Daromad va xarajat: O‘zbekistonliklar nimaga ko‘proq pul sarflamoqda?
Har to‘rt o‘zbekistonlikdan uchtasi yaqin oylarda xarajatlari yana oshishini kutmoqda. Aholi daromadlari o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, mablag‘larning katta qismi ta’lim, uy-joy ta’miri va kundalik ehtiyojlarga ketmoqda.

Markaziy bank joriy yilning 3 oyligi bo‘yicha aholining “Iste’mol kayfiyati sharhi” ni taqdim etdi. Unda aholining daromadlari, xarajatlari, kredit olish va pul jamg‘arish bo‘yicha kutilmalari berilgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 68 foizi yaqin oylar ichida daromadlari oshishini kutmoqda. Yana 25 foiz ishtirokchi daromadlari o‘zgarishsiz qolishini bildirgan. Daromadlari kamayishini kutayotganlar ulushi esa atigi 7 foizni tashkil etib, eng past ko‘rsatkichlardan biri sifatida qayd etildi. Aholining aksariyati iqtisodiy sharoitni ham, kelajakdagi daromadlarini ham ijobiy deb baholamoqda.
Oyiga 20 milliondan ortiq daromad topuvchilar esa ish haqi yanada oshishini kutayotganini bildirgan. Bu natija esa o‘tgan chorakka nisbatan 5 foizga yaxshilanganini ko‘rsatadi. Ayni paytda, oyligi pasayishini kutayotganlar ulushi asosan 10-15 million so‘m daromadga ega guruhda qayd etildi. Oylik tushumlari 3-5 million va 7-10- million so‘mlik ishtirokchilar kelgusida daromadlari o‘zgarmasligini taxmin qilishgan.
Aholining asosiy daromad manbalari nima?
Aholining asosiy daromadi hanuz oylik ish haqi bo‘lib qolmoqda. So‘rovnomaning 66 foiz ishtirokchilari ularning daromadi oylikdan ekanligini ta’kidlagan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakda 67 foizni tashkil qilgan edi.


Manba: Markaziy bank
Shu bilan birga, tomorqa, tadbirkorlik va savdo hamda kunlik daromadli ishlar, mulk ijarasi va pul o‘tkazmalari hisobiga daromad topuvchilar ulushi o‘tgan chorakka nisbatan oshgan bo‘lsa ham, qolgan sohalarda o‘zgarish kuzatilmadi.
Maishiy xizmat, kafe-restoran, qishloq xo‘jaligi, turizm va ishlab chiqarish sohalarida aholining daromadlarlari sezilarli oshgan. Bu esa xizmatlar bozoridagi barqaror talab va turizm salohiyatining kengayishi natijasida iqtisodiy faollik yaxshilangani bilan izohlanadi. Shuningdek, aholining daromadi oshgani bilan birga xarajatlari ham ancha o‘sgan.
Aholi xarajatlari qayerga yo‘naltirilmoqda?
Co‘rovnomaga ko‘ra, ishtirokchilarning 77 foizi, ya’ni har to‘rt kishidan uchtasi kelgusida xarajatlar oshishini kutmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakda ham deyarli o‘zgarmagan. Ishtirokchilar xarajatlarining pasayishi 6 foizni , o‘zgarishsiz qoladi degan javobi esa 16 foizni tashkil qildi.
Tahlilga ko‘ra, eng ko‘p va kam daromad topadiganlar kelgusida xarajatlar kamayishini kutmoqda. O‘rta 5-10 mln so‘m hamda yuqori o‘rta 10-20 mln daromad qiluvchi aholi esa xarajatlar oshishini taxmin qilgan. Bunga sabab bozorlardagi ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashuvi va iyun oyida oshgan energetika tariflari bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Aholi daromadining ko‘p qismi uy-joy ta’miriga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, ta’lim va davolanish uchun xarajatlar yuqori ulushni tashkil etgan.
Pastroq daromadli aholi (5 mln so‘mgacha) xarajatlarini asosan uy-joy ta’miri, ta’lim va kundalik ehtiyojlar uchun yo‘naltiradi. O‘rta daromadli guruhda (5–10 mln so‘m) esa ta’lim bilan birga sayohat, avtomobil xaridi va to‘yga xarajat qilish ulushi ko‘proq.
Yuqori daromadli aholida esa asosiy xarajatlar sayohat, uy-joy xaridi va avtomobil sotib olishga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, mazkur guruhlarda davolanish, maishiy texnika va mebel xaridlariga talab ham nisbatan yuqoriroq saqlanmoqda.
Yoshlar ko‘proq nimaga pul sarflamoqda?


Manba: Markaziy bank
Ishtirokchilar orasida 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar asosan, ta’lim va uy-joy ta’miri bilan bog‘liq xarajatlarga ko‘proq mablag‘ sarflashlarini bildirgan. Shuningdek, yoshlarning sayohat, to‘y va avtomobil xaridlariga bo‘lgan talabi ham yuqori.
O‘rta yoshlilar (31-50 yosh) esa ko‘proq uy-joy xaridi va ta’miri, davolanish, ta’lim hamda avtomobil sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarni rejalashtirmoqda.
51 yoshdan katta aholi ko‘proq uy-joy ta’miri va sog‘liq bilan bog‘liq ehtiyojlarga mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. To‘y marosimlari uchun xarajatlar ham ushbu yosh guruhida muhim yo‘nalishlardan bir sifatida qayd etilgan.
Yakuniy natiijalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, aholining daromadlari oshgani bilan birga ularning xarajatlari ham yetarlicha ko‘paygan. Daromad miqdoriga qarab xarajatlar tarkibida sezilarli farqlar mavjud va bu ko‘rsatkichlar bir-biridan farq qiladi. Jumladan, pastroq daromad topadigan aholi asosan kundalik ehtiyojlar va ta’limga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirsa, o‘rta va yuqori daromadli qatlamlarda sayohat, avtomobil xaridi va uy-joy bilan bog‘liq yirik xarajatlar ustunlik qiladi. Bu holat esa aholining moliyaviy holati yaxshilanayotganini va har bir inson o‘z ehtiyojiga mos ravishda xarajat qilayotganini ko‘rsatadi. Ammo shu o‘rinda xarajatlari kredit va maishiy to‘lovlardan ortmayotgan aholi ham yetarlicha. Natijada aholi topgan daromadini jamg‘arishga deyarli imkoni bo‘lmayapti.





