Logo

«Butun Livan yonib kulga aylanishi kerak»: Isroil Trampdan g‘azablanmoqda

Bugun 08:255 daqiqa

Isroilda AQSH va Eron o‘rtasida tuzilgan oraliq kelishuvdan jamoatchilikning noroziligi kuchaygan. Yahudiy mamlakatida «Amerika Isroilga xiyonat qildi» degan hissiyot shakllanmoqda.

«Butun Livan yonib kulga aylanishi kerak»: Isroil Trampdan g‘azablanmoqda © Getty Images

AQSH va Isroil o‘rtasidagi kelishmovchilik shu hafta o‘zining yangi cho‘qqisiga chiqdi. Isroilning yirik nashrlarida chop etilgan maqolalarda prezident Donald Tramp Eron bilan tuzilgan oraliq kelishuvi ortidan Isroilni eng ashaddiy dushmani qarshisida yolg‘iz tashlab ketganlikda ayblandi.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma urushini yakunlash shartlarini belgilab bergan ushbu kelishuv jamoatchilik va siyosiy doiralarda keskin g‘azab uyg‘otdi. Bu norozilik nashrlarning bosh sahifalaridan tushmayapti. Tahlilchilar mazkur holatni xiyonatga uchraganlik hissi bilan izohlamoqda.

Ayniqsa, keskin tanqidlardan biri bo‘lgan «Siz barcha davrlarning eng zo‘r prezidenti bo‘lishingiz mumkin edi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradingiz» sarlavhali maqolada Tramp Eron bilan taslim bo‘lish haqidagi bitimni imzolaganlikda ayblandi.

Ayovsiz tanqidlarga boy ushbu maqola mamlakatning yetakchi gazetalaridan biri — Trampning nufuzli homiysi Miriam Adelsonga qarashli «Israel Hayom» nashrida chop etildi.

Trampga maktub shaklida yozilgan mazkur chiqish yangi kelishuvni qoralashda hatto Isroilning eng radikal siyosatchilarini ham ortda qoldirdi. Unda AQSH prezidenti yangi urushga yo‘l ochganlikda va o‘z mamlakatini «sharmanda» qilganlikda ayblanadi.

«Sobiq prezident Barak Obamaning yuzidagi tabassum, uning bitimini tarixdagi eng yomoni deb atagan odamga nisbatan chuqur istehzoni ifodalardi», — deyiladi maqolada.

Bu orqali Tramp o‘z boshqaruvining birinchi muddatida chiqib ketgan 2015 yilgi yadroviy bitimga ishora qilinmoqda. Ben-Gurion universiteti professori, «Eronofobiya: Isroil vasvasasining mantig‘i» kitobi muallifi Xagay Ramning ta’kidlashicha, Tramp yaqin-yaqingacha «Isroildagi eng mashhur shaxs» edi, biroq endi u salbiy qahramonga aylandi.

Professorning qo‘shimcha qilishicha, asosiy ommaviy axborot vositalari «Eron tuzog‘i» deb baholayotgan mazkur kelishuvdan so‘ng bunday munosabatning yuzaga kelishi jamiyatdagi «fobiya» hamda «Amerika Isroilga xiyonat qildi» degan yoppasiga shakllangan hissiyot bilan bevosita bog‘liqdir.

Darz ketgan ittifoq

AQSH va Isroil o‘rtasidagi ittifoq zamonaviy jahon tarixidagi eng yaqin munosabatlardan biri sanaladi. 1948 yilda Isroil davlati tashkil etilishida muhim o‘rin tutgan Vashington uni ko‘plab nizolarda qo‘llab-quvvatlab keldi. Jumladan, Falastin xalqiga nisbatan genotsidda, xususan, G‘azo sektorining o‘nlab yillar davom etgan qamali va unga uyushtirilgan hujumlarda Isroil xalqaro huquq normalarini ochiqcha buzgan bo‘lsa-da, AQSH uni hamisha yoqlab kelgan.

Ilgari ham o‘zaro kelishmovchiliklar bo‘lib turgan, ammo ularning hech biri AQSH va Eron o‘rtasida shu hafta imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi ortidan kelib chiqqan bahslardek keskin bo‘lmagan. Shunga qaramay, kuzatuvchilar ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p yillik strategik ittifoq hamon mustahkam ekanini alohida ta’kidlamoqda.

Ko‘plab isroilliklar Eronni o‘z mamlakatining Yaqin Sharqdagi ashaddiy dushmani deb biladi va unga qarshi kurashni yashab qolish urushi sifatida qabul qiladi. O‘nlab yillar davom etgan ushbu qarama-qarshilikda Isroil siyosatchilari, jumladan, bosh vazir Binyamin Netanyaxu Eron yadro quroliga ega bo‘lish arafasida turganini va o‘z ittifoqchilari, xususan, Livanning «Hizbulloh» guruhi bilan birga Isroilni yo‘q qilish payida ekanini da’vo qilib keladi.

Ammo Isroil ishtirokisiz o‘tgan muzokaralar natijasida tuzilgan ushbu kelishuv shartlariga ko‘ra, barcha harbiy harakatlar, jumladan, mart oyi boshida Livanga qarshi boshlangan hujumlar ham zudlik bilan to‘xtatilishi lozim edi. Bundan tashqari, Vashington va Tehron memorandumda ko‘rsatilgan Livanning «hududiy yaxlitligi va suverenitetini» hurmat qilish majburiyatini oldi. Vaholanki, ayni paytda Isroil Livan hududining qariyb beshdan bir qismini nazorat qilmoqda.

Bu shartlar Isroilda o‘ta sovuq kutib olindi

Isroilning 12-kanali o‘tkazgan so‘rovnoma keng jamoatchilik orasida AQSH va shaxsan Trampga bo‘lgan ishonchga putur yetganini ko‘rsatdi. Natijalarga ko‘ra, isroilliklarning atigi 11 foizi Eronga qarshi urushda o‘z mamlakatini «g‘alaba qozondi» deb hisoblaydi. So‘rovda qatnashganlarning 71 foizi esa memorandum doirasida Eron bilan olib boriladigan kelgusi muzokaralarda Isroil manfaatlarini himoya qilish masalasida Tramp ma’muriyatiga mutlaqo ishonmasligini bildirgan.

Vashingtonning asl maqsadlaridan xavotirlanish faqat jamoatchilik bilan cheklanib qolmadi. Bosh vazir Netanyaxu memorandum shartlari bo‘yicha hali oshkora bayonot bermagan bo‘lsa-da, Isroil Livanga hujumlarni davom ettirmoqda. «Hizbulloh» kelishuv shartlarini buzdi» degan da’volar esa kuzatuvchilarga Netanyaxuning o‘zini bu bitimga amal qilishga majbur deb hisoblamasligidan yaqqol dalolat beradi.

Hukumatning boshqa a’zolari esa bundan ham keskinroq munosabat bildirdi. Ultrao‘ngchilar — Moliya vaziri Bezalel Smotrich va Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ushbu oraliq kelishuvni ommaviy ravishda qoraladi.

«Amerikaliklarga bo‘lgan hurmatimizni saqlagan holda aytaman: Isroil bizning farzandlarimiz qoni va fuqarolarimiz xavfsizligi o‘yinchoq emasligini butun dunyoga tushuntirib qo‘yishi shart. Butun Livan yonib kulga aylanishi kerak», — deb yozdi Ben-Gvir «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

 «Haqiqat bombalari»

AQSH rasmiylari Isroilнинг siyosiy doiralari va ommaviy axborot vositalarida muzokaralarning bunday talqin qilinayotganidan norozi bo‘ldi. «Katta yettilik» sammitida Tramp jurnalistlarga Netanyaxu Livanga uyushtirilayotgan hujumlarda «biroz haddidan oshib ketganini» ta’kidladi.

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens esa isroillik tanqidchilarga nisbatan yanada keskinroq munosabat bildirdi. Vensdan Netanyaxuning o‘zaro anglashuv memorandumidan g‘azabda ekani haqidagi xabarlar bo‘yicha izoh so‘raldi. Shunda u Isroilning G‘azodagi genotsid urushi va qo‘shnilariga qilayotgan hujumlari butun dunyoda qoralanayotganiga e’tibor qaratib, shunday javob qaytardi: «Ayni paytda Tramp butun dunyoda Isroil davlatiga xayrixoh bo‘lgan yagona davlat rahbaridir».

«Agar men Isroil hukumati tarkibida bo‘lganimda, butun dunyoda men uchun qolgan yagona kuchli ittifoqchiga tosh otmagan bo‘lardim», — deya qo‘shimcha qildi u.

Siyosiy tahlilchi Ori Goldberg vaziyatni shunchaki kelishmovchilik emas, balki jiddiy «jarlik» deb baholadi.

«AQSH yetakchilarining Isroilni tanqid qilayotgani ular to‘satdan to‘g‘ri yo‘lni topib olganidan emas, balki faktlarni ortiq inkor etib bo‘lmaydigan darajaga yetganidandir. Ularning har bir gapi to‘g‘ri. Bular — tom ma’noda haqiqat bombalaridir. Isroil haqiqatan ham ularni urushga tortib kirdi va Netanyaxu Trampdan o‘z maqsadlari yo‘lida ustamonlik bilan foydalandi», — dedi Goldberg.

Vaziyat esa tobora chigallashib borayotgandek ko‘rinadi. Shanba kuni Isroil Livanga hujumlarni davom ettirgani sababli, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana yopib qo‘ydi. Eslatib o‘tamiz, aynan ushbu muhim iqtisodiy darvozaning avvalroq yopilishi Trampni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid