Ilon Mask «SpaceX»ni «IPO»ga chiqarmoqda: 80 mlrd dollarlik tarixiy bitim tayyorlanmoqda

Bugun 18:323 daqiqa

«SpaceX» «IPO» orqali birjaga chiqishga tayyorlanmoqda. Ilon Mask noodatiy strategiya qo‘llab, investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Ilon Mask «SpaceX»ni «IPO»ga chiqarmoqda: 80 mlrd dollarlik tarixiy bitim tayyorlanmoqda

Ilon Mask «SpaceX» kompaniyasini «IPO»ga tayyorlamoqda va unda kompaniya 40 mlrddan 80 mlrd dollargacha mablag‘ jalb qilishi mumkin. Bu esa uni jahon tarixidagi eng yirik birja debyutlaridan biriga aylantirishi mumkin, deb yozadi «The Wall Street Journal». Manbalarga ko‘ra, Mask bu listingni ham «odatdan tashqari» tarzda o‘tkazmoqchi.

«IPO» nima?

«IPO» (inglizcha «Initial Public Offering» so‘zlarining qisqartmasi bo‘lib, o‘zbekchada «dastlabki ommaviy aksiya chiqarish» degani) bu kompaniya o‘z aksiyalarini birinchi marta ommaga (investorlarga) sotuvga chiqaradigan jarayon hisoblanadi. Kompaniyalar qo‘shimcha kapital jalb qilish, biznesni kengaytirish, qarzlarni qisqartirish, bozorda ochiq va shaffof kompaniyaga aylanish uchun «IPO» qiladi.

«IPO» orqali odamlar kompaniya aksiyalarini birinchi marta sotib olish imkoniga ega bo‘ladi. Masalan, agar bir kompaniya avval xususiy bo‘lgan bo‘lsa, «IPO»dan keyin u fond birjasida savdoga chiqadi va har kim uning aksiyalarini sotib olishi mumkin.

«SpaceX»ning «IPO» ssenariylari

Manbalar aytishicha, Ilon Mask «IPO» uchun noan’anaviy strategiya ishlab chiqmoqda, bu uning korporativ qoidalarni buzishga moyil uslubiga mos keladi. Hozirda muhokama qilinayotgan g‘oyalar quyidagilar:

— «IPO» jarayonida Maskning boshqa loyihalariga sarmoya kiritgan investorlarga «preferensiyalar» berish. Ular qatoriga «Tesla» aksiyadorlari va 2022-yilda «Twitter» (hozirgi «X»)ni sotib olishda ishtirok etgan investorlar kirishi mumkin. Qanday imtiyozlar berilishi hozircha aniq emas.

— Listing davomida sotiladigan aksiyalarning uchdan bir qismi yoki undan ham ko‘prog‘i oddiy (chakana) investorlarga ajratilishi mumkin. Oddiy «IPO»larda bunday investorlar odatda taxminan 10 foiz aksiyaga ega bo‘ladi. «Reuters» manbasiga ko‘ra, Mask 30 foizgacha aksiyani chakana investorlarga berishni rejalashtirmoqda.

— Shuningdek, aksiyalarni sotishni cheklovchi «lock-up» davrlari bo‘yicha ham noodatiy muddatlar muhokama qilinmoqda, ammo bu haqda aniq tafsilotlar yo‘q.

— Odatda «IPO» oldidan kompaniya rahbarlari investorlar oldiga borib taqdimot o‘tkazadi. Mask esa aksincha, investorlar o‘zlari «SpaceX» obyektlariga kelishini xohlamoqda. U yerda ular ishlab chiqarish maydonlarini ko‘rishlari va ehtimol raketa uchirish jarayoniga guvoh bo‘lishlari mumkin.

Shu maqsadda kompaniya «IPO» oldidan potensial investorlar uchun tadbirlar o‘tkazishni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida Los-Andjeles aeroporti yaqinidagi ulkan kompleks va Floridadagi Kanaveral misida joylashgan start maydoni ham bor. Mask jamoasi fond boshqaruvchilari ushbu tashrifdan keyin aksiyalar sotib olish uchun katta buyurtmalar berishga tayyor bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

«SpaceX» «IPO»si miqyosi

Sputnik va raketa ishlab chiqarish hamda uchirish bilan shug‘ullanuvchi «SpaceX» yaqin kunlarda regulyatorlarga maxfiy «IPO» arizasini topshirishi kutilmoqda, deb yozadi «The Wall Street Journal». Gazeta ta’kidlashicha, hujjatlarning ochiq e’lon qilinishi odatda dastlabki ariza berilganidan keyin bir necha oy o‘tib, regulyatorlar savollari soniga qarab amalga oshiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «SpaceX» hali jalb qilinadigan mablag‘ hajmi va yakuniy baholashni muhokama qilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar investorlar uchun o‘tkaziladigan roud-shou (taqdimot turi) boshlanishi arafasida tasdiqlanadi. Manbalarning aytishicha, kompaniya «IPO» orqali 40 mlrddan 80 mlrd dollargacha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Bunday natija 2019-yilda «Saudi Aramco» tomonidan amalga oshirilgan qariyb 30 mlrd dollarlik eng yirik «IPO» rekordini ortda qoldirishi mumkin.

Shuningdek, «SpaceX» aksiyalar birjaga joylashtirilganidan so‘ng qisqa vaqt ichida «Nasdaq-100» kabi yirik fond indekslariga kirishni maqsad qilmoqda. Bu noodatiy qadam bo‘lib, katta miqdordagi institutsional investorlarni jalb qilishga xizmat qilishi mumkin, deb qo‘shimcha qiladi «WSJ».

Teglar

Mavzuga oid