Dunyo neft zaxiralari: qaysi davlatlar eng katta resursga ega

Kecha 23:207 daqiqa

Yirik davlatlarning strategik neft zaxiralari va ularning hajmi global energetika xavfsizligiga qanday ta’sir qilmoqda.

Dunyo neft zaxiralari: qaysi davlatlar eng katta resursga ega

Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini falaj qilib qo‘yishi global neft va gaz ta’minotida jiddiy uzilishlarga olib keldi hamda ko‘plab davlatlar iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida o‘zlarining strategik neft zaxiralaridan foydalanishni boshladi.

28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri, hududiy suvlari bo‘g‘ozgacha tutashgan Tehron dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gazning (LNG) 20 foizini Ko‘rfazdan dunyoning boshqa burchaklariga tashiydigan kemalar qatnovini to‘sib qo‘ydi. Ushbu bo‘g‘oz Ko‘rfazdagi neft va gaz ishlab chiqaruvchilar uchun ochiq okeanga chiquvchi yagona suv yo‘li hisoblanadi.

O‘tgan haftada «Brent» markasidagi neft narxi urushdan oldingi 65 dollar atrofidagi ko‘rsatkichdan sakrab, bir barreli uchun 100 dollardan oshib ketdi.

Qo‘shma Shtatlardagi Tramp ma’muriyati bo‘g‘ozni qayta ochishga urinib ko‘rdi, ammo bu besamar ketdi. Dastlab, u G‘arb davlatlarini bo‘g‘oz orqali o‘tadigan kemalarni kuzatib borish uchun harbiy kemalar yuborishga chaqirdi — biroq bu taklif rad etildi yoki javobsiz qoldirildi. Shundan keyin Tramp Eronga bo‘g‘ozni ochish uchun 48 soat muhlat berdi. Agar ushbu talab bajarilmasa, AQSH Eronning elektr stansiyalariga zarba berishi haqida ogohlantirdi.

Biroq Eron Isroildagi va mintaqada AQSH harbiy obyektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan elektr stansiyalariga javob zarbasi berishini e’lon qildi. Shuningdek, Tehron agar AQSH uning energetika infratuzilmasiga hujumlarni davom ettirsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini butunlay yopib qo‘yishini bildirdi.

So‘nggi uch hafta ichida Eronning butun Ko‘rfaz bo‘ylab energetika infratuzilmalariga qilgan hujumlari ortidan, Saudiya Arabistoni, BAA, Iroq va Quvayt kabi davlatlar ham neft qazib olish hajmini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Bu esa global neft va gaz ta’minoti borasidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

23-mart kuni Tramp Erondagi elektr stansiyalariga beriladigan zarbalarni besh kunga to‘xtatib turishga buyruq berdi va muzokaralar olib borilayotganini bildirdi. Bu uning Ho‘rmuz ultimatumi borasidagi qat’iy pozitsiyasidan biroz chekinganidan darak bergandek bo‘ldi. Biroq Eron bu xabarni rad etdi.

Bunday boshboshdoqlik sharoitida, 11-mart kuni Xalqaro energetika agentligiga (XEA) a’zo 32 davlat o‘zlarining strategik favqulodda zaxiralaridan 400 million barrel neftni bozorga chiqarishga kelishib oldi. Bu agentlik tarixidagi eng yirik zaxira ajratilishi bo‘lib, guruh a’zolari tomonidan 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin bozorga chiqarilgan 182 million barrel neftdan ancha ko‘pdir.

Xo‘sh, strategik neft zaxiralari o‘zi nima va ular qaysi davlatlarda mavjud?

Strategik neft zaxirasi o‘zi nima?

Strategik neft zaxirasi (SNZ) — bu mamlakat hukumati tomonidan davlat omborlarida saqlanadigan neftning favqulodda zaxirasidir.

Bunday neft zaxiralaridan urushlar va iqtisodiy inqirozlar kabi favqulodda holatlarda foydalanish mumkin. Hukumatlar, odatda, o‘z zaxiralarini to‘ldirib borish maqsadida xususiy kompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida neft sotib oladi.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda uning a’zolari 1,2 milliard barreldan ortiq favqulodda neft zaxiralariga ega. Bundan tashqari, xususiy tashkilotlar tomonidan saqlanadigan, ammo hukumat talabiga binoan jamoat ehtiyojlarini qondirish uchun yo‘naltirilishi majburiy bo‘lgan yana 600 million barrel sanoat zaxiralari ham mavjud.

XEAga a’zo bo‘lmagan Xitoy kabi boshqa davlatlar ham o‘zining strategik zaxiralariga ega.

