«Navoiyazot» va «Xalq banki» rasman Milliy investitsiya jamg‘armasidan chiqarildi
Ularning o‘rniga «SQB»ning jamg‘armadagi ulushi rasmiy ravishda 10 foizga oshirilib, 40 foizga yetkazildi.

2026-yil fevral oyida Prezidentning «Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.
Unda Milliy investitsiya jamg‘armasi tarkibiga kiritiladigan bir qancha o‘zgarishlar va rejalashtirilayotgan IPO haqida ma’lumot berilgandi.
Milliy investitsiya jamg‘armasi prezidentning 2024-yildagi qarori bilan tashkil qilingan edi. 2025-yil yakuni bo‘yicha uning tarkibida 15 ta davlat ulushi mavjud kompaniya va banklar bor edi. Bloomberg jamg‘armani qariyb 2 mlrd dollarga baholagandi.
Prezident qarori bilan ro‘yxatda 12 ta davlat kompaniyasi va 1 ta davlat banki qolishi belgilangandi.
Korporativ axborot yagona portaliga joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, jamg‘arma tarkibidan 30 foiz ulushga ega «Xalq banki» va 25 foiz ulushi mavjud bo‘lgan «Navoiyazot» rasman chiqarildi.
2025-yil kuzida «Biznesni rivojlantirish banki» (25 foiz) va «Mikrokreditbank» (40 foiz) ulushlari ham Milliy investitsiya jamg‘armasidan chiqarilgan edi.
Bu ikki bank o‘rniga «Sanoatqurilishbank»ning 30 foizi o‘tkazilgan edi. Bu bankning jamg‘arma paketidagi ulushi ham rasmiy ravishda 10 foizga oshirilib, 40 foizga yetkazildi.
Boshqa davlat banklari ulushi butunlay chiqarilib, «SQB»ning ulushi ko‘paytirilgani bankning investorlar uchun qay darajada jozibador ekani bilan bog‘liq.
«SQB» 2025-yilda «Milliy bank»dan atigi 39 mlrd so‘m kamroq foyda olib, 1,9 trln so‘m bilan O‘zbekistondagi ikkinchi eng ko‘p sof foyda olgan bankka aylangan edi.
Taqqoslash uchun, «SQB»ning o‘tgan yildagi foydasi «Xalq banki» (702,5 mlrd so‘m), «BRB» (503 mlrd so‘m) va «Mikrokreditbank» (160,8 mlrd so‘m) sof foydasini qo‘shib hisoblaganda ham 37,6 foizga ko‘proq.
IPO qay tarzda o‘tkaziladi?
Bloomberg xabariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO’sini Toshkent va Londonda dual listing ko‘rinishida ikki tomonlama amalga oshirmoqchi. Ammo bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.
IPO jarayoni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda jamg‘armaning ishonchli boshqaruvchisi — «Franklin Templeton Asset Management» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.