Juda xavfli o‘yin: Putin rus kemalariga bayroqni qaytarmoqda

15.02.2026 | 09:247 daqiqa

Dunyo energetika xaritasida o‘ta xatarli burilish yuz beryapti. Kreml o‘zining «yashirin floti»ni rus bayrog‘i ostiga o‘tkazmoqda. Yevropa Ittifoqi esa Rossiya neftiga qarshi dengiz qamalini o‘rnatishga tayyor. Ushbu qarama-qarshilik Rossiya va NATO o‘rtasida ochiq urushning boshlanishiga sabab bo‘ladimi?

Juda xavfli o‘yin: Putin rus kemalariga bayroqni qaytarmoqda

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Ukrainadagi urush yakunlansa, Rossiya neftidan sanksiyalar olib tashlanishini e’lon qildi. Xuddi yangi «yadroviy kelishuv» imzolangan taqdirda Erondan cheklovlar olinishi aytilgani kabi.

Biroq bunday «imkoniyat» yaqin orada tug‘ilmasligi mumkin. Rossiya-Ukraina muzokaralari hududiy masalalar va boshqa bir qator muammolar yechimsiz qolayotgani sababli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Hozircha esa Tramp ma’muriyati qat’iyat bilan Rossiyani jahon neft bozoridan shunchaki «siqib chiqarmoqda».

Bu masala Bayden ma’muriyati oldida ham ko‘ndalang turgan edi. Ammo o‘sha paytda narx atrofidagi vaziyat tufayli jiddiy xavotirlar bor edi: Rossiyaning bozordan siqib chiqarilishi narxlarning keskin oshib ketishiga (shok holatiga) olib kelishi va bundan AQSHning o‘zi ham zarar ko‘rishi mumkin edi.

Endi esa vaziyat o‘zgardi. Bu holat amerikalik va yevropalik sanksiya tashabbuskorlarida Rossiya neft eksportiga nisbatan qattiqqo‘lroq harakat qilish hamda qolgan-qutgan andishani ham yig‘ishtirib qo‘yish mumkinligiga ishonch uyg‘otdi.

Xalqaro energetika agentligi prognozlariga ko‘ra, joriy yilda dunyoda neftga bo‘lgan talab kutilganidan sekinroq o‘sadi. Ushbu tahlilga asosan, bu yil jahon bozorida neft taklifi talabdan sutkasiga 3,73 million barrelga oshib ketadi. Shu tariqa, profitsit (ortiqcha hajm) jahon talabining qariyb 4 foizini tashkil etadi.

E’tiborlisi shundaki, ushbu ko‘rsatkich Rossiyadan dengiz orqali eksport qilinadigan xom neft hajmiga deyarli tengdir. G‘arb sanksiyalarining asosiy zarbasi endi aynan shunga qaratilgan ko‘rinadi.

1

Amerika o‘tgan yili Rossiya neftining ikki yirik importchisidan biri — vaqti-vaqti bilan hatto birinchi o‘ringa ham chiqqan — Hindistonga zarba berishga qaror qildi.

Ukrainadagi urush boshlanishidan avval Hindiston bozorida Rossiya neftining ulushi 2 foizdan oshmas edi. Biroq 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 30 foizdan yuqoriladi (ayrim paytlarda 37 foizgacha yetdi; umuman olganda, Hindiston o‘zi iste’mol qiladigan xom neftning 85–90 foizini import qiladi). Hindiston Xitoy bilan bir qatorda Moskva uchun o‘ta daromadli hisoblangan Yevropa bozorining o‘rnini bosdi.

Biroq Hindiston va AQSH o‘rtasida uzoq hamda mashaqqatli muzokaralardan so‘ng erishilgan yangi savdo bitimi evaziga Vashington Dehlidan Rossiya energiya resurslaridan butunlay voz kechishni talab qildi.

Tramp Hindiston eksportiga qo‘yilgan bojlar bazaviy 25 foizdan 18 foizga tushirilishini e’lon qilar ekan (o‘tgan yilning avgustida aynan Rossiya nefti importi uchun «jazo» sifatida qo‘shimcha 50 foizlik boj kiritilgan edi), Nyu Dehli Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatish bo‘yicha majburiyat olganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston buning o‘rniga AQSH va, ehtimol, Venesueladan xarid hajmini sezilarli darajada oshiradi.

Biroq Hindiston rahbariyati hozircha Amerika bilan bunday kelishuvga erishilganini tasdiqlagani yo‘q. Bosh vazir Narendra Modi faqat AQSH boj miqdorini 18 foizgacha pasaytirganini tasdiqlash bilan cheklandi. Rasman Nyu Dehli Rossiya neft importini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bermagan. Ammo norasmiy darajada Moskva uchun noxush jarayonlar boshlangani sezilmoqda.

