida aniqlanadi. Tanlov onlayn tarzda o‘tkazilib, shaffoflik ta’minlanadi. Har chorakda 125 nafar g‘olib belgilanadi, agar talabgorlar soni kam bo‘lsa, barcha mos keluvchilar g‘olib deb topiladi.

G‘oliblar 6 oy ichida ipoteka shartnomasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart. Hujjat muhokamasi 2026 yil 9-aprelgacha davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid