Putinga internet uzilganidan shikoyat qilishdi, ammo u javob bermadi
Aleksandr Shoxin Rossiya yetakchisiga internetning muntazam uzilishi biznes uchun hayotni qiyinlashtirganini aytgan. Putin 35 daqiqalik nutqi davomida bu muammoga to‘xtalmagan, biroq tadbir yakunida Shoxinning oldiga kelib, mikrofonsiz nimadir degan.

Mobil internetning muntazam ravishda o‘chirib qo‘yilishi ham oddiy rossiyaliklar, ham biznes hayotini sezilarli darajada qiyinlashtirmoqda — shu munosabat bilan hukumatdan «muvozanatli qaror» kerak. Bu haqda Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSTI) rahbari Aleksandr Shoxin ittifoq qurultoyida so‘z ochdi.
«Alohida mavzu — bu mobil internetning cheklanishi bo‘lib, u ham biznes, ham fuqarolar hayotini murakkablashtirdi. Bu masalalar mamlakat xavfsizligi va oq ro‘yxatdagi saytlar ishini ta’minlash zaruriyati bilan bog‘liqligini, shubhasiz, tushunamiz. Ammo mobil texnologiyalar hayotimizga chuqur kirib borganini hisobga olib, bu borada tizimli va muvozanatli yechim topilishidan umidvormiz, garchi bu oson vazifa emasligini anglasak-da», — deya Shoxinning so‘zlaridan iqtibos keltirdi «RIA Novosti».
«Faridaily» yozishicha, RSTI rahbari yig‘ilishda namoyish etgan taqdimotda Rossiya kompaniyalarining 40 foizi mobil texnologiyalarsiz ishlay olmasligi haqidagi slayd ko‘rsatilgan.
Mazkur yig‘ilishda mamlakat prezidenti Vladimir Putin ham ishtirok etgan. U o‘z nutqida Yaqin Sharqdagi urush va energiya resurslari bozoridagi inqiroz, suverenitetning muhimligi va Rossiyada barqarorlikni saqlash, davlatning biznes bilan hamkorligi haqida gapirdi. Shoxin tilga olgan aloqa bilan bog‘liq muammolarga Putin hech qanday izoh bermadi.
«Agentstvo»ga ko‘ra, prezident sahnada taxminan 35 daqiqa bo‘lgan va tadbirkorlar bilan amalda muloqot qilmagan — zaldan yoki uchrashuv moderatori tomonidan berilgan savollarga javob qaytarmagan. Putin o‘z nutqidan so‘ng Shoxinning oldiga kelib, mikrofonsiz nimadir degan, shundan so‘ng RSTI rahbari qurultoyni yopiq deb e’lon qilgan.
Moskvada uch hafta davomida mobil internet va uyali aloqa bo‘lmadi. Rasmiylar cheklovlarni «xavfsizlik manfaatlari» bilan izohladi. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva markazidagi o‘chirishlar «FQB» talabi bilan amalga oshirilgan. Mobil internet bilan bog‘liq muammolar Rossiyaning boshqa yirik shaharlarida ham muntazam ravishda yuzaga kelmoqda.





