Logo

Prokuror 6 yil qamoq so‘radi. «Sirojiddin Media» sudidan reportaj

Bugun 12:252 daqiqa

«Sirojiddin Media» nomi bilan tanilgan Sirojiddin Odilovga oid sud jarayoni hal qiluv pallasiga yetib kelmoqda. 11-avgust kuni JIB Jizzax shahrida davom etayotgan mazkur ishda taraflar muzokarasi bo‘lib o‘tdi. Himoyachilar va sudlanuvchi nutqi tinglandi. Ular suddan oqlov, prokuror esa 6 yil qamoq jazosini so‘radi.

Muzokarada dastlab prokuror Nodir Jafarov nutq qildi. Davlat ayblovchisi sudlanuvchi Sirojiddin Odilovni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran sodir etilgan tovlamachilik)da; 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlari (takroran, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, suddan unga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘radi. Shuningdek, sudlanuvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosini so‘radi.

Sudlanuvchining advokatlari muzokara nutqida Sirojiddin Odilovga nisbatan bo‘layotgan holatlar uyushtirilganini, buni jabrlanuvchilar ham o‘z ko‘rsatmalarida tasdiqlaganini, qolaversa, sudlanuvchi xonadonida o‘tkazilgan tintuv ham noqonuniy ravishda amalga oshirilganini bildirdi. Jamoat himoyachisi Abdurahmon Tashanov suddan vijdonan, qonunan hukm chiqarishni so‘radi. Himoyachi Hamidov o‘z nutqida sudlanuvchiga qo‘yilgan 6 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topish kerakligini aytdi. Himoyachilarning barchasi Odilovni aybdor deb topishga dalillar yo‘qligini hisobga olib, sudlanuvchini to‘liq oqlashni so‘radi.

Sudlanuvchi muzokara nutqida prokurordan 6 yil qamoq jazosi so‘rashini kutmaganini, suddan adolatni hukm chiqarishni so‘radi.

Sirojiddin Odilov so‘nggi so‘zida ziyoli oilada voyaga yetgani, uyida birovni haqqini yema deb tarbiya berilganini aytdi.

Sudlanuvchining so‘nggi so‘zidan keyin sudya Sanjarbek Rasulov qaror qabul qilish uchun maslahatxonaga kirdi. Sudda 13-avgust kuni hukm chiqishi kutilmoqda.

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator va montajchi: Elyor Murtozoqulov

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 37

Barchasi

Mavzuga oid