1 sotix yer 319 mln so‘m: 2025-yilda ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgardi?
O‘tgan yili O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori sezilarli jonlandi — bitimlar soni keskin oshdi, ipoteka hajmi rekord darajaga yetdi. Yangi uylarning so‘mdagi narxi yil oxiriga kelib pasaydi.

O‘zbekistonda 2025-yili ko‘chmas mulk bozorida iqtisodiy faollik sezilarli tezlashdi. Bu haqda Markaziy bankning Ko‘chmas mulk bozori sharhidan ma’lum bo‘ldi.
IV chorakda oldi-sotdi bitimlari soni 89,7 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,5 foizga ko‘paydi.
Yil davomida tuzilgan jami shartnomalar soni 319,5 mingtaga yetib, o‘sish ko‘rsatkichi 15,8 foizni tashkil qildi.
Ayrim hududlarda, xususan Buxoro, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida yuqori o‘sish sur’atlari kuzatildi.
Bozor faolligi ipoteka kreditlari hajmi oshishi, aholi real daromadlarining yuqori o‘sishi hamda qurilish hajmining kengayishi bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Ipoteka kreditlari ko‘paydi
2025-yil davomida ajratilgan ipoteka kreditlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 29 foizga o‘sib, 21,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Jami uy-joy oldi-sotdi shartnomalardagi ajratilgan ipoteka kreditlar soni ulushi 22 foizga yetdi (2024-yilda 21,3 foiz).

Bundan tashqari, aholi daromadlarining yuqori o‘sishi ko‘chmas mulk bozoridagi faollikni qo‘llab-quvvatlovchi muhim omillardan bo‘lib qolmoqda. IV chorakda aholi daromadlarining o‘sish tendensiyasi biroz tezlashib, real hisobda 9,2 foizga teng bo‘ldi
Narxlar qanday bo‘ldi?
IV chorakda narxlar o‘zining avvalgi choraklardagi tendensiyalarini davom ettirdi. Birlamchi hamda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlarida narxlar dollar indeksida o‘sishda davom etib, mos ravishda 5,7 va 7,9 foizga teng bo‘ldi.

So‘m indeksida esa narxlar mo‘’tadil shakllanib, yillik o‘zgarishi mos ravishda -1,3 va 0,7 foizni tashkil etdi. Ya’ni, yangi uylar narxi so‘mda hisoblaganda 1,3 foizga pasaydi.
Ijara bozorida ham o‘xshash tendensiyalar kuzatildi. Mamlakat bo‘yicha ijara narxlari o‘sishi mo‘’tadil sur’atlarini saqlab qolib, yil yakunida dollar indeksida 8,3 foizni tashkil etdi.
Toshkent shahrida ijara narxlari joriy yil III chorakdan buyon o‘sish sur’atlarida saqlanib qolmoqda.
1 sotix yer narxi qancha?
Yer uchastkalari segmentida Toshkent shahrida 100 kv m (1 sotix) yer maydonining narxi dekabr oyi yakunida 319 mln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga pastroq bo‘ldi.

Narxdagi pasayish taklifdagi tarkibiy o‘zgarish, xususan Toshkent shahrining chekka hududlaridagi yer uchastkalari taklifi oshishi (22 foiz), shahar markazida esa qisqarishi (-13 foiz) bilan izohlanmoqda.
Poytaxtda yer narxining eng yuqori miqdori 2024-yilning birinchi choragida kuzatilgandi — 380 mln so‘m atrofida.





