Logo

O‘zbekistonda ekstremistik materiallarni birinchi marta tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinmoqda

Bugun 19:232 daqiqa

Shuningdek, qonunchilikdagi «diniy ekstremizm» atamasi umumiy «ekstremizm» so‘zi bilan almashtirilmoqda.

O‘zbekistonda ekstremistik materiallarni birinchi marta tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinmoqda

O‘zbekistonda ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni birinchi marta tayyorlagan, saqlagan yoki tarqatgan shaxslar endi jinoiy emas, balki ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Oliy Majlis Senati ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati ma’lum qildi.

Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtiriladi.

«Xususan, bunday harakatlarni birinchi marta sodir etganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik bekor qilinib, ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda, takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi qayd etilmoqda», — deyiladi rasmiy xabarda.

Ekstremizm ta’rifi sakkiz turdagi harakatlar bilan cheklanadi

Shuningdek, hujjat doirasida «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun ham takomillashtirilib, unda ekstremizm tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda. Qonunchilikdagi «diniy ekstremizm» atamasi umumiy «ekstremizm» so‘zi bilan almashtiriladi.

Bu huquqni qo‘llash amaliyotida yagona huquqiy yondashuvni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Qonunda ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reyestrini yuritish, xavf-xatarlarni monitoring qilish va baholashning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish, internet va ommaviy axborot vositalarida bunday g‘oyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar joriy etilmoqda. Ekstremizmga oid jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish tartibi ham takomillashtirilishi belgilangan.

Majlisda bugungi kunda ekstremizmning shakl va ko‘rinishlari tobora o‘zgarib, uning xavfi faqat diniy emas, balki boshqa ekstremistik g‘oya va harakatlar orqali ham namoyon bo‘layotgani, shu munosabat bilan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zarurati yuzaga kelgani ta’kidlandi.

Senatorlarning qayd etishicha, mazkur qonun ekstremizmga qarshi kurashish sohasida inson huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash o‘rtasidagi huquqiy muvozanatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Muhokamalar yakuni bo‘yicha senatorlar qonunni ma’qulladi.

Teglar

Mavzuga oid