Qaysi davlatlar strategik neft zaxiralariga ega? Ular Erondagi urushga dosh bera oladimi?

Xitoy

Pekin XEA a’zosi emas, biroq dunyodagi eng yirik strategik neft zaxirasiga egalik qiladi.

Xitoy Ekologiya va atrof-muhit vazirligining ma’lum qilishicha, Pekin neft ta’minotidagi xatarlarni kamaytirish hamda dunyo bozoridagi energiya resurslari narxlari tebranishining mamlakat ichki bozoriga ta’sirini yumshatish maqsadida 2004-yilda davlat strategik neft zaxiralarini shakllantirish dasturiga start bergan.

Xitoyning «Sinxua» davlat axborot agentligining 2007-yilgi hisobotida ta’kidlanishicha, «bazalar 30 kunlik importga teng, ya’ni taxminan 10 million tonna strategik neft zaxirasini saqlashga mo‘ljallangan». Bu strategik neft zaxiralari, asosan, Shandun, Chjetszyan va Xaynan kabi Xitoyning sharqiy va janubiy sohilbo‘yi mintaqalarida joylashgan.

Xitoy o‘z neft zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni rasman e’lon qilmaydi, shuning uchun mamlakatda qancha neft saqlanayotgani aniq emas. Biroq «Vortexa» energetika tahlillari kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda «Xitoyning quruqlikdagi neft zaxiralari (yer osti omborlarini hisobga olmaganda) o‘sishda davom etgan... va yil oxiriga kelib rekord darajadagi 1,13 milliard barrelga yetgan».

«Kpler» tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Xitoy Eron eksport qilgan neftning 80 foizdan ortig‘ini sotib olgan. Shu bois, «Reuters» agentligining xabarida aytilishicha, Erondagi urush keskinlashib borayotgani sababli, «Sinopec» kabi Xitoyning neftni qayta ishlash gigantlari mamlakat zaxiralaridan foydalanishga ruxsat olish uchun harakatni boshlab yuborgan.

«Biz asosan Eron neftini sotib olmaymiz, bu aniq», — degan «Sinopec» prezidenti Jao Dun mart oyida bo‘lib o‘tgan brifingda.

«Umid qilamizki, hukumat neft xom ashyosini va qayta ishlangan yoqilg‘i zaxiralarini hamda bozordagi vaziyatni yaqindan kuzatib bormoqda va o‘z vaqtida qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash uchun tegishli siyosatni amalga oshiradi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

AQSH

XEA a’zolari orasida AQSH 415 million barrel neft bilan eng yirik strategik neft zaxiralaridan biriga ega. AQSH Energetika vazirligi tasarrufida bo‘lgan ushbu zaxiralardan joriy yil davomida 172 million barrel neftni bozorga chiqarish rejalashtirilgan. Bu chora XEA bilan muvofiqlashtirilgan harakatlar doirasida amalga oshirilmoqda.

AQSH o‘zining strategik zaxirasini 1975-yilda — Arab davlatlarining neft embargosi benzin narxlarining keskin oshib ketishiga va AQSH iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishiga olib kelganidan so‘ng yaratgan. Zaxira omborlari AQSHning yirik neftni qayta ishlash yoki neft-kimyo markazlari yaqinida joylashgan bo‘lib, u yerdan kuniga 4,4 million barrelgacha neftni jahon bozoriga chiqarish imkoniyati mavjud.

«Reuters» axborot agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda SNZ sof xom neft importining taxminan 200 kunlik ehtiyojini qoplay oladi. AQSH prezidentlari urushlar davrida yoki Meksika ko‘rfazi bo‘ylab joylashgan neft infratuzilmalariga to‘fonlar yopirilganda neft bozorlarini barqarorlashtirish uchun ushbu zaxiradan foydalanib kelgan.

2024-yilning mart oyida AQSH prezidenti Jo Bayden 2022-yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan neft narxining keskin ko‘tarilishi va shundan so‘ng AQSH hamda uning ittifoqchilari tomonidan Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan bosimni yumshatish maqsadida zaxiradan neft chiqarilishini e’lon qilgan edi.

Yaponiya

XEA a’zosi bo‘lgan Yaponiya ham dunyodagi eng yirik strategik neft zaxiralaridan biriga ega.

Yaponiyaning «Nikkei Asia» nashriga ko‘ra, 2025-yil oxirida mamlakatda 470 million barrelga yaqin favqulodda zaxira mavjud bo‘lgan va bu ichki iste’molning 254 kunlik ehtiyojini qondirishga yetadi. Bu hajmning 146 kunlik qismi hukumatga, 101 kunligi xususiy sektorga tegishli bo‘lsa, qolgan qismi neft qazib oluvchi davlatlar bilan birgalikda saqlanadi.

Yaponiya 1973-yildagi global neft inqirozidan so‘ng kelajakdagi iqtisodiy tanazzullarning oldini olish maqsadida 1978-yilda o‘zining milliy neft zaxirasi tizimini yaratgan. O‘sha neft inqirozi Yaponiyaning zaifligini va xorijiy neftga qanchalik qaram ekanini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygan edi. Mamlakat hanuzgacha dunyodagi eng yirik neft importyorlaridan biri bo‘lib qolmoqda va o‘z energiya ehtiyojlarining qariyb 80 foizini xorijdan keltiriladigan qazilma yoqilg‘ilar hisobiga qondiradi.

Yaponiyaning zaxiralari asosan sohilbo‘yida joylashgan 10 ta milliy bazada saqlanadi, ularning eng yirigi mamlakat janubidagi Kagoshima prefekturasiga qarashli Shibushi bazasidir.

16-mart kuni Yaponiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopib qo‘yilishi oqibatida yuzaga kelgan global energetika inqirozi fonida o‘zining favqulodda neft zaxiralarini chiqarishni boshlaganini e’lon qildi. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi jurnalistlarga ta’minotdagi jiddiy uzilishlar xavfi tufayli mamlakat bir tomonlama tartibda zaxiralaridan 80 million barrel neftni bozorga chiqarishini ma’lum qildi.

Buyuk Britaniya

26-fevral holatiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning Energetik xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga asosan, mamlakatda taxminan 38 million barrel neft xom ashyosi va 30 million barrel qayta ishlangan mahsulotlar strategik zaxira sifatida saqlanmoqda. Bu zaxiralar taxminan 90 kunlik ehtiyojni qoplashga yetishi taxmin qilinadi.

Mamlakat o‘z zaxiralarini 1970-yillardagi neft inqirozidan so‘ng, shuningdek, Xalqaro energetika agentligi oldidagi majburiyatlarini bajarish maqsadida 1974-yilda yaratgan. Tashkilot a’zolaridan sof importning kamida 90 kunlik hajmini zaxirada ushlab turish talab etiladi.

Buyuk Britaniyaning strategik zaxiralari asosan xususiy neft kompaniyalarida saqlanadi, biroq ular hukumat tomonidan tartibga solinadi. Janubiy Uelsdagi Milford Heyven hamda Angliyaning shimoli-sharqidagi Hamber hududlari strategik zaxiralar jamlangan asosiy markazlar hisoblanadi.

Buyuk Britaniya ham Erondagi urush fonida yuzaga kelgan neft tangligini yumshatish uchun o‘z zaxirasidan xom ashyo chiqarayotgan XEAning 32 davlati qatoriga kiradi. Ushbu choralar doirasida Buyuk Britaniya hukumati bozorga 13,5 million barrel neft yetkazib beradi.

Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqiga a’zo va ayni paytda XEA tarkibiga kiruvchi Germaniya, Fransiya, Ispaniya va Italiya kabi davlatlar ham o‘z strategik neft zaxiralariga ega.

Germaniya Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat hukumat tomonidan saqlanadigan va sanoqli kunlar ichida bozorga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 110 million barrel neft xom ashyosi va 67 million barrel tayyor neft mahsulotlariga ega.

Eng so‘nggi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya 2024-yil oxirida 120 million barrellik neft xom ashyosi va tayyor mahsulotlar zaxirasiga ega ekanini ma’lum qilgan. Shundan qariyb 97 million barreli hukumat tomonidan vakolat berilgan «SAGESS» tashkilotida saqlanadi.

16-mart kuni Ispaniya energetika vaziri Sara Ogesenning ma’lum qilishicha, mamlakat Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilib qolishi oqibatida yuzaga kelgan ta’minot tanqisligiga qarshi kurashish uchun 90 kun ichida 11,5 million barrel atrofidagi neft zaxirasini bozorga chiqarishni ma’qullagan. Bu Ispaniyaning Xalqaro energetika agentligi doirasidagi jamoaviy sa’y-harakatlarga qo‘shgan hissasidir. Umuman olganda, mamlakat jami 150 million barrel atrofida neft xom ashyosi zaxirasiga ega.

Italiya qonunchiligiga binoan, 2024-yilda mamlakatda o‘rtacha sof neft importining 90 kunlik ehtiyojini qoplashga yetadigan taxminan 76 million barrellik zaxira shakllantirilgan.

Teglar

Mavzuga oid