Taniqli jurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
Ustoz jurnalist, yozuvchi, tarjimon, sobiq deputat va siyosatchi Karim Bahriyev 64 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda VAQT.UZ muxbiriga uning qizi xabar berdi.

Karim Bahriyev bir necha kun avval insult tufayli shifoxonaga yotqizilgan va shifokorlar nazoratida davolanayotgan edi.
Bahriyev 1962 yil 15-iyul kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Maktabni oltin medal bilan tugatgach, avval Samarqand davlat universitetida, keyin esa Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
U o‘z faoliyati davomida jurnalist, yozuvchi, tarjimon va parlament deputati sifatida faoliyat yuritgan. 1990–1995 yillarda parlament deputati bo‘lib, mustaqil O‘zbekistonning ilk siyosiy jarayonlarida ishtirok etgan.
Karim Bahriyev “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ma’rifat”, “Jahon adabiyoti” kabi nashrlarda ishlagan. U ayniqsa 90 yillarda chiqqan “Hurriyat” gazetasining bosh muharriri sifatida tanilgan.
U ko‘plab ilmiy-ommabop va adabiy asarlar muallifi bo‘lib, „Sabr kosasining siniqlari“, „Tomchidil“ kabi she’riy kitoblar, shuningdek jurnalistika va huquq sohasiga oid qator asarlar yaratgan.
Shu bilan birga, Karim Bahriyev jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda ham katta hissa qo‘shgan. Jumladan, Chingiz Aytmatov, Svetlana Alekseevich, Seneka, Platon, Jorj Oruel, Malkolm Gladuel va boshqa ko‘plab jahonga mashhur mualliflar asarlarini tarjima qilgan.
Uning tarjimasida nemis, malay, afrikaliklar, avstraliyaliklar, ozarboyjon, turk, olmon, yunon, farang, arab, ingliz, ispan, amerika, eron, yapon, koreys, hind, godlland, daniyalik, islandiyalik shoirlar va yozuvchilarning romanlari, she’rlari va balladalari chop etilgan.
U 1992, 2006 va 2011 yillarda “Mustaqillik” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Vafotiga qadar Karim Bahriyev O‘zbekiston Respublikasi Jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik Kengashi raisi, „Oltin meros“ xalqaro xayriya jamg‘armasi „Meros-nyus“ axborot xizmati rahbari va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida media huquqi va etikasi fani muallimi sifatida faoliyat yuritayotgan edi.
VAQT.UZ tahririyati marhumning oila a’zolari, yaqinlari va shogirdlariga hamdardlik bildirib qoladi.





