Aholi qarz yukining ortib borayotgani «tashvishli holat» — Markaziy bank
Olti yilda aholining banklar oldidagi qarzi besh barobardan ziyod oshdi. Regulyator esa asosiy xavf kreditlashning o‘zida emas, balki fuqarolarning qarzlarni uzish qobiliyatida ekanini aytdi.

Markaziy bank aholining qarz yuki ortib borayotganini «haqiqatdan ham tashvishli holat» deb baholadi. Regulyator vakili Sanjar Nosirov 7-avgust kuni Senatda kredit va mikroqarzlar reklamasida moliyaviy xavflar haqida majburiy ogohlantirishlarni joriy etish masalasi muhokama qilingan yig‘ilishda bu haqda ma’lum qildi.
Senator Husan Ermatovning aytishicha, so‘nggi bir yilda aholiga ajratilgan kreditlar 21,2 foizga oshgan. Tadbirkorlarning qarzdorligi ham 12 foizga ko‘paygan. Aholining banklar oldidagi qarzi esa olti yilda besh barobardan ziyod oshib, 231 trln so‘mga yetgan.
Ermatov Markaziy bank vakilidan kredit reklamasida xavflar haqida majburiy ogohlantirish qarz yukining o‘sishini qanchalik cheklashi mumkinligi va bu borada tadqiqotlar o‘tkazilgani haqida so‘radi.
Nosirov bunga javoban: «Juda to‘g‘ri ta’kidladingiz. Bu haqiqatdan ham tashvishli holat. Oxirgi yillarda shunday o‘sish kuzatildi», — dedi.
Asosiy xavf nimada?
Markaziy bank vakili kreditlar hajmining o‘sishiga bir tomonlama salbiy baho berib bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘sishning bir qismi aholining bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaygani va avval qondirilmagan kredit talabining mavjud bo‘lgani bilan bog‘liq.
Biroq regulyator uchun asosiy masala kreditlarning qanchaga ko‘paygani emas. Markaziy bank aholining olingan qarzlarga xizmat ko‘rsatish, ya’ni ularni o‘z vaqtida qaytarish imkoniyatidan ko‘proq xavotirda.
«Asosiy xavotirlarimiz raqamlarning o‘zi o‘sayotgani bilan emas, ko‘proq qarz yukining ortib borayotgani, aholi ushbu qarzga xizmat ko‘rsatishga qanchalik qodirligi bilan bog‘liq. Aynan mana shu ko‘rsatkichlarning o‘sishi bizni ko‘proq tashvishga solmoqda», — dedi Nosirov.
Regulyator bu xavfni cheklash uchun bir qator me’yorlarni joriy qilgan. Jumladan, qarzga xizmat ko‘rsatish koeffitsiyenti 50 foiz etib belgilangan. Ya’ni fuqaro oylik daromadining ko‘pi bilan yarmini kredit to‘lovlariga sarflashi kerak.
Bundan tashqari, yil boshidan qarz summasining daromadga nisbati bo‘yicha ham cheklov amal qila boshladi. Rasmiy daromadi tasdiqlangan shaxsga kredit miqdori uning daromadining 8 baravaridan, norasmiy daromadda esa 5 baravaridan oshmasligi kerak.
Qarz yuki qanchalik katta?
Senatdagi muhokama davomida senator Rustam Xalmuradov Markaziy bankning 2025 yil birinchi yarmidagi moliyaviy barqarorlik materiallariga tayanib, aholi qarzdorligiga oid boshqa ko‘rsatkichlarni ham keltirdi.
Uning aytishicha, aholi qarz majburiyatlarining 93 foizi bank kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qarz yuki ko‘rsatkichi 78 foizni tashkil etgan va bu 2024-yilga nisbatan 18 foizga yuqori.
2026-yil 1-fevral holatiga 9,3 million qarz oluvchida umumiy 610 trln so‘mlik kredit qarzdorligi mavjud bo‘lgan. Ular orasida 376 mingta kredit shartnomasi bo‘yicha qarzdorlik muammoli kreditlar toifasiga o‘tgan.
Markaziy bankning 2025-yil iyul oyida o‘tkazgan so‘rovnomasi ham aholining qarz yuki yuqori ekanini ko‘rsatgan. Respondentlarning 73 foizi bank yoki nobank tashkilotlar oldida qarzi borligini bildirgan. Ularning 61 foizi qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytgan.
Jismoniy shaxslarning umumiy o‘rtacha qarz yuki 50 foizni tashkil etgan. Bu 2024 yilga nisbatan 16 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.
Reklama cheklovi yechim emas
Senatda muhokama qilingan o‘zgartishlar kredit va mikroqarzlar reklamasida moliyaviy tavakkalchiliklar haqida majburiy ogohlantirishni nazarda tutadi. Biroq Markaziy bank bu choraning o‘zi qarz yuki muammosini hal qilmasligini ta’kidladi.
«Ushbu mexanizm qarz yukini bevosita to‘xtatib qolmaydi, lekin odamlarning xabardorligi va mas’uliyatini oshiradi. Bu reklama orqali chalg‘itishning oldini olishga hamda odamlarni ongli qarorlar qabul qilishga undashga yordam beradi», — dedi Nosirov.
Markaziy bank vakili bunday yondashuv aholi va banklar o‘rtasida mas’uliyatli kreditlash madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishiga umid bildirdi. Uning ta’kidlashicha, taklifni tayyorlashda Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyadagi amaliyot ham o‘rganilgan.
Ushbu davlatlarda kredit reklamasidagi ogohlantirishlarga o‘xshash choralar kredit bozori faolligi keskin pasaymagan holda qarzga xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi va muddati o‘tgan qarzdorlikning kamayishi bilan kechgan.
Shu tariqa, Markaziy bank uchun masala aholiga kredit berishni to‘xtatishda emas, balki qarz olayotgan fuqaroning uni qaytarish imkoniyatini ta’minlashda. Qarzlar hajmi o‘sib borayotgan sharoitda regulyatorning asosiy e’tibori ham aynan aholining qarzga xizmat ko‘rsatish qobiliyatiga qaratilmoqda.





