AQSHda Eron bilan urush neftdollari erasini tugatishi mumkin
Deutsche Bank tahliliga ko‘ra, Eron bilan mojaro neftdollari hukmronligiga xotima yasaydi. Dunyo davlatlari neft savdosida yuanga o‘tishni muhokama qilmoqda.

Deutsche Bank» tadqiqot institutining 2026-yil 24-martdagi hisobotiga ko‘ra, Eron bilan bo‘layotgan mojaro neftdollari tizimi uchun xotima bo‘lishi mumkin. Tahlilchi Mallika Sachdevaning ta’kidlashicha, 1974-yilda Saudiya Arabistoni va Vashington o‘rtasida tuzilgan «xavfsizlik evaziga dollardagi neft savdosi» kelishuvi hozirda ochiq sinovdan o‘tmoqda. AQSHning harbiy «soyaboni» Fors ko‘rfazidagi neft infratuzilmasini hujumlardan himoya qila olmay qoldi.
Eron ayni damda sakkizta davlat bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish evaziga neft uchun to‘lovni yuanda amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Agar bu sxema doimiy tus olsa, dunyoda «neftyuani» erasi boshlanishi mumkin.
«Bu mojaro neftedollar hukmronligi zaiflashishi uchun katalizator vazifasini o‘taydi», — deyiladi bank ma’ruzasida.
Hozirda MENA (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) mintaqasining 8 trln dollarlik zaxiralari ichki ehtiyojlarga yo‘naltirilishi dollar aktivlaridan voz kechishni tezlashtiradi.
Neftdollari uchun asosiy xavf
«Deutsche Bank» ekspertlarining fikricha, eng katta xavf nafaqat boshqa valutaga o‘tish, balki dunyoning qazib olinuvchi yoqilg‘idan butunlay voz kechishidir. 1973-yildagi embargo G‘arbni energiya diversifikatsiyasiga majbur qilganidek, hozirgi inqiroz ham Yevropa va Osiyoni qayta tiklanuvchi hamda atom energetikasiga tezroq o‘tishga undamoqda. Bu esa uglevodorodlar savdosiga bog‘langan dollar talabini keskin kamaytiradi.
Xitoy allaqachon quyosh panellari va litiy akkumulatorlari bozorining 70-80 foizini egallab, strategik ustunlikka erishgan. Agar dunyo davlatlari energiya mustaqilligiga erishsa, global tovar va xizmatlar narxini boshqa valutalarda belgilash uchun keng imkoniyat ochiladi. AQSH o‘zining energiya mustaqilligi tufayli kamroq zarar ko‘rsa-da, uning valutasi dunyo zaxirasi sifatidagi maqomini yo‘qotishi mumkin.
Dollarning istiqboldagi yo‘qotishlari
Qisqa muddatli istiqbolda AQSHning energiya mustaqilligi dollarga «xavfsiz go‘sha» maqomini bersa-da, harbiy xarajatlarning ortishi bu ustunlikni yo‘qqa chiqarmoqda. Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari o‘z milliy valutalarini himoya qilish uchun AQSH davlat obligatsiyalarini ommaviy sotishni boshlagan. Bu esa inqirozning eng avj pallasida ham dollar qadrining sezilarli oshmaganida o‘z aksini topdi.
Uzoq muddatli oqibatlar yanada jiddiyroq bo‘ladi: mudofaa va energetikada o‘z-o‘zini ta’minlashga intiluvchi dunyo endi kamroq dollar zaxirasiga ehtiyoj sezadi. Yaqin Sharqning dollar maqomi uchun strategik rolini hisobga olsak, joriy mojaro butun neftdollari tizimi uchun eng og‘ir sinovdir. Dollar erasining yakuni iqtisodiy xaritani butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin.