Turli manbalar qarama-qarshi ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Fevral va mart oylari uchun shartnomalar o‘z kuchida qolganga o‘xshaydi, biroq hindistonliklar yangi bitimlar tuzishga shoshilmayapti.

Statistika ham, o‘z navbatida, yetkazib berish hajmi qisqarayotganidan darak bermoqda. Har holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish bo‘yicha vaziyat shunday. Xususan, agar Nyu Dehli 2025 yil dekabrida Rossiyadan neft importini sutkasiga 1,2 mln barrelgacha qisqartirgan bo‘lsa (bu so‘nggi uch yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lgan), 2026 yil yanvariga kelib bu raqam 0,505 mln barrelgacha tushib ketdi (dekabrga nisbatan yarmidan ko‘proqqa kamayish).

Bu holat Rossiya xom neftining dengiz orqali umumiy eksporti barcha yo‘nalishlar bo‘yicha pasayishi fonida yuz berdi: dekabrga nisbatan eksport 11,3 foizga qisqarib, sutkasiga 3,4 mln barrelni tashkil etdi. Xitoyga sutkasiga 873 800 barrel neft yetkazib berilgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi hajm dekabrga nisbatan 36,6 foizga kamaygan.

E’tiborlisi shundaki, ayni vaqtda Singapurga yetkazib berish hajmi keskin — naq 154 foizga oshib, sutkasiga 500 ming barreldan oshgan. Katta ehtimol bilan, bu hajmlar keyinchalik qayta sotish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Singapur shunchaki logistika xabi vazifasini o‘tamoqda.

Ehtimol, «Singapur nefti»ning katta qismi keyinchalik aylanib o‘tib yana o‘sha Hindistonga borib tushgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, sanksiyalar bosimi tufayli Rossiya neftiga beriladigan chegirmalar keskin oshib ketdi. «Platts» agentligi baholashicha, yanvar oyida «Urals» markali neftning o‘rtacha narxi 31,28 dollarni (jahon bozoridagi bazaviy narx 60 dollardan yuqori bo‘lgan holda) tashkil etdi. Bu dekabrga nisbatan 12 foizga yuqori bo‘lsa-da, so‘nggi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkich — 63,33 dollardan ancha pastdir. Yanvar oyida chegirma miqdori dekabrdagi 27,81 dollardan 31,28 dollargacha oshdi.

2

Hindiston ommaviy axborot vositalari mamlakat faqat sanksiyaga tushmagan davlatlardan neft sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Ammo bu Rossiya neftining bir qismi vositachilar orqali mamlakatga kirib kelishda davom etishini istisno qilmaydi. Rossiya neftidan, ayniqsa, «LUKOIL» va «Rosneft» (ular Hindistonga asosiy yetkazib beruvchilar hisoblangan) kabi AQSH sanksiyalariga to‘liq tushmagan kompaniyalardan butunlay voz kechilishi dargumon. Bunga, jumladan, taklif qilinayotgan manfaatli chegirmalar sabab bo‘ladi. Garchi import hajmi keskin qisqarishi mumkin bo‘lsa-da. Xususan, Hindistonning «Nayara Energy» neftni qayta ishlash kompaniyasi Rossiya neftini sotib olishda davom etishi aniq. Chunki kompaniya aksiyalarining nazorat paketi Rossiya korxonalariga, shu jumladan, AQSH sanksiyalari ostidagi «Rosneft»ga tegishli. Shunday ekan, ular uchun buning «farqi yo‘q». Rossiya neftidan to‘liq voz kechish esa Nyu-Dehli uchun kamida 11 milliard dollarlik qo‘shimcha xarajat olib kelishi mumkin. Bu mamlakatning sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilgan butun federal budjetiga teng demakdir.

AQSHning «noqonuniy» (sanksiyaga uchragan) neft eksportiga, birinchi navbatda, Venesuela neftiga qarshi qat’iy harakatlari fonida (lekin bu choralar Rossiya manfaatlarini ko‘zlab yuk tashiydigan «yashirin flot» tankerlariga ham daxl qilmoqda) yevropaliklar ham faollashib qoldi. Tayyorlanayotgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketida ular neft eksportiga qarshi kurashda keskin qadam tashlash niyatida.

Jumladan, «yashirin flot» tarkibiga kiruvchi yana 43 ta kema «qora ro‘yxat»ga kiritiladi va natijada ularning umumiy soni 640 taga yetadi.

