Kamar taqmaslikka ruxsat beruvchi tibbiy ma’lumotnomalar onlayn berila boshladi
Xizmat xavfsizlik kamarini taqishga to‘sqinlik qiluvchi kasallik tashxisi qo‘yilgan fuqarolar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u to‘liq bepul taqdim etiladi.

O‘zbekistonda avtotransport boshqaruvida xavfsizlik kamarini taqishga to‘sqinlik qiluvchi kasallikka chalingan fuqarolar uchun tibbiy ma’lumotnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn olish imkoniyati yaratildi. Mazkur yangilik fuqarolarni poliklinikalarda qayta-qayta qatnash, navbat kutish va ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos etishga qaratilgan.
Xizmat xavfsizlik kamarini taqishga to‘sqinlik qiluvchi kasallik tashxisi qo‘yilgan fuqarolar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u to‘liq bepul taqdim etiladi. Qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi. Foydalanuvchi my.gov.uz portali yoki mobil ilovasiga kirib, «Ma’lumotnomalar» bo‘limini tanlashi va hujjatni yuklab olishi mumkin.
Ma’lumotnomani olish tartibi va qoidalar
Ma’lumotnoma shakllanishi uchun fuqaro avval tibbiyot muassasasida shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi shart. Tibbiy xulosa elektron bazaga kiritilgach, hujjat portalda avtomatik ravishda shakllantiriladi. Ma’lumotnoma tibbiy xulosada ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi.
Ma’lumot uchun, Sog‘liqni saqlash vazirining 14-yanvardagi buyrug‘i bilan xavfsizlik kamarini taqish imkoni bo‘lmagan kasalliklar va holatlar ro‘yxati tasdiqlangan edi.
Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, haydovchi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarini majburiy tarzda taqishi lozim. Haydovchi yo‘lovchilarni kamar taqishga ogohlantirish majburiyatiga ega. Orka o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun bu talab shartli bo‘lib, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollar va sog‘lig‘i sabab kamar taqa olmaydigan shaxslar bundan mustasno. Xavfsizlik kamarini taqmaganlik holatida haydovchiga jarima qo‘llanadi va 2025 yil holatiga ko‘ra bu miqdor taxminan 206 000 so‘mni tashkil etadi.





