Logo

Nasiya bozori Markaziy bank nazoratiga o‘tadi

Bugun 13:155 daqiqa

2027 yildan muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar Markaziy bank reyestriga kiradi, mijozning qarz yukini tekshiradi va shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga uzatadi. Shartnoma muddati 12 oy bilan cheklanadi. Muddatli to‘lov orqali ko‘chmas mulk obyektlari savdosi to‘xtatiladi.

Nasiya bozori Markaziy bank nazoratiga o‘tadi © sun'iy intelekt

Prezidentning 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan shu paytgacha yagona moliyaviy nazorat doirasidan tashqarida rivojlangan nasiya savdo bozori alohida tartibga olinmoqda.

Banklar va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari, aholiga muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar “muddatli to‘lov xizmati operatori” deb e’tirof etiladi.

Ular 2027 yil 1-yanvardan Markaziy bank shakllantiradigan reyestrga kirgandan keyingina bunday xizmatni ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari reyestrga regulyatorni xabardor qilish, boshqa kompaniyalar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali kiritiladi.

2025 yil boshida portfelning 5,7 trln so‘mi bank va mikromoliya tashkilotlaridan tashqarida bo‘lgan

Nasiya bozorining eng so‘nggi ochiqlangan umumiy hajmi 2025 yil boshiga tegishli. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning Senatga bergan hisobotiga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvar holatida ushbu segmentdagi kredit portfeli 8,5 trln so‘mga yetgan.

Portfelning 67 foizi tadbirkorlik subyektlari, 26 foizi ikkita mikromoliya tashkiloti va 7 foizi tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu hisobda qariyb 5,7 trln so‘mlik qarz banklar va litsenziyalangan mikromoliya tashkilotlaridan tashqaridagi bizneslar orqali shakllangan. Yangi nazorat tizimi, avvalo, bozorning shu qismiga qaratilgan.

Markaziy bank saytida 2025 yilda e’lon qilingan nasiya bozori tahlili muammoning boshqa tomonini ham ko‘rsatadi. Kredit-axborot tahliliy markazi bilan shartnoma tuzgan chakana savdo korxonalari soni o‘sha paytda 307 ta bo‘lgan. Bu raqam faqat kredit byurosiga ulangan korxonalarni qamrab oladi, bozorning qolgan qismi bo‘yicha esa to‘liq ma’lumot bo‘lmagan.

Regulyator o‘rgangan ikki nasiya tashkilotida 2024 yilda 1,9 mln mijoz bo‘lgan. Ularning 777,5 ming nafari nasiya qarzidan tashqari bank krediti bo‘yicha ham majburiyatga ega edi. Yana 82 ming mijozning har biriga o‘ntadan ortiq nasiya shartnomasi to‘g‘ri kelgan.

Bu raqamlar butun bozorni emas, asosan mikromoliya tashkilotlari orqali moliyalashtiriladigan segmentning katta qismini qamrab oladi. Shunga qaramay, ular nasiyadagi majburiyatlar banklarga ko‘rinmasligi qarz oluvchining haqiqiy moliyaviy holatini baholashni qiyinlashtirganini ko‘rsatadi.

Nasiya olishda qarz yuki ham tekshiriladi

Yangi tartib bo‘yicha operatorlar mijozni raqamli identifikatsiya va verifikatsiyadan o‘tkazishi shart. Barcha muddatli to‘lov shartnomalari va ularning ijrosi haqida kredit byurolari bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Operator nasiya ajratishdan oldin Markaziy bank belgilaydigan qarz yuki ko‘rsatkichining eng yuqori chegarasiga ham rioya qilishi kerak. Natijada bank mijozga kredit berayotganda uning boshqa platformalardagi nasiya qarzlarini ham ko‘rishi, nasiya kompaniyasi esa mijozning bank kreditlarini hisobga olishi kutilmoqda.

Talab faqat alohida nasiya platformalariga taalluqli emas. Choraklik savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan va tushumining kamida yarmi bo‘lib to‘lash hissasiga to‘g‘ri keladigan tovar iste’mol krediti beruvchi tashkilotlar ham hisob ro‘yxatidan o‘tib, reyestrga kirishi kerak.

Operatorlarga moliyaviy iste’mol krediti berish va jismoniy shaxslardan pul jalb qilish taqiqlanadi. Ular shartnomalar bo‘yicha talab qilish huquqini faqat boshqa muddatli to‘lov operatori, mikromoliya tashkiloti yoki bankka o‘tkazishi mumkin.

Eng katta o‘zgarish summa emas, muddatda bo‘lishi mumkin

Muddatli to‘lov asosida sotiladigan tovar, ish yoki xizmat qiymati 250 BHMdan oshmasligi kerak. 2026 yil 1-sentabrdan BHM 440 ming so‘m etib belgilanganini hisobga olsak, bu hozirgi hisobda 110 mln so‘mga teng. BHM keyinchalik o‘zgarsa, limit ham shunga mos ravishda o‘zgaradi.

Yirik nasiya platformalarining amaldagi limitlari bundan ancha past. Masalan, Uzum Nasiya 25 mln so‘mgacha va 12 oygacha, Alif esa 33 mln so‘mgacha va 3 oydan 36 oygacha muddatli to‘lovni taklif qilmoqda.

Shu sababli 110 mln so‘mlik summa chegarasidan ko‘ra, shartnomaning eng uzoq muddati 12 oy etib belgilanishi bozorga kuchliroq ta’sir qilishi mumkin.

Agar 12 oydan uzun amaldagi tariflar yangi qarordagi “muddatli to‘lov xizmati” toifasiga kirsa, ular qisqartirilishi yoki boshqa turdagi litsenziyalangan kredit mahsuloti sifatida qayta tuzilishi mumkin. Buning aniq tartibi keyingi normativ hujjatlarga bog‘liq.

Bundan tashqari, ko‘chmas mulk muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Iste’molchi qarzni istalgan paytda to‘liq yoki qisman, qo‘shimcha jarima, penya va komissiyasiz muddatidan oldin yopish huquqiga ega bo‘ladi.

50 foizlik chegara nasiyani avtomatik arzonlashtirmaydi

Qaror operatorlardan komissiya, ustama va yakuniy narxga kiritiladigan boshqa to‘lovlarni shartnomada alohida ko‘rsatishni talab qiladi.

Asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar — vositachilik haqi, jarima, penya va boshqa choralar yig‘indisi yillik hisobda muddatli to‘lov summasining 50 foizidan oshmasligi kerak.

Biroq bu chegara bozordagi ko‘plab amaldagi takliflarni keskin arzonlashtiradigan darajada past emas.

Markaziy bank 2024 yil dekabridagi narxlar asosida iPhone 16 Pro Max telefonini 12 oyga nasiya va bank krediti orqali olish xarajatlarini taqqoslagandi.

photo_2026-08-17_12-41-31

Tanlangan do‘kon va platformalarda nasiyadagi oddiy ustama 27,3 foizdan 44,3 foizgacha, o‘rtacha 39,6 foizni tashkil etgan. To‘lov oqimi bank krediti stavkasiga tenglashtirilganda esa haqiqiy yillik qiymat 47,1–73,8 foiz oralig‘ida chiqqan.

Taqqoslash uchun, xuddi shu tovarni bankning mikrokrediti, mikroqarzi yoki overdrafti orqali olishdagi ortiqcha to‘lov 14–23 foiz atrofida bo‘lgan. Alohida bir do‘konda esa boshlang‘ich to‘lov bilan 12 oylik nasiya ustamasi 51,9 foizga yetgan.

Demak, yangi 50 foizlik chegara 51,9 foizlik kabi eng qimmat holatlarni cheklaydi. Ammo Markaziy bank tanlanmasidagi aksariyat takliflar nominal ustama bo‘yicha allaqachon shu chegaradan past bo‘lgan. Shu sababli qarorning asosiy ta’siri narxni birdan tushirishdan ko‘ra, naqd narx, ustama va yakuniy to‘lovni bir-biridan ajratib ko‘rsatishda bo‘lishi mumkin.

Hozircha e’lon qilingan qisqa ma’lumotda bank kreditlaridagi kabi yagona yillik samarali stavkani ko‘rsatish talabi alohida qayd etilmagan.

Yangi qaror nasiyani oddiy savdo usuli emas, kreditga o‘xshash moliyaviy majburiyat sifatida nazoratga olmoqda. Eng katta o‘zgarish kompaniyalarning reyestrga kirishida emas, xaridorning haqiqiy qarzi va tovarning haqiqiy narxi ko‘rinadigan bo‘lishida.

Teglar

Mavzuga oid