Rossiyaning «yashirin flot» uchun yangi tankerlar sotib olishini qiyinlashtirish hamda suyultirilgan gaz tankerlari va muzyorar kemalarga texnik va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatishni to‘liq taqiqlash taklif etilmoqda.

YI sanksiyalari tarixida ilk bor uchinchi mamlakatlardagi portlar ham cheklov ostiga tushadi. Bular Rossiya neftini yuklash va jo‘natishda ishtirok etgani aniqlangan Gruziyadagi Kulevi va Indoneziyadagi Karimun portlaridir. Ozarboyjonning «SOCAR» davlat kompaniyasiga tegishli Kulevi terminalidan «Russneft» foydalanadi. 2025 yil kuzida ushbu kompaniya neftining yillik quvvati 1,2 mln tonna bo‘lgan yangi Kulevi neftni qayta ishlash zavodiga ilk yetkazib berish amaliyoti bajarilgan edi. Karimun porti esa Janubi-Sharqiy Osiyoda neft mahsulotlari, jumladan, uchinchi davlatlarga qayta eksport qilish bo‘yicha eng muhim logistika markazlaridan biri sanaladi.

3

Eng muhimi — Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga narx chegarasini belgilash taktikasidan, uning samarasizligi tufayli voz kechishga qaror qildi (yaqinda bu chegara bir barrel uchun 44,10 dollar etib belgilangan edi). Buning o‘rniga Ittifoq Yevropa kompaniyalari uchun Rossiya neftini dengiz orqali tashishga to‘liq taqiq qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Hozircha yirik tanker flotiga ega bo‘lgan Gretsiya va Malta bunga qarshi chiqmoqda, biroq ularning uzoq vaqt qarshilik ko‘rsata olishi dargumon. Rossiya neftining dengiz orqali tashilishiga to‘liq taqiq qo‘yish talabini birinchi bo‘lib Shvetsiya va Finlandiya ilgari surdi. Ularning fikricha, bu chora rossiyalik eksportchilarning xarajatlarini sezilarli darajada oshiradi. Eslatib o‘tamiz, bunday talablar 2022 yilda ham yangragan edi, ammo u vaqtda bozordagi narx vaziyati butunlay boshqacha bo‘lgan.

Narx chegarasiga amal qilingan holda Yevropa treyderlari, kema egalari va sug‘urtachilariga Rossiya nefti savdosida qonuniy ishtirok etishga ruxsat berilgandi — faqat buning uchun neft narxi belgilangan darajadan past bo‘lishi shart edi. Natijada Boltiq dengizidagi Rossiya neft eksportining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i «qonuniy» tankerlar orqali, qolgan qismi esa «yashirin flot» yordamida tashilar edi. Endilikda «yashirin tashuvlar» hajmi keskin ortishi turgan gap. Yevropaliklar oldida esa o‘ta qat’iy sanksiyalarni tatbiq etish, aniqrog‘i, Rossiya neft savdosiga nisbatan o‘ziga xos dengiz qamalini o‘rnatish vazifasi turibdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Boltiq va Shimoliy dengizlarga chiqish yo‘liga ega bo‘lgan Yevropaning o‘ndan ortiq mamlakati qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Unda xalqaro huquqqa qat’iy rioya etish haqidagi chaqiriqlar niqobi ostida, aslida, Rossiya manfaatlarini ko‘zlab yuk tashiydigan kemalarga nisbatan qaroqchilik harakatlarini boshlash niyati yaqqol sezilib turardi.

«Yashirin flot» kemalarini ta’qib qilish va hibsga olish uchun BMTning Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasida savdo kemasini ushlash uchun asos sifatida ko‘rsatilgan «kemaning milliy mansubligi aniqlanmagani yoki uning yo‘qligi» kabi bandlar bahona qilinishi mumkin. Holbuki, bunday choralar odatda qurol-yarog‘ tashish, kontrabanda, giyohvandlik moddalari savdosi va o‘zga qirg‘oqlar yaqinida noqonuniy radioeshittirishlarni amalga oshirish kabi holatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, so‘nggi haftalarda Moskva «yashirin flot» kemalarini faol ravishda o‘z yurisdiksiyasiga o‘tkazmoqda. Agar jarayon shu sur’atda davom etsa, yaqin orada Rossiya neft eksportining asosiy qismi bevosita Rossiya bayrog‘i ostidagi tankerlarda tashiladigan bo‘ladi.

Ana shunday vaziyatda yevropaliklarning ushbu kemalarga nisbatan tajovuzkor harakatlari o‘ta xavfli o‘yinga aylanib, Rossiya va NATO o‘rtasida keng ko‘lamli urushning boshlanib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid