Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Valiahdi bilan telefon orqali gaplashdi
Muloqot davomida Yaqin Sharq mintaqasida kechayotgan keskin vaziyat, qarama-qarshiliklar tobora avj olayotgani tomonlarni jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi.

29-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali gaplashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari bir-birlarini o‘tgan Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr munosabati bilan yana bir bor tabriklashdi.
Yaqin Sharq mintaqasida kechayotgan keskin vaziyat, qarama-qarshiliklar tobora avj olayotgani tomonlarni jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi.
Bunday xatti-harakatlarning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni to‘liq bartaraf etish nafaqat bu yerdagi davlatlarning manfaatlariga, balki global barqarorlikni ta’minlash maqsadlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mirziyoyev bunday sinovli kunlarda O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Rahbariyati va birodar xalqi bilan birdam hamda yakdil ekanini qayd etib, Podshohlikning vazmin va oqilona siyosatini har tomonlama qo‘llashini bildirdi.
Prezident hozirda ushbu mamlakatda Umra amallarini bajarayotgan fuqarolarimizga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak va yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar uchun Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud A’lo Hazratlari va Valiahd shahzodaga alohida minnatdorlik izhor etdi.
O‘z navbatida, Muhammad bin Salmon Ol Saud O‘zbekiston Prezidenti tomonidan bildirilgan samimiy xayrixohlik va do‘stona qo‘llab-quvvatlovni yuksak qadrlashini ma’lum qildi. Ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun oliy darajadagi muloqotlarni va muvofiqlashtirilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi.





