Saudiya Arabistoni neft eksportini Ho‘rmuzdan aylanib o‘tuvchi yo‘lga ko‘chirdi

Bugun 08:582 daqiqa

Bloomberg xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni «Sharq-G‘arb» quvurini maksimal quvvatga chiqardi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgani sababli kuniga 7 mln barrel neft Yanbu porti orqali tashilmoqda.

Saudiya Arabistoni neft eksportini Ho‘rmuzdan aylanib o‘tuvchi yo‘lga ko‘chirdi

Saudiya Arabistoni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini aylanib o‘tuvchi «Sharq-G‘arb» magistral neft quvuri orqali o‘tkazish hajmini maksimal darajaga — kuniga 7 mln barrelga yetkazdi. «Bloomberg» agentligining sohadagi manbalariga ko‘ra, ayni paytda Qizil dengiz bo‘yidagi Yanbu porti orqali eksport qilinayotgan xom neft hajmi sutkasiga 5 mln barrelni tashkil etmoqda. Quvur orqali o‘tayotgan qolgan 2 mln barrel neft esa mamlakat ichidagi neftni qayta ishlash zavodlariga yo‘naltirilmoqda.

Bundan tashqari, qirollik Yanbu porti orqali kuniga 700 mingdan 900 ming barrelgacha tayyor neft mahsulotlarini ham eksport qilmoqda. AQSH va Isroilning Eronga qarshi amaliyoti boshlanishi bilan Saudiya Arabistoni o‘zining bir necha o‘n yilliklar davomida tayyorlab kelingan «eng yomon ssenariy» rejasini ishga tushirdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali urushgacha kuniga 15 mln barrel neft o‘tganini hisobga olsak, Yanbu yo‘nalishi yo‘qotishlarni faqat qisman qoplay olishi mumkin.

Shunga qaramay, ushbu muqobil yo‘l jahon bozorida neft narxining o‘ta kritik darajaga ko‘tarilib ketmasligiga asosiy sabab bo‘lmoqda. Uzunligi 1000 kilometrdan ortiq bo‘lgan ushbu quvur 1980-yillardagi Eron-Iroq urushi davrida, tankerlar hujumga uchragan paytda qurilgan edi. Joriy mojaro esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozining tarixda kuzatilmagan darajada to‘liq yopilishiga olib keldi, bu esa Saudiyaning zaxira yo‘lini yagona najot yo‘liga aylantirdi.

 

Bozordagi narx tebranishlari

Saudiyalik mulozimlar agar yetkazib berishdagi uzilishlar aprel oyi oxirigacha davom etsa, neft narxi barreliga 180 dollardan oshib ketishini prognoz qilmoqdalar. «The Wall Street Journal» nashrining yozishicha, Ar-Riyod narxlarning bunday keskin sakrashidan manfaatdor emas. Chunki haddan tashqari qimmat neft global bozorda uzoq muddatli beqarorlikni keltirib chiqaradi va jahon iqtisodiyotini retsessiyaga tushiradi.

Qirollikning maqsadi — taklifni imkon qadar ko‘paytirish orqali narxlarni jilovlab turishdir. Geosiyosiy tahlilchi Umar Karimning fikricha, Saudiya Arabistoni bozorda «muvozanat saqlovchi» rolini o‘ynashga harakat qilmoqda. Biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi natijasida yuzaga kelgan 15 mln barrellik bo‘shliqni faqat bitta quvur bilan to‘ldirib bo‘lmasligi bozordagi xavotirlarni saqlab qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid