
«Gazprom» 2030 yilgacha O‘zbekistonga gaz sotish hajmini 4 barobargacha oshirmoqchi
Tahlilchilarga ko‘ra, 2030 yilga borib «Gazprom»ning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berish hajmi keskin oshadi, ammo tushumdagi ulushi cheklangan qoladi.

2030 yilga kelib Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi ikki barobardan ko‘proq oshishi mumkin. Gazprombank qoshidagi Iqtisodiy prognozlash markazi tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, yillik eksport hajmi 19–20 mlrd kub metrga yetishi kutilmoqda, deb yozmoqda «Vedomosti» nashri.
Tahlillarga muvofiq, eng katta o‘sish O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Agar hozir mamlakatga yetkazib berilayotgan gaz hajmi taxminan 3 mlrd metr kubni tashkil etsa, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 12 mlrd metr kubgacha oshishi mumkin. Mutaxassislar buni aholi soni va sanoat ishlab chiqarishining tez o‘sishi, shuningdek, mamlakat ichida gaz qazib olish hajmlarining qisqarishi bilan izohlamoqda.
Qozog‘iston ham «Gazprom»dan olinadigan gaz hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Baholashlarga ko‘ra, respublika qo‘shimcha ravishda yiliga 10 mlrd kub metrga yaqin gaz import qilishi mumkin. Qirg‘izistonga yetkazib beriladigan hajmlar ham umumiy o‘sishda o‘z hissasiga ega bo‘ladi, ammo asosiy drayver sifatida aynan O‘zbekiston va Qozog‘iston ko‘rilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Rossiya gaz konserni Yevropa bozorini yo‘qotish ortidan yangi sotuv yo‘nalishlarini izlashga majbur. Markaziy Osiyo ushbu strategiyada muhim mintaqalardan biriga aylanmoqda. Shu bilan birga, tahlilchilar ushbu yo‘nalish kompaniya umumiy tushumlarida hal qiluvchi o‘rin egallamasligini qayd etmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya ichki bozorida gazning ulgurji narxlari oshirilishi ham rejalashtirilgan. 2026 yilda metan narxi qariyb 9,6 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu esa biznes uchun xarajatlarni oshirib, Rossiya ichida gaz iste’molining qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, keyingi besh yilda «Gazprom»ning Markaziy Osiyoga gaz eksporti sezilarli darajada o‘sadi. Biroq ushbu o‘sish kompaniya uchun Yevropa bozori o‘rnini to‘liq qoplay olmaydi va asosan hajmlarni qayta yo‘naltirish xarakteriga ega bo‘ladi